Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Birinchi bo‘limda ko‘plab ijobiy jihatlarni ko‘rdim» – Kannavaro
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Kanadaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinidan keyingi matbuot anjumanida «xatolarni 10 kundan keyingi o‘yinlarda emas, mana shunday o‘rtoqlik o‘yinlarida qilgan yaxshiroq» ekanini ta’kidladi. Shuningdek, Kannavaro ob-havo, JCh guruhi va Husanov haqida fikrlarini bildirdi..
2 iyun kuni O‘zbekiston milliy jamoasi Kanada bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazdi (2:0). O‘yindan so‘ng jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro matbuot anjumanida o‘yin, raqib va JCh guruhi haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.
U jamoasining birinchi bo‘limdagi o‘yini o‘ziga ma’qul bo‘lgani haqida gapirgan:
Har qanday uchrashuvlarda albatta xatolar bo‘ladi. Xatolarni 10 kundan keyingi o‘yinlarda emas, aynan mana shunday o‘rtoqlik o‘yinlarida qilgan yaxshiroq. Futbol shunday. Birinchi bo‘limda jamoamiz ixcham va agressiv o‘ynadi. Ikkinchi bo‘limda esa to‘p nazoratini ko‘proq qo‘lga olishni xohladik. Ammo intensivlikni yo‘qotdik va bir nechta xatolarga yo‘l qo‘ydik. Bunday o‘yinlarda xato qilsangiz, buning uchun jazolanasiz.
Futbolchilarimdan aynan birinchi bo‘limdagidek intensivlikni kutgandim. Men kelganimdan beri yuqori intensivlikda o‘ynash ustida ishlayapmiz. Osiyo futboli bilan xalqaro futbol o‘rtasidagi farqni yaxshi bilaman. Bu oson emas, ammo birinchi bo‘limda jamoamda ko‘plab ijobiy jihatlarni ko‘rdim.
Italiyalik mutaxassis Kanada futboli so‘nggi yillarda ko‘tarilayotganini e’tirof etgan:
Men Kanada terma jamoasini anchadan beri kuzatib boraman. U yerda ko‘plab do‘stlarim bor. So‘nggi uch-to‘rt yil ichida jamoa sezilarli darajada o‘sdi. Futbol Kanadada juda ommalashdi. Ko‘plab do‘stlarim bilan suhbatlashdim. Bugun ham juda iqtidorli futbolchilarni ko‘rdim.
U shuningdek ob-havo omiliga e’tibor qaratgan:
Yuqori intensivlikda o‘ynaganda jarohatlar bo‘lib turadi. Hozircha jiddiy narsa yo‘q. Ertaga va indinga ko‘ramiz. Menimcha, bugun hamma uchun eng katta muammo sovuq ob-havo bo‘ldi. Shunga qaramay, ko‘plab muxlislar stadionga kelishdi. Bunday qo‘llab-quvvatlash ostida o‘ynash biz uchun juda yoqimli bo‘ldi.
Bunday stadionda o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘lsangiz, bundan zavqlanishingiz va qadrlashingiz kerak. Bizni qo‘llab-quvvatlash uchun kelgan muxlislarga rahmat aytishimiz kerak. Bugun bu sovuq havoda stadionga kelish oson bo‘lmadi.
Jahon chempionatidagi guruh haqida:
Portugaliya, Kolumbiya va Kongo juda kuchli jamoalar. Ulardan ikkitasi dunyoning eng kuchli terma jamoalari qatoriga kiradi. Ular bilan o‘ynash juda qiyin bo‘lishini bilamiz. Ammo futbolchilarimga ham aytdim: bizda yo‘qotadigan hech narsa yo‘q. Bu mamlakatimiz tarixidagi ilk Jahon chempionati. Shuning uchun ularga faqat bitta narsani aytaman – bundan zavqlaning. Jahon chempionatida o‘ynash imkoniyati har doim ham nasib etavermaydi.
Husanov haqida:
Husanov – juda yaxshi futbolchi. U hali yanada rivojlanishi mumkin, chunki uning salohiyati juda katta. Ba’zan haddan tashqari agressiv bo‘lib ketadi, hozir esa vaziyatlarni yaxshiroq o‘qishni o‘rganishi kerak. Ammo himoyachi sifatida u juda ham yaxshi futbolchi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston JChga tayyorgarlik doirasida 8 iyun kuni Nyu Yorkda Niderlandiyaga qarshi yana bir o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. 17 iyun kuni esa (Toshkent vaqti bilan 18 iyun kuni soat 8:00 da) JChdagi dastlabki uchrashuvini Mexikoda Kolumbiyaga qarshi o‘tkazadi. Guruhdagi navbatdagi raqiblar Portugaliya (23 iyun) va Kongo DR (28 iyun) jamoalari bo‘ladi.
Mavzuga oid
14:36
O‘zbekiston milliy jamoasining JCh uchun yakuniy tarkibi e’lon qilindi
20:44 / 01.06.2026
Birinchi jiddiy sinov - milliy jamoa Kanada bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi
12:05 / 26.05.2026
O‘zbekiston milliy jamoasi ilk mundialda qatnashish uchun AQShga jo‘nab ketdi
21:48 / 22.05.2026