Jamiyat | 23:28 / 10.04.2020
18096
4 daqiqa o‘qiladi

Bugun Qodiriyning tug‘ilgan kuni - biz uning o‘limidan saboq chiqara oldikmi?

Bugun adib Abdulla Qodiriyning tug‘ilgan kuni. O‘zbek adabiyotining yirik namoyandalaridan biri 1894 yil 10 aprelda Toshkent shahrida tavallud topgan.

Bir tomondan qaraganda, adibning hayoti va ijodi qadar, uning o‘limi ham ibratlarga to‘la.

Abdulla Qodiriy 1937 yilning 31 dekabrida qamoqqa olindi. «Menga qo‘yilgan ayblarni boshdan oyoq rad etaman. Haqiