Pandemiya kabi sharoitlarda inson ikki zararli munosabat: beparvolik va bezovtalik o‘rtasida qolib ketadi. Beparvolikning davosi boxabarlikda bo‘lsa, bezovtalikning davosi vaziyatni to‘g‘ri talqin etish va shunga monand harakat qilishdir.

Ortiqcha vahimalar jamiyat va shaxs miqyosidagi real muammolarni chuqurlashtiradi, yangilarini keltirib chiqaradi va odamlarni noto‘g‘ri qarorlarga yetaklaydi.

21-asr uchun mutlaqo o‘zgacha bo‘lgan holat kelib chiqqan bir paytda vahimali kayfiyatni yengish oson emas. Buning uchun bizga tahliliy yondashuv qo‘l keladi. Tahliliy yondashuv deb, biron masalani tarkibiy unsurlarga ajratib olish va ularning har biri bilan alohida shug‘ullanish orqali umumiy yechimga kelish nazarda tutilmoqda.

Demak, aholidagi qo‘rquvni davomiylik nuqtayi nazaridan ikkiga bo‘lamiz: bugungi qo‘rquvlar va kelajak to‘g‘risidagi qo‘rquvlar.

Ayni damdagi xavotirlar

1. Bugungi eng muhim vazifa - COVID-19 kasalligini keltirib chiqaruvchi SARS-CoV-2 nomli virusni yuqtirib olmaslik.

Barcha profilaktika choralariga jiddiylik bilan rioya qilish kerak. Mobodo yuqqanlik asorati bo‘lsa, tibbiy muassasalarga zudlik bilan murojaat qilib, ularning ko‘rsatmalariga ko‘ra ish tutish zarur. Bu kasallik bedavo emas, og‘ir holatlar foiz jihatdan oz, ammo jahonda kuzatilayotgan tibbiy inqiroz vaqtida karantin choralari ko‘rilmagani tufayli virus jahon miqyosida tarqalib ulgurdi.

Uyda qolish, qo‘lni tez-tez sovunlab yuvish kabi tavsiyalarga o‘ta e'tiborli bo‘laylik. Yuz yil oldingi ispan grippi pandemiyasidan olingan saboqlardan eng muhimi: karantin choralarini kundalik iqtisodiy manfaatlardan ustun qo‘ygan joylarda ham ommaviy sog‘liqni saqlash, ham iqtisod sohalarida og‘ir talafotlarsiz chiqilgan.

2. Oziq-ovqat yetmay qolishi qo‘rquvi. Bu qo‘rquv aholi o‘rtasida koronavirusni yuqtirish xavotiridan ko‘ra kattaroq kuchga ega bo‘lgandek ko‘rinyapti.

Aslida esa COVID-19 bilan kasallanib qolish eng asosiy tahlika ekanini anglashimiz zarur. Chunki oziq-ovqat yetishmovchiligiga sabab bo‘ladigan urushlar, iqlimning nihoyatda keskin o‘zgarishi kabi omillar, shukrki, vatanimiz boshiga tushmadi.

Bir narsani yaxshi tushunish kerak, eng muhim ozuqa mahsulotlarini ishlab chiqarish va xarid qilish jarayoni insoniyat tarixining hech bir davrlarida asrimizdagidek oson va keng ko‘lamli bo‘lmagan. O‘zbek xalqi jahonning boshqa ko‘pgina xalqlari kabi taom to‘kin-sochinligini bunchalik darajada ko‘rmagan, o‘tgan asrlar va avvalgi zamonlarda ocharchilik, qahatchilik odatiy hol bo‘lib kelgan edi.