Prinsiplarni o‘zgartirish kerak

Eron ayni damda Hasan Ruhoniy hukumati hokimiyat tepasiga kelgan paytdagidan (2013 yil) keskin farq qiladi. Ortda qolgan yillar shuni ko‘rsatmoqdaki, Ruhoniy ko‘plab masalalarda «B» rejasini tuzib qo‘ymagan. Buning asosiy sababi esa uning tizim ichida harakatlar sohasini cheklovchi to‘siqlarga duch kelganidir. Ayni dam uning harakatchan prezident emasligi va Mahmud Ahmadinajotning ortidan borishi kabi kamchiliklarini bir chetga qo‘yib turish, ehtimol, to‘g‘ri bo‘lar. Ammo vaziyat shuni taqozo qilmoqdaki, Eron ko‘p sohalarda o‘z munosabat va prinsiplarini o‘zgartirishi lozim.

Qora bulutlar quyuqlashib bormoqda

Yangi turdagi koronavirus tarqalishi ufqdagi qora bulutlarni yanada quyuqlashtirib yubordi. Shubhasiz, mazkur vaziyatda sharoitga moslashuvchanlik qobiliyatiga ega bo‘lganlargina «yashab» qolishi mumkin. Chunki turli o‘lchamdagi bo‘hronlarning bir vaqtning o‘zida yuzaga kelishi hukumatlardan tezkor, ayni paytda, ortidan katta muammolar keltirib chiqarmaydigan choralar ko‘rishni talab qilmoqda.

Mamlakat va chet elda sodir bo‘layotgan so‘nggi voqealar Eron kelajagi xususida bir fikr aytish imkonini bermoqda. 2009 yildagi «Yashil Harakat» va undan biroz o‘tgach, Yaqin Sharqda yuzaga kelgan o‘zgarishlar ortidan kritik jarayonga kirgan Tehron ma'muriyati hozirda o‘z qarshisidan chiqqan «dovon»ni qisqa muddat ichida bosib o‘tolmaydigandek, nazarimizda. Zotan, mamlakatdagi siyosiy tizimning tuzilishi ham ushbu jarayonni boshqarishga imkon bermaydi.

Muammo faqat sanksiyalar bilan bog‘liqmi?

2020 yilning dastlabki kunlarida Islom inqilobi muhofizlarining Al-Quds bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniyning amerikalik harbiylar tomonidan o‘ldirilishi natijasida yuzaga kelgan vaziyat Eronning tartibsiz qiyofasini namoyon etdi. Davlatning ehtimoliy xatarlarni hisobga olgan holda, suiqasdga harbiy hujum bilan javob bergani tushunarli hol, albatta. Ammo bundan keyin sodir bo‘lgan voqealar rivoji tamoman izdan chiqib ketdi.

Birinchidan, Sulaymoniyning dafn marosimi vaqtida yuzaga kelgan tiqilinchlar o‘nlab odamlar hayotiga zomin bo‘ldi. Qolaversa, Eron 8 yanvar kuni AQShning Iroqdagi bazalariga raketa hujumi uyushtirish vaqtida ro‘y bergan xatolik tufayli Tehron xalqaro aeroportidan parvoz qilgan Ukraina samolyotini urib tushirdi. Natijada samolyot bortidagi 176 kishi halok bo‘ldi.

Endi esa Tehron ma'muriyatining Sovid-19 pandemiyasiga qarshi chora ko‘rishga juda kech qolgani tufayli bugun 50 mingdan ortiq kishi kasallikka chalindi, ulardan 3 ming 160 nafari vafot etdi.