O‘zbekiston | 16:15 / 02.04.2020
24706
4 daqiqa o‘qiladi

Yolg‘iz kishilarning holi nima kechyapti?

Hozirgi vaziyat – ijtimoiy mexanizmlarimiz qay darajada insonga xizmat qilishga qaratilganiga baho berish imkoniyatini beradi.

Foto: Getty Images

Koronavirus xavfi munosabati bilan ko‘rilayotgan karantin choralari ijtimoiy holatga turfa ta'sir o‘tkazadi, albatta. Bu ta'sirning salbiy taraflarini kamaytirish – minimizatsiya qilish bo‘yicha ham choralar ko‘rilmoqda. Kutilmaganda kelib qolgan yangi voqelik yangi, davlat va jamiyat uchun (har holda hozirgi davlat va jamiyat uchun) notanish bo‘lgan tadbirlarni o‘tkazishni taqozo qilyapti.

Karantin holatining salbiy oqibatlarini kamaytirish – o‘sha oqibatlarga ta'sirchan toifalarni aniqlash ishi bilan chambarchas bog‘liqdir. Va, tabiiyki, bu ro‘yxatning birinchi qatorlariga eng ta'sirchan ijtimoiy qatlamlarni qo‘yish kerak bo‘ladi.

Biz duch kelib turgan vaziyat shundayki, bunday tahlilni tez, deyarlik bir lahzada amalga oshirib, ishga kirishish kerak – bir soniya ham g‘animat. Nega?

Karantin holatida bir qancha toifalarning ijtimoiy holati zarba ostida qoladi, desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Ammo bu hammasi emas – ba'zi toifalarning hatto hayoti xavf ostida qolishi mumkin. Bular – qarovsiz qolgan keksalar, nogironlar – o‘ta ijtimoiy zaif, nomobil guruh. Karantindek favqulodda holatda bu insonlar harakatlanishga qo‘yilgan cheklovlar sababidan o‘z qarovchilaridan qo‘qqisdan ajralib qolishlari, natijada, qarovsiz qolib ketishlari mumkin. Bu esa qarovga muhtoj insonlarning hayotini xavf ostiga qo‘yib qo‘yadi.

Inchunun, karantin holatining salbiy ta'sirini kamaytirish chora-tadbirlarining birinchi o‘rinda turadigan yo‘nalishlaridan biri qilib o‘ta tezkor tarzda mazkur toifa kishilarni aniqlash va holatini nazoratga olish deb belgilash kerak bo‘ladi. Va bu ishni paysalga solib bo‘lmaydi – o‘ta tezkor harakatlar zarur.

Mazkur tadbirlarni o‘tkazishda tayyorlangan (instruksiyalangan va kerakli vositalar bilan ta'minlangan) ko‘ngillilarni (volontyorlarni) jalb qilish, ularning shijoatidan unumli foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi – bunday holatda har bir ijobiy omildan foydalanmoq zarur. Holat shuni taqozo qiladi.

Har bir mahalla raisining faoliyati volontyor kuchlar bilan quvvatlansa, ishlar birgalikda amalga oshirilsa, ayni muddao bo‘ladi.

Vijdon chaqirig‘i bilan harakatga keladigan volontyorlik harakatlaridan favqulodda holatlarda ko‘plab bor foydalanilgan.   

Yuqumli kasallikning jamiyatga qiladigan tahdidi o‘zining salbiy yuklamasidan tashqari ba'zi ijobiy ta'sirlariga ega. Ijtimoiy institutlarning nuqsonlarini ochib berishi – shular jumlasidan.

Biz hozir ijtimoiy tuzilmalarimiz, ijtimoiy mexanizmlarimiz qay darajada insonga xizmat qilishga qaratilganini tahlil qilsak bo‘ladi.

Ammo bu tahlilni keyin qilamiz, hozir – yolg‘iz qolgan keksa va nogironlarni zudlik bilan aniqlashimiz va holatini jamiyat nazorati ostiga olishimiz darkor. Vaqt g‘animat.

Shokir Sharipov

Mavzuga oid