Jamiyat | 16:14 / 08.04.2020
28286
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda karantin qoidalarini buzgan yana bir shaxs 15 sutkaga qamaldi

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani va Toshkent viloyatining Qibray tumanini bog‘lovchi chegara postida karantin qoidalarini buzgan va IIB xodimlarini haqorat qilgan fuqaro 15 sutkaga qamaldi. Bu haqda Kun.uz’ga Oliy sudi matbuot xizmati xabar berdi.

«2020 yil 3 aprel kuni soat 02:30lar atrofida fuqaro F.Sharipov (1988 yilda tug‘ilgan) mamlakatda e'lon qilingan karantin qoidalariga amal qilmagan holda jamoat joyida niqobsiz, Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani va Toshkent viloyati Qibray tumani o‘rtasida tashkil qilingan blok postida mast holda har xil uyatli so‘zlar bilan baqir-chaqir qilib, shu joyda xizmat burchini o‘tayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamda shu hududda yashovchi fuqarolarning tinchligini buzib, ichki ishlar organlari inspektorlarining qonuniy talablarini bajarmasdan, ularni uyatli so‘zlar bilan haqoratlagan», deyiladi Oliy sud matbuot xizmati xabarida.

Huquqbuzarlikka oid ish Bo‘stonliq tuman ma'muriy sudida ko‘rib chiqilib, F.Sharipov Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54-moddasi (epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalarini buzish), 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik)da nazarda tutilgan ma'muriy huquqbuzarlik harakatlarini sodir etgan deb topildi. 

Sudning 8 aprel kuni chiqargan qarori bilan unga 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan.

«Shuni alohida qayd etish joizki, bugun yurtimizda aholining sog‘ligini muhofaza qilish maqsadida karantin tartibi joriy etilgan. Bu tartibga qat'iy rioya etish har bir fuqaroning burchidir. Karantin tartibini buzish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik, jamoat tartibini buzish esa muqarrar javobgarlikka sabab bo‘ladi. Buni unutishga hech qaysimizning haqqimiz yo‘q», deb eslatadi Oliy sudi matbuot xizmati.

Mavzuga oid