Jahon | 18:08 / 08.04.2020
22780
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada karantin vaqtida korxonalar ishlashiga ruxsat berildi

Gubernatorlar vaziyatdan kelib chiqib qaysi korxonalar ishlashi mumkinligi borasida o‘zlari qaror chiqaradi.

Foto: SERGEY BOBYLEV/TASS

Karantin choralari aprel oxirigacha uzaytirilganidan so‘ng federal markaz regional hukumatlarga korxonalarni karantindan ozod qilishni o‘zlari belgilash huquqini berdi. 

«Gazeta» nashrining yozishicha, natijada butun Rossiya bo‘yicha iqtisodiyotning turli sohalaridagi korxonalar ishlashni boshlaydi.  

Yaroslavl oblasti gubernatori Dmitriy Mironov kemasozlik, kimyo va neftni qayta ishlash sohasidagi mahalliy korxonalar karantindan chiqarilishini ma'lum qildi.

Ushbu haftadan «AvtoVAZ», UAZ, Vladivostokdagi Mazda yig‘uv korxonasi, «KamAZ», «GAZ guruhlari» zavodlari ish boshladi. Sankt-Peterburg, Mordoviya, Udmurtiya, Chuvashiya, Podmoskove, Orenburg, Ryazan, Tambov, Belgorod, Samara, Saratov va Lipetsk oblastlaridagi avtodilerlar servis xizmati ko‘rsatishga ruxsat oldi.

Moskva oblastida ommaviy infeksiya tarqalish xavfini tug‘dirmaydigan barcha korxonalarga ishlashga ruxsat berildi. Faqat parklar, tungi klublar, hammomlar, go‘zallik salonlari kabilar karantinda qoladi.

Stavropolda qurilish firmalari, arxitektura-loyihalash tashkilotlari, advokaturalar, notarial palata, uyali aloqa salonlari, telekommunikatsiya va pochta aloqasi kompaniyalari ishlashiga ruxsat etildi.

Xabarovsk gubernatori Sergey Furgalning so‘zlariga ko‘ra, o‘lkada yaqin vaqt ichida aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish tashkilotlari faoliyat ko‘rsatishni boshlashi mumkin.

Tyumenda tizim administratorlari, buxgalterlar va yuk transportlariga texnik xizmat ko‘rsatish stansiyalari ishchilariga ishlashga ruxsat berildi.

Gubernatorlar vaziyatdan kelib chiqib qaysi korxonalar ishlashi mumkinligi borasida o‘zlari qaror chiqaradi.
 

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid