Jamiyat | 18:23 / 05.04.2020
58186
17 daqiqa o‘qiladi

Biz bilgan va bilmagan Yaponiya. Nagoya universitetining o‘zbek magistranti hikoyasi

Texnologiyalar borasida eng rivojlangan davlatlardan biri – Yaponiyaga o‘qish uchun borishning qanday o‘ziga xos tomonlari bor? Kunchiqar yurtda talabalar qanday imkoniyatlarga ega, ta’lim tizimining farqli jihatlari qanaqa?

Kun.uz`ning «Xorijdagi o‘zbeklar» ruknida bu gal Yaponiyada tahsil olayotgan Aziz Haqberdiyev bilan tanishamiz.

Aziz Haqberdiyev – Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan, yoshi 32da. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro huquq fakultetini tamomlagan. Ikki yildan beri Yaponiyaning Nagoya universitetida mehnat huquqi bo‘yicha tahsil olmoqda.

Yaponiyaga borishim haqida

Onam asli Termiz shahridanlar. Otam Navoiy shahridan bo‘lganlari uchun keyinchalik oilamiz bilan Navoiyga ko‘chib kelganmiz. Maktabni Navoiy shahrida tugatib, keyin Toshkent shahrida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro huquq fakultetida o‘qiganman.

O‘qishdan so‘ng yo‘nalishim bo‘yicha ish qidirishga tushganman. Ish topish oson bo‘lmagan. Ish yo‘q, pul yo‘q. Shu paytlarda do‘stimning uyida tekinga yashaganman. Oxirida vaziyatga tan berib, chet elga ketaman deb turganimda omadim kelib, Savdo-sanoat palatasining Xalqaro mehnat tashkiloti bilan ishlash bo‘limiga ishga kirdim.

Bu yerda ishlashning yaxshi tomoni – yosh kadrlarning qo‘llab-quvvatlanishi. Palatada ishlash davomida qisqa muddatli o‘qishlarga borib kelganman. Masalan, Janubiy Koreyada qiyosiy tahlil asosida kichik biznesni rivojlantirishda adolatli mehnat sharoitining o‘rni, Italiyada xalqaro mehnat standartlari, Shveytsariyada majburiy mehnat va uning oldini olish masalalari bo‘yicha bilim olish nasib qilgan.

Ishda besh yillik amaliyotdan keyin odam bilimlarni yanada kuchaytirishga ehtiyoj sezar ekan. Ana shunda menda magistraturada o‘qish fikri tug‘ilgan.

Qolaversa, ayni paytda davlatimiz tomonidan yaratilib kelayotgan shart-sharoitlar, ayniqsa davlat va nodavlat tashkilotlar kadrlarning malakasini oshirish maqsadida Yaponiya, Koreya, Angliya, Germaniya davlatlarida bepul tahsil olish imkoniyatlari mavjud.

Men hujjatlarimni kadrlarni rivojlantirish grantlari uchun Yaponiya davlati tomonidan beg‘araz yordam JDS dasturiga (The Project for Human Resource Development Scholarship by Japanese grant aid) topshirganman.

Ushbu dastur 1999 yildan beri amalga oshirilib kelinmoqda. Hozirgi kunga qadar O‘zbekistondan 265 nafar yosh mutaxassis Yaponiya universitetlarining magistratura dasturlarida turli yo‘nalishlar bo‘yicha ta’lim olishgan. Har yili 15 nafardan ortiq o‘zbekistonlik yosh va qobiliyatli davlat idoralari xodimlari tanlov asosida Yaponiyada o‘qishga jo‘natiladi.

Birinchi yil topshirganimda imtihonlaridan o‘ta olmaganman. Ammo ikkinchi yil men uchun omadli bo‘lgan.

