Iqtisodiyot | 21:55 / 09.04.2020
55507
5 daqiqa o‘qiladi

Karantin tufayli ishsizga aylanganlar muammosi. Ularga qanday yordam ko‘rsatilishi kerak?

Davletovuz kanali muallifi «Vaqtincha daromadsiz qolganlar haqida» sarlavhali postida koronavirus pandemiyasi davrida yuzaga kelgan ishsizlik muammosini tahlil qildi. Unda jahon mamlakatlarida ko‘rilayotgan choralar keltirilgan va O‘zbekiston sharoitida yana qanday choralar amalga oshirilishi kerakligi bo‘yicha takliflar berilgan.  

8 aprel holatiga ko‘ra, Qozog‘istonda favqulodda holat rejimi tufayli vaqtincha ishsiz qolgan 1 mln 688 ming kishi ijtimoiy yordam so‘rab murojaat qilgan. Bu mamlakatdagi mehnatga layoqatli fuqarolarning 19,1 foizi demakdir. Agar ish beruvchi qonunga itoatkor bo‘lib, hamma soliq va ijtimoiy to‘lovlarni to‘lab kelgan bo‘lsa, vaqtincha ishini yo‘qotgan kishi 100 dollar atrofida moddiy yordam oladi.

Amerikada bugun navbatdagi statistika raqamlari e'lon qilinishi kerak, shu kungacha 10 millionga yaqin kishi ishsizlik nafaqasi so‘rab murojaat qilgan. Bugun statistikani ekspertlar 3-6 mln atrofida bo‘ladi, deb prognoz qilishmoqda (ayni vaqtga kelib ishsizlik nafaqasi so‘rab murojaat qilgan amerikaliklar soni 17 millionga yetdi - tahr). 

Rossiyada esa pandemiya ortidan vaqtincha ishini yo‘qotganlarga uch oy davomida 12 ming rubl atrofida kompensatsiya to‘laydi. Hozircha qancha odam bunday yordam so‘rab murojaat qildi, aniq statistika yo‘q. Rossiya ijtimoiy yordamni fuqaroning oldingi daromadlarini inobatga olmasdan berishni rejalashtirmoqda.

O‘zbekistonda ham qancha odam vaqtincha ishini yo‘qotdi, hozircha aniq bir narsa deyish qiyin. Lekin kanalimiz orqali 7 aprel kuni o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov bu masalaga biroz oydinlik kiritadi. So‘rovda 150 ming nafar kishi o‘z ishi bilan bog‘liq vaziyatga munosabat bildirgan. Jumladan, 35 ming nafarga yaqin respondent masofadan turib, 43,5 ming kishi esa ishga qatnab ishlamoqda. 14,6 ming kishi haq to‘lanadigan mehnat ta'tiliga chiqarilgan.

So‘rovda qatnashganlarning 15 ming nafari o‘z hisobidan mehnat ta'tiliga chiqarilgan, 41,6 ming nafari esa korxona faoliyatini vaqtincha to‘xtatgani sababli ishsiz qolmoqda. Ikkalasini qo‘shib hisoblaydigan bo‘lsak, daromadsiz qolganlar soni 56,6 ming kishini tashkil qilayapti. Bu mehnatga layoqatli respondentlarning 39 foizi degani. 

Gazeta.uz sayti telegram kanalida 5 aprel kuni joylashtirilgan so‘rovnoma (140 ming respondent) natijalariga ko‘ra, ularning 43 foizi, aniqrog‘i 60,5 ming nafarida daromadlari kamaygan, 29 foizida, ya'ni 40,5 ming nafari butunlay daromadidan ayrilgan.

Nashr tomonidan o‘tkazilgan yana bir so‘rovnomada esa 335 ming respondent ishtirok etgan. Ularning 28 foizi — 93 ming nafari jamg‘armasi bor-yo‘g‘i 1-2 haftaga yetishini bildirgan. Qariyb 55 ming nafari (16 foiz) ikki haftadan bir oygacha, 35 ming nafari (10 foiz) esa 1-2 oygacha yetishini bildirgan.

Bularning barchasi nafaqat kam ta'minlanganlarni, balki vaqtincha ishini va daromadini yo‘qotganlarni ham manzilli qo‘llab-quvvatlash zaruratini kun tartibiga chiqaradi. Bu lekin makaron, kartoshka va yog‘ berish bilan emas, balki pul ko‘rinishida amalga oshirilishi zarur. Davlat bu ishni qanday qiladi, bir narsa deyish qiyin. Bu ishni, balki ish beruvchilar talabnomasi asosida oylik uchun keyinchalik qaytarish sharti bilan foizsiz va ta'minotsiz kreditlar ajratish yoki ishsiz va daromadsiz qolganlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishsizlik nafaqasi to‘lash orqali (eng kam ish haqi —  679 330 so‘m miqdorida, masalan) amalga oshirishi kerak bo‘lar. 

Albatta, davlat hammaga yordam bera olmaydi, lekin oltin oraliqni topib, vaziyat o‘nglanguncha qiyin ahvolga tushib qolgan odamlarimizga yordam qo‘lini cho‘zish yaxshi ish bo‘lgan bo‘lar edi.

Mavzuga oid