O‘zbekiston | 20:13 / 31.03.2020
8717
2 daqiqa o‘qiladi

Karantin davrida ehtiyojmand oilalarga qanday yordam ko‘rsatilayotgani ma'lum qilindi

Xayriya tadbirlari uchun 6,6 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.

Foto : KUN.UZ

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi karantin davrida keksalar, nogironlar va ehtiyojmand oilalarning ijtimoiy himoyasi yuzasidan ko‘rilayotgan choralar haqida ma'lumot berdi.

Vazirlik matbuot kotibi Saodat Boymirzayevaning ma'lum qilishicha, karantin davri avvalida moddiy yordamga ehtiyojmand oilalar ro‘yxati shakllantirilgan bo‘lib, bu jarayon hozir ham davom etmoqda.

«Karantin davri boshidan hozirga qadar 2944 nafar ehtiyojmand oilaga tegishli yordamlar ko‘rsatildi. Jami 63974ta moddiy ko‘mak uchun 6,6 mlrd so‘m mablag‘ sarflandi», deya Saodat Boymirzayevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

31 mart kuni o‘tkazilgan brifingda ma'lum qilinishicha, karantin davrida uyda qolish talab etilayotgani bois oilalarga tomorqadan foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilmoqda.

Vazirlik vakili keksalarning uydan chiqmasliklari uchun amaliy choralar ko‘rilayotganini qayd etdi.

«Keksa va nogironlarning zaruratsiz uydan chiqmasliklarini ta'minlash uchun ularning 40039 nafariga oziq-ovqat mahsulotlari, 101310 nafariga nafaqalari yashash manziliga yetkazib berildi.

Yolg‘iz yashovchi, qarovga muhtoj keksa va nogironlarning osh-ovqati, dori-darmonidan xabardor bo‘lish uchun mahalla xodimlari, qo‘ni-qo‘shnilar jalb etilgan», – dedi Saodat Boymirzayeva.

Mavzuga oid