Davlat tomonidan berilgan mazkur grantlardan ko‘zlangan maqsad –ikki davlat o‘rtasida kadrlar almashish, do‘stlik munosabatlarini yanada mustahkamlashdan iborat. O‘zbekiston va Yaponiya – Osiyo xalqlari. Ularning madaniyatlar ildizi qaysidir ma’noda chambarchas bog‘liq. Shuning uchun o‘qish va o‘rganish ancha oson bo‘lsa kerak, deb Yaponiyani tanlaganman. Qolaversa, ushbu mamlakatning o‘ziga xos madaniyati meni o‘ziga jalb qilgan.

Bakalavrdagi yo‘nalishim xalqaro huquq bo‘lgani va ishda xalqaro mehnat huquqi doirasida amaliyot yuritganim sababli keyinchalik mehnat huquqi bilan shug‘ullanishni tanladim.

Hozirda Nagoya universitetida mehnat huquqi bo‘yicha tahsil olyapman. Yoshligimda boshlangan sayohat hozirda Yaponiyaning Nagoya shahrida magistratura bosqichida o‘qish bilan davom etyapti.

Yaponiyaning Nagoya universiteti – mamlakat markazida joylashgan bo‘lib, 7ta imperator universitetlaridan biri hisoblanadi. Yaponiyada Tokio va Kioto universitetlaridan keyin uchinchi o‘rinda turadi. Dunyo bo‘ylab 72-o‘rinda. Professorlar turli davlatlardan bo‘lib, ilmiy salohiyati juda yuqori. Ularning aksariyati – yapon professorlari. Yapon va ingliz tillarida dars bera olishadi, ayrim yapon professorlari hattoki nemis va fransuz tillarini ham mukammal bilishadi.

Eng qizig‘i, menga ma’ruza o‘qiydigan ikkita professorim rus tilini juda yaxshi o‘zlashtirishgan. Aytmoqchimanki, til bo‘yicha umuman muammo yo‘q.

Yaponiya haqidagi ilk taassurotlarim

Yaponiyadagi birinchi kunim hech esimdan chiqmasa kerak. Haligacha o‘sha kunning havosi, hattoki ta’mi ham esimda.

2018 yil avgust oyi Yaponiyada eng issiq yoz oylaridan biri bo‘lgan. Aeroportdan chiqishimiz bilan nafas olishim qiyin bo‘lgan, tezroq mashinaga o‘tirib ketgim kelgandi. Konditsionerni yoqib nafas olmasam, ko‘chada nafas olish juda qiyin edi.

Yaponiyada havoning namligi O‘zbekistondagiga qaraganda 7 baravar yuqori. Lekin odam tez moslashar ekan. Bir haftadan keyin konditsioner bormi-yo‘qmi, farqi bo‘lmay qoldi.

Yapon xalqi haqiqatan ham o‘zgacha. O‘zgalarning shaxsiyati, vaqti, shaxsiy qarashlarini o‘ta hurmat qilishadi.

Yaponlar barcha ishlari yozilgan maxsus daftarcha tutib yurishadi. Misol uchun, O‘zbekistonda ishdan chiqib, do‘stingizga bugun kechki payt birga o‘tiramiz desangiz, albatta shu kuni vaqt topiladi. Ammo yaponlar bilan kamida bir hafta oldin vaqtini va borish joyini belgilab olmasangiz, biror bir tadbirni tashkillashtirish qiyin.

Butun xalq tartib-qoidalarga o‘ta itoatkor. Hattoki, ko‘chada yurishganda ham yozilmagan o‘zaro hurmat qoidalari bor. Misol uchun, chap tomondan yurish. Ertalablari shoshilinch paytlarida hech kim bir-biri bilan to‘qnashib ketmaydi.

Ko‘chalarida ikki yil davomida mashina signalini eshitganim yo‘q.

Men bilan bir qiziq holat ro‘y bergan: ko‘chalarda mini-bankomatlar bo‘lib, pulni yechib olish mumkin. Bir kuni bankomatda pulni yechib, chek va kartamni olib ketvoribman. Ammo e’tiborsizligim tufayli pulimning bir qismi avtomatda qolib ketibdi. Qizig‘i shundaki, pulni hech kim olmagan. Ertasi kuni bank xodimi menga telefon qilib, pulimni qaytarib bergan. Hisob raqamimga pulni avtomatik ravishda qo‘yib qo‘yishmagani sababini tushuntirib, buning uchun o‘zim bankka kelishim kerakligini aytib, uzr so‘ragan.

