Iqtisodiyot | 17:30 / 06.04.2020
9299
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya va Saudiya neft qazib olishni kamaytirish bo‘yicha kelisha olmayapti

Jahon bozorida neft narxi tushishi davom etmoqda, bu vaqtda Rossiya va Saudiya Arabistoni neft qazib olishni kamaytirish bo‘yicha kelishuvga erisha olmayapti.

Foto: Getty Images

Rossiya va Saudiya Arabistoni neft qazib olish hajmini qisqartirish bo‘yicha hamon kelisha olmayapti. Tomonlar bu jarayonda AQSh ham qatnashishini xohlamoqda.

Bloomberg nashrida e'lon qilingan materialda aytilishicha, Rossiya va Saudiya AQSh ham neft qazib olish hajmi qisqartirilishini istashini amaliy ish bilan isbotlashini ko‘rmoqchi. Nashrning vaziyatdan xabardor manbalariga ko‘ra, ikki mamlakatning neft bo‘yicha diplomatlari juma kuni «Katta yigirmatalik» davlatlarining energetika vazirlari bilan gaplashib, AQShni jarayonga jalb etishga urinib ko‘rishadi.

Yil boshidan buyon «qora oltin» narxi 50 foizga arzonlab ketdi. Neftga bo‘lgan talab keskin tushib ketgani iqtisodiyoti bu xomashyoga bog‘liq davlatlarga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Bloomberg’ning taxminicha, neftning arzonlab ketishi butun dunyo iqtisodiyotiga va markaziy banklarga ham ta'sir qilmay qo‘ymaydi.

Neft ishlab chiqarmaydigan iste'molchilar tashkiloti hisoblangan xalqaro Energetika agentligi ham xomashyo qazib olish hajmini kamaytirishga chorlamoqda. Agentlikning taxminicha, narxlar shu tarzda tushaversa, ba'zi eksportyor davlatlar neft qazib olishni to‘xtatib qo‘yishi ham mumkin. Bu esa balansni buzadi.

Neft qazib olishni kamaytirish haqida gaplar Donald Trampning chiqishlaridan so‘ng boshlandi. U Rossiya va Saudiya vakillari bu borada gaplashganini aytdi va shundan keyin neft narxi ko‘tarilib ketdi. Ammo Kreml Saudiya bilan hech qanday suhbat bo‘lmaganini ma'lum qilgach, narxlar yana pastlay boshladi.

Bloomberg’ning yozishicha, Rossiya ham, Saudiya ham qazib olishni kamaytirish jarayonida AQShning ishtirokini istamoqda. Ammo Tramp OPeK bo‘lmag‘ur tashkilot ekanini aytishdan to‘xtamay, Rossiya va Saudiya neftiga boj kiritishi mumkinligini ham ta'kidlamoqda.

Nashrning yozishicha, Kreml Rossiya neft qazib olishni kamaytirgani evaziga hech bo‘lmasa kompromis sifatida birorta sanksiya bekor qilinishidan umidvor.

Avvalroq Putin Rossiya neft kompaniyalari bilan uchrashuvda bunga ishora qilgan va mamlakat neft qazib olish hajmini kamaytirishga qarshi emasligini, lekin bu ish hamkorlik asosida amalga oshirilishini aytgandi. Tramp neft qazib olishning kunlik hajmi 10 foizga kamayishi haqida gapirgandi. Agar bu amalga oshsa, eng katta bosim aynan Rossiya va Saudiyaga tushadi. Ammo ikki davlat qazib olishni qanchadan qisqartirish bo‘yicha hamon kelisha olmagan.

Tomonlar videkonferensiya ko‘rinishidagi OPeK+ yig‘ilishida bu borada kelishib olishi kutilgandi, lekin 6 aprelga belgilangan uchrashuv 9 aprelga qoldirilgan. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, uchrashuv texnik sabablarga ko‘ra qoldirilgan. Shuningdek, Peskov Putin Saudiya vakillari bilan gaplashmaganini ma'lum qildi.

Mavzuga oid