Begonalar bilan gaplashish taqiqlangan makon: «Usta va Margarita» voqealari boshlangan xiyobondan fotoreportaj
«Bahor kunlarining birida, dim oqshom chog‘ida, Moskvadagi Patriarx ko‘li xiyobonida ikki kishi paydo bo‘ldi...». Bu jumlalar bilan qaysi mashhur asar boshlanishini eslagandirsiz. Ha, rus adabiyotining zabardast vakili Mixail Bulgakovning «Usta va Margarita» asari. Bugun mana shu o‘lmas asarni eslashga qaror qildik.
Gyotening Faust asaridan ta'sirlanib yozilgan bu roman jahon adabiyotining o‘lmas asarlari qatorida tilga olinadi. Romanning bosh g‘oyasi — e'tiqod. Unda Yaratganning borligini rad etadigan jamiyat tanazzulga yuz tutishi mahorat bilan hikoya qilingan.
Asar voqealari Moskvadagi Patriarx ko‘lida boshlanadi. Inson ko‘rinishida Yerga tushgan iblis xiyobonda ikki ijodkor (Mixail Berlioz va Ivan Bezdomniy) Iso alayhissalom aslida umuman mavjud bo‘lmagani haqida gaplashayotganini eshitib qoladi va ular bilan bahsga kirishadi. O‘zini Voland sharifli tarixchi va sehr-jodu bo‘yicha mutaxassis sifatida tanishtirgan iblis xotirjamlik bilan ijodkorlarni mot qiladi:
— Suhbatingiz mavzusi menga qiziq tuyuldi. Qo‘shilsam maylimi?
— Marhamat, — deyishadi yozuvchilar begona odamning qo‘rsligidan ajablanib.
— To‘g‘ri eshitgan bo‘lsam, siz hozirgina Iso (a.s) dunyoga kelmagan deb aytdingizmi?
— Ha, aynan shunday dedik.
— Sinchkovlik uchun uzr, siz hali Xudoning borligiga ham ishonmassiz? Ishoning, bu gapingizni sir saqlashga so‘z beraman.
— Ha, biz Xudoga ishonmaymiz va bu haqda bemalol oshkora gapirish mumkin.
— Voajab! Unda, ayting-chi, Xudo bo‘lmasa, dunyoni kim boshqarmoqda?
— Insonning o‘zi, tabiiyki.
— Iya, o‘zini-o‘zi boshqara olmaydigan inson qanaqasiga dunyoni boshqarishi mumkin? Bu uchun kamida ming yillik reja kerak-ku?! Siz, masalan, bugun kechasi nima qilishingizni bilmaysiz.
— Nega endi, bilaman. Hozir uyga boraman, keyin kechasi MASSOLITda majlis bor, men unda raislik qilaman. Agar boshimga g‘isht tushib ketmasa, — deb kuladi Berlioz.
— Kechirasiz, g‘isht hech qachon sababsiz birovning boshiga tushmaydi. Keyin siz, qo‘rqmang, boshingizga g‘isht tushib o‘lmaysiz.
— Qanday o‘laman sir bo‘lmasa?
— Boshingizni olishadi. Bu ishni rus qizi qiladi...
Xullas, bu muhokama oxirida Xudo yo‘qligini isbotlashga uringan Berlioz sirpanib tramvay yo‘liga yiqiladi va g‘ildirak uning boshini kesib ketadi. Tramvay rulida esa ayol kishi bo‘ladi... Shu tariqa iblisning ilk bashorati to‘g‘ri chiqib u «Moskvaning oyog‘ini osmondan qilishni boshlaydi».
Asarning bosh qahramonlari Usta va Margarita keyinroq paydo bo‘lishadi, ammo ular haqida aytib bermoqchi emasmiz. O‘ta real tarzda tasvirlangan fantastika, aql bovar qilmas ishq qissasi, keti ko‘rinmaydigan ijtimoiy muammolar I va XX asrdagi voqealar paralelligi mahorat bilan hikoya qilingan «Usta va Margarita» romanini karantin vaqtida o‘qib chiqishingizni tavsiya qilamiz. Ishoning, bu asar shunchalik qiziqarliki, uni o‘qishga kirishsangiz, boshingizni ko‘tara olmay qolasiz.
Moskvaga xizmat safarimiz vaqtida «Usta va Margarita» voqealari boshlangan o‘sha mashhur Patriarx ko‘liga bordik. U yerdan reportaj tayyorladikki, suratlarni ko‘rib romanni mutolaa qilgan o‘quvchilarimiz bir lahza bo‘lsa-da kitob voqealarining ichiga kirgandek hissiyot tuyishsin.
«Usta va Margarita» romani juda tez mashhurlikka erishadi. Undagi har bir detal asar muxlislari orasida muhokama qilinadi. Masalan, qora mushuk ko‘rganlar bevosita romandagi Begemotni eslaydi. Bulgakovning uy muzeyida ham aynan Begemot «sharafiga» qora mushuk saqlanadi. Uni minglab qora mushuklar orasidan saralab olishgan.
Asar sabab Patriarx ko‘li va uning oldidagi xiyobon ham mashhur bo‘lib ketadi. Xiyobonda «Begonalar bilan gaplashish taqiqlanadi» yozuvli belgi ham paydo bo‘ladi. Bu ajoyib belgini xiyobonni ikki aylanib ham topa olmadik, keyin bilsak uni o‘g‘irlab ketishgan ekan. Balki hozir joyiga qo‘yishgandir. Rossiyaliklarning aytishicha, bu xiyobonda romandagi kayfiyat saqlanib qolgan. U yerga borgan odam qandaydir jiddiy tortib, mulohazaga botadi.
1999 yil Mixail Bulgakovning boy muxlislaridan biri Patriarx xiyobonida adibning haykalini o‘rnatishga ruxsat olib tanlov e'lon qiladi. Ammo odamlarning noroziligi sabab yodkorlik o‘rnatilmaydi. Shunday bo‘lsa-da, bu xiyobon xalq orasida Bulgakov xiyoboni deb ataladi.
Bu Moskvadagi eng namunali dam oladigan joylardan biri. U yer doim tozalab turiladi va ko‘lda baliq, oqqushlar yashaydi. Xiyobonda kitobxonlar burchagi tashkil qilingan va odamlar u yerga kitob qo‘yib ketishlari, mavjud kitoblarni o‘qishlari mumkin. Shuningdek, shaxmat muxlislari uchun ham maxsus joy bor.
Qishda ko‘l atrofida tabiiy muz yo‘lakchasi tashkil qilinadi. U yerda konki ijaraga olib uchishingiz mumkin. 1900 yildan buyon davom etib kelayotgan bu an'ana haqida Lev Tolstoy ham o‘z xotiralarida aytgan. Moskvaga yo‘lingiz tushsa, albatta Patriarx xiyoboniga boring. Darvoqe, karantin vaqtida «Usta va Margarita»ni o‘qishni unutmang...
Suratlar muallifi: Rahmatillo Isroilov
Matn muallifi: O‘tkir Jalolxonov