Sport | 21:29 / 07.04.2020
21996
8 daqiqa o‘qiladi

«Biz Supermen emasmiz!» - Fabio Kannavaroning Italiya xalqiga murojaati

Italiya terma jamoasining sobiq sardori, jahon chempioni va 2006 yilgi «Oltin To‘p» sohibi Fabio Kannavaro ayni paytda Xitoyda, u «Guanchjou Evergrand» klubi bosh murabbiyi hisoblanadi. Koronavirusning Italiyadagi ayanchli oqibatlari va u yerdagi vaziyat tabiiyki, Fabioni ham befarq qoldirmadi. Virus biroz chekingan Xitoydan turib, u ThePlayersTribune portali orqali vatandoshlariga noma yo‘lladi.

Foto: Dmitriy Sadovnikov

Albatta, Italiyadagi vaziyat biz uchun ancha begona va farqli ko‘rinishi mumkin. Aynan shu tufayli, biz bu xatni tarjima qildik. Chunki, bu kasallik Xitoyda avj ola boshlaganda, Italiya ham befarq bo‘lgani haqida so‘z boradi. Ya'ni vaziyatning jiddiy ekanini hozirdan his qilsak, turli chaqiriq va taqiqlarga jiddiy yondashsak, o‘zimizni emas, atrofimizdagilarni ko‘proq o‘ylab, xalq oldidagi mas'uliyatni his qila olsak, pandemiya yurtimiz uchun og‘riqsiz kechadi. Aks holda, xudo ko‘rsatmasin...

Xullas, nomani o‘qing va siz ham jamiyatning bir bo‘lagi ekaningizni va ushbu jamiyatni qutqaribgina, o‘zingizni qutqarish mumkinligini anglang

Salom, uyda o‘tirgan Italiya!

Bugun yurtimiz bilan bo‘layotgan voqealar meni juda xavotirga solmoqda. Italiya chekayotgan bu dard, har kuni vafot etayotgan juda ko‘p insonlar men uchun qanchalik dahshatli va og‘riqli ekanini so‘zlar bilan ifodalab bera olmayman. Mening bu murojaatim aziyat chekayotgan, ayniqsa, ushbu virus tufayli o‘z yaqinlarini yo‘qotgan vatandoshlarimga bag‘ishlanadi.

Shuningdek, tibbiyot xodimlariga ham o‘z minnatdorchiligimni bildirishim lozim. Ular iloji boricha ko‘proq insonlar hayotini saqlab qolish uchun bor imkoniyatlarini ishga solmoqdalar. Ayni paytda ular mamlakat uchun eng ahamiyatli bo‘lgan qahramonlardir.

Afsus, haqiqat shuki, hech birimiz Supermen emasmiz. Hech kim, qaytaraman, hech kim virus yuqishidan kafolatlanmagan. Shunday bo‘lsa ham, Xitoyda bu ofat chiqqan paytlarda, Italiya uchun hech qanday muammo bo‘lmaydi, deb o‘ylagandim. Kamida virus bizni chetlab o‘tishiga har birimiz ishongandik, to‘g‘rimi?

Boshida vaziyatning bu qadar jiddiyligini bilmagandim. Bu shunchaki, grippning bir turi sifatida qaraganman. Naqadar adashganmiz-a?

Dastlab, mamlakat yopildi va odamlarga iloji boricha uyda qolishlari kerakligi aytildi. Bu yerda, Xitoyda, bir necha hafta oldin men ham karantinga tushdim. Xitoyliklarda noodatiy pnevmoniya bilan kurashish tajribasi bor ekan, lekin Italiya uchun bunday favqulodda vaziyat ilgari sodir bo‘lmagandi.

Lekin bugun, katta jangning eng markazida turar ekanmiz, biz hammamiz birgalikda kurashishimiz kerak. Shu ma'nodaki, har birimiz o‘zimizning eng yaxshi xislatlarimizni yuzaga chiqarishimiz shart.

Albatta, Italiya o‘ziga yarasha ajoyib mamlakat. Ajoyib qirg‘oqliklar, tabiat bilan uyqash manzaralarga to‘la. Qulay iqlim bizga tashqarida juda ko‘p vaqtimizni o‘tkazish imkonini beradi. O‘z urflarimiz, milliy taomlarimiz bor. Italiyada hayot shu qadar yaxshiki, doim o‘z qobig‘imizga o‘ralib yashashga o‘rganib qolganmiz. Odatda, o‘zimizga bog‘liq muammolarga ahamiyat beramiz, o‘z farovonligimiz yo‘lida boshqalarni o‘ylamaymiz. Aynan shu yerda millat sifatida salohiyatimizga putur yetadi.

Yaxshiyamki, ba'zan xalqimiz birlashadigan, g‘ururimiz o‘rtaga tikilganda, vaziyat og‘irlashganda jipslasha olgan paytlarimiz ham bo‘lgan. Men bunday holatni ko‘p his qilganman. Agar o‘rnak kerak bo‘lsa, masalan, Italiya terma jamoasi jahon chempionatlarida to‘p surayotgan pallalarni aytishim mumkin. Balkim, futbol eng ahamiyatsiz bo‘lib qolgan paytda aynan futboldan misol keltirishim sizga biroz g‘alati ko‘rinar, ammo hammamiz bilamizki, futbol Italiyada shunchaki sportdan ko‘ra kattaroq. Ayniqsa, terma jamoa to‘p surayotganda hamma buni his qiladi, xalq birlashadi.

Italiyaliklar biror masalada birlashishsa, odatda, yakunda g‘olib chiqamiz.

Men hali ham 1982 yili Italiya jahon chempioni bo‘lganini eslayman. O‘shanda sakkiz yoshli neapollik bolakay edim. Ona shahrimda, uyda, qarindosh va do‘stlardan tashkil topgan odamlar bilan futbol tomosha qilgandik. Eslayman, Italiya gol urganda, barcha qichqirar, bir-biri bilan u qadar tanish bo‘lmagan insonlar ham quchoqlashib, birgalikda sakrashardi.

2006 yilgi jahon chempionatida esa, men terma jamoa sardori edim. Bu safar endi futbolchilar bilan shunday holat bo‘lganini ko‘rganman. Kalchiopoli voqealari mundial boshlanishidan biroz oldin ro‘y bergan, tayyorgarlik uchun yig‘ilganimizda, hammamiz juda asabiy edik. Ko‘pchilik bu janjal oqibati o‘ziga ham zarar qilishi mumkinligidan qo‘rqib turardi.

Ammo mashg‘ulotlar jarayonida kayfiyatimiz o‘zgardi va bu muvaffaqiyat uchun kalit edi. Bunday qaltis paytda biz o‘zimizni o‘ylamay qo‘ydik, hamma uchun o‘ynash kerakligini tushunib yetdik. Marchello Lippi kabi buyuk yetakchimiz bor edi, u murabbiy sifatida jamoadagi ishtiyoqni va garmoniyani ko‘tardi. Germaniyaga qo‘nishimiz bilan barchamiz o‘sha voqealarni unutgan, ammo yutqazishni umuman istamayotgandik.

Mendan ko‘p so‘rashadi – nega o‘shanda Italiya jahon chempioni bo‘lgandi? Biz omadimiz kelgani uchun yutmadik. Biz o‘shanda eng yaxshi jamoa bo‘lganimiz uchun yutganmiz, sababi, g‘alaba qozonishimizga ishonardik.

Ayni pallada, butun mamlakatni birlashtira oladigan ruhiyat judayam zarur. Hozirda birlikni aks ettiradigan juda ko‘p misollarni kuzatyapman. Andrà tutto bene – «hammasi yaxshi bo‘ladi» shiori uyda o‘tirgan, qo‘rquv ostida yashayotgan, tushkunlikka tushgan insonlarni hayotga qaytarish uchun muhim. Odamlar balkonga chiqib tibbiyot xodimlarini olqishlamoqdalar. Qo‘shnilar birgalikda qo‘shiqlar aytishyapti. Bularning hammasi juda kerakli bo‘lgan birlikdir.

Bu inqirozli holat yakuniga yetgach, Italiya butunlay boshqacha bo‘ladi. Ko‘pchilik ishsiz qoldi. Ba'zilar biznesidan mahrum bo‘ldi. Juda ko‘p og‘ir ishlar kutib turibdi. Faqat o‘sha vaksina tezroq topilib, bu dahshat iloji boricha tezroq nihoyasiga yetishidan umid qila olamiz, xolos.

Ungacha esa, uyda qolish kerak. Keling, hammamiz uyda bo‘laylik, ko‘p vaqtimizni oilamiz, farzandlarimiz davrasida o‘tkazib, iloji borichi, kamroq insonlar bilan yaqin muloqot qilaylik.

Va keling, millat, insoniyat foydasi uchun ham nimadir qilaylik. Masalan, men 2006 yildagi jamoadoshlarimni birlashtirdim, va hammamiz bir ishga qo‘l urdik. O‘zaro mablag‘ to‘plab, yig‘ilgan pulni Italiyada kasalxonalarni ta'minlash, bemorlarga yordam ko‘rsatish imkoniyatini oshirish uchun yo‘naltirdik. O‘ylaymanki, siz ham bu borada chetda qarab turmaysiz.

Agar bunga imkoningiz bo‘lmasa, shunchaki, qo‘shningizga qilingan birorta yordam ham katta ahamiyat kasb etadi. Muhimi, hammamiz tushunishimiz kerakki, bu kurash hammamizniki va faqat jamoa bo‘lib g‘olib chiqa olamiz.

Albatta, haqiqat shuki, hech birimiz Supermen emasmiz.

Lekin hammamiz birlashsak, juda ko‘p maqsadlarga erisha olamiz. Qardoshlar, sizlarga kuch-quvvat tilayman.

Hurmat bilan

Fabio Kannavaro

Mavzuga oid