Sog‘liqni saqlash tizimi juda zo‘r, ammo juda qimmat. Tishim masalasida stomatologga murojat qilganimda bitta plomba qo‘yish 700 AQSh dollariga tushgan.

O‘ziga to‘q oila farzandlari ham birinchi kursdan boshlab ishlaydi

Yaponiyada talabalar juda qattiq o‘qishadi. O‘ziga to‘q oiladan bo‘lishsa ham, universitetning birinchi kursidan ishlashadi. Qo‘shimcha to‘garaklar uchun maxsus kiyim va turli asboblarni olish uchun o‘zlari topgan pullarini ishlatishadi.

Yozgi ta’tilda xorij davlatlariga sayohatga chiqish uchun ham o‘zlari ishlab topgan pullarini sarflashadi.

Yaponlarning har bir kuni bir hafta oldin yozib qo‘yilgan. Ertalab soat 5 va 6dan kechki soat 24gacha – hammalari band. Universitetda har bir talaba nima bilandir band. Bu yerda suzishdan tortib, ovqat pishirishgacha bo‘lgan turli to‘garaklar bor. Bularning bari talabalar uchun bepul. Shaxsan men yapon jang san’ati – aykido bilan shug‘ullanyapman. Imtihon topshirib, daraja ham olganman.

Universitet talabalari darsdan keyin chalg‘imasdan darslarini davom ettirishlari uchun mahsus o‘quv xonalari bor. Fakultet talabalari o‘zlarining talaba ID-kartalari bilan kirib foydalanishlari mumkin. Boshqa fakultet talabalari kira olishmaydi. Bu xonada muzlatgich, mikroto‘lqinli pech, ovqatlanish joyi, umuman hamma kerakli narsalar bor.

Undan tashqari, kutubxonaga borib ham dars qilish mumkin. Kechki soat 23gacha kompyuter, internet va multimedia xonalaridan bemalol foydalanish mumkin.

Shovqin to‘siladigan maxsus xonalarda talabalar guruhlari birgalikda dars qilish imkoni ham mavjud.

Universitetga talabalarning ko‘pchiligi mototsikl va velosipedlarda kelishadi. Xavfsizlik bosh kiyimini mototsikl ustida qoldirib ketishgan holatlarni bir necha bor ko‘rganman. Shu paytgacha birorta o‘g‘irlik yuz bergani yo‘q.

Yaponiyada o‘qish uchun nima qilish kerak?

JDS granti asosida Yaponiyaga kelish qiyin emas. O‘zbekistondagi 89ta davlat va nodavlat tashkilotlaridan birida ayni paytda ishlayotgan va dasturga hujjat topshirish vaqtida 2 yillik ish staji bor odam topshira oladi.

Albatta, ingliz tilini bilish, IELTS kamida 5.0 bo‘lishi kerak. Ana shular asosiy mezonlar hisoblanadi.

Yaponiya – bu yerda o‘qishga imkoniyat bo‘lmasa ham, hech bo‘lmasa bir marta kelib, o‘rganib ketish kerak bo‘lgan mamlakatlardan biri. Hozirgi kunda sayohatga chiqib turadigan yurtdoshlarimiz, tadbirkorlar ko‘payib bormoqda. Men ularga birinchi o‘rinda Yaponiyaga borishni maslahat bergan bo‘lardim.

Yaponiyada tahsil olishni istagan talabalarga esa bu yerga kelishdan oldin yapon tilini o‘rganishlarini tavsiya qilaman. Chunki yaponlarning aksariyati ingliz tilini bilishmaydi va ular bilan yapon tilisiz gaplashish, do‘stlashish ancha murakkab bo‘ladi.

Talaba o‘zi harakat qilishi kerakligini his qiladi

Ta’lim tizimi tubdan farq qiladi, ayniqsa magistraturada. Talaba o‘zi o‘qimoqchi bo‘lgan fanlarga ro‘yxatdan o‘tadi. Buning uchun unga ball qo‘yiladi. Bu degani talaba faqat magistrlar uchun mo‘ljallangan fanlarni emas, boshqa fanlarni ham o‘rganishi mumkin. Masalan, huquq yo‘nalishida o‘qisangiz, istasangiz, bakalavrda o‘tiladigan darslarga ham qatnashishingiz mumkin.

Bir semestrda ikki yoki uchta oraliq nazorat bo‘ladi. Har bir oraliqda uyga vazifa beriladi. Unda bir muammo tanlab olinadi, uni o‘rganib, tahlil qilib, o‘z xulosalaringizni muayyan standartlar asosida yozib, professorning pochtasiga yuborish kerak bo‘ladi.

Professor har bir uy vazifasini tekshirib, onlayn tarzda baholaydi. Tegishli saytda har bir talabaning maxsus platformasi mavjud. Talaba o‘z ballarini ana shu yerda ko‘rib, bilib boradi.

Ta’lim tizimining qulay tomoni shundaki, unda universitet va o‘qituvchilar tomonidan talabalarni o‘qishga majburlash sezilmaydi. O‘qisangiz o‘qiysiz, o‘qimasangiz, o‘qishdan chetlashtirilasiz. Pul to‘lab, yana o‘sha yilni takroran o‘qishga to‘g‘ri keladi.

Bu yerda talaba o‘zi harakat qilishi kerakligini his qiladi. O‘zbekistonda talabalar universitet tomonidan majburlash va bosim bo‘lishiga o‘rganib qolgan.

Yaponiyada talabalar har bir topshiriqni kaysi vaqtda topshirishi belgilangan vazifalar ro‘yxati beriladi va bu topshiriqlarni hamma o‘zi bilib, o‘z vaqtida topshirishi kerak. Kech qolganlarga baho qo‘yilmaydi. O‘zbekistonda ko‘p yillar davomida o‘qituvchilar, universitet tomonidan «uni bajar, bunday qil» kabi ko‘rsatmalarga ko‘nikib qolganimiz uchun dastlab o‘zbek talabalar vazifalarni o‘z vaqtida bajara olmagan. Chunki bizni «turtib» turadigan hech kim yo‘q edi. Xarakterimiz va o‘qish tartibimizni o‘zgartirishga biroz vaqt ketgan.

Bizning universitetlarimizda mustaqil ravishda ma’lumotlarni izlash, o‘qib-o‘rganish uchun kutubxonalarga odatda o‘qituvchilar majburlovidan keyin boriladi. Asta-sekin biz Yaponiyada boshqa talabalar bilan ana shu yangi tartib qoidalarga o‘rganib oldik. Hattoki, qanday qilib kuni bilan kitobxonada vaqt o‘tkazganimizni sezmay qolgan paytlar ham bo‘lgan.

Yaponiya universitetida talabalar uchun forma yo‘q. Hamma o‘qishga o‘zi istagan kiyimda keladi. Shunday bo‘lsa-da, talabalar bachkana kiyimda kelganini hecham ko‘rmaganman.

Koronavirusning Yaponiyaga ta’siri

Koronavirus tufayli dunyo qiyin ahvolda. Ammo yaponlar tushkunlikka tushishgani, bozor rastalaridan barcha mahsulotlarini olib ketishayotgani ham yo‘q. Bir-birlarini behurmat qilish holatlari ham kuzatilmaydi. Mahsulotlarni odatdagidek navbat bilan xarid qilishadi. Ko‘chada hamma niqob taqib yuradi. Qo‘llarni dezinfeksiya qilish uchun jamoat joylarida maxsus spirtli aralashma qo‘yilgan.

Umuman olganda, koronavirusning yapon xalqiga ta’siri u qadar sezilarli bo‘lmadi. Bu yerda tabiiy ofatlar ko‘p bo‘lgani uchun odamlar tez va yakdillik bilan harakat kilishga o‘rganishgan. Vaqtni boy bermaslikka harakat kilishadi. Virus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyatda ham davlat o‘ta tez harakat qildi. Xitoyda koronavirusga oid xabarlar chiqishi bilan Yaponiya rahbariyati tomonidan turli chiqishlar bo‘ldi. Buni biz ommaviy axborot vositalari orqali kuzatdik. Ularda koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq xabarlar, hatto biz xorijlik talabalarga ham elektron pochta orqali yetkazib turildi. Unda mahalliy tibbiyot punkti telefon raqami, universitetdagi tibbiyot punkti raqami va xorijlik talabalarga mas’ul bo‘lgan bo‘limning telefon raqamlari 24 soat ishlaydigan tartibga o‘tkazilgani, u yerga borib, ma’lumot olish mumkinligi aytilgandi.

Yaponlar dam olish kunlari odatda oila a’zolari, farzandlari va do‘stlari bilan parklarda dam olishadi. Hozirda esa bunday emas. Ko‘chalar, jamoat joylarida hamma niqob taqadi, niqobsiz yurgan kishini deyarli uchratmaysiz. Universitetlarda barcha tadbirlar to‘xtatildi. Mahalliy bayramlar bekor qilindi.

Bu yerda bahorgi ta’til aprel oyida boshlanib, may oyiga qadar davom etishi kerak edi. Maktablardagi ta’til bir oy oldinga surildi, ya’ni mart oyidan boshlab, maktablar yopildi.

Talabalar uchun bahorgi ta’til 17 aprelga qadar davom etadi. Biz hali ham ta’tildamiz. Shuning uchun bizning Nagoya universitetida darslar onlaynga o‘tkaziladimi yoki odatiy tarzda bo‘ladi, bu haqda hali aniq ma’lumot yo‘q. Elektron pochtaga bu bo‘yicha xabar yuborilgandi. Ro‘yxatdan o‘tgan talabalarning soniga qarab, fanlar onlayn yoki odatdagi tartibda o‘tkazilishi aytilgandi.

Har bir magistr talabaga ilmiy ishi bo‘yicha biriktirilgan professor bo‘ladi. Ko‘pchilik talabalar o‘zlarining professor o‘qituvchilari bilan onlayn muloqot qilishmoqda.

O‘zbekistonga qaytganda o‘rganganlarimni tatbiq etaman

Asosiy maqsadlarimdan biri bu – yapon xalqi, madaniyati hamda qanday qilib yuksak darajaga chiqib olganini o‘rganish bo‘lgan. O‘qishim davomida nima uchun Yaponiya shunchalik rivojlanib ketgani to‘g‘risidagi ko‘plab ma’ruzalarda ishtirok etdim. Menimcha, yaponlar mo‘jizasi bu – ularning o‘z madaniyani saqlab qolgan holda g‘arb madaniyati bilan uyg‘unlashtira olganida. Ular g‘arb yutuqlari ortidan o‘zligini yo‘qotishmagan. Aksincha, uni yanada yuksaltirish haqida o‘ylab ko‘rishgan.

Bir qarashda o‘ta oddiy bo‘lgan jarayonlarni ular biznesda brend darajasiga olib chiqishgan. Ularning «Kayzen» menejmenti, «Ikigai» kundalik yashash tartibi hozirgi biz ko‘rib turgan Yaponiyani shakllantirgan. Men bu kitoblarni o‘qib, ularning o‘zbek halqi bilan deyarli bir xil ekanini ko‘rganman. Ammo ularni hozirda qo‘llamasligimiz – bizning katta xatomiz, deb o‘ylayman.

O‘zbekistonga qaytganda o‘rgangan narsalarimni albatta tatbiq etishga harakat qilaman.

Gulzoda Ibrohimova suhbatlashdi.

Mavzuga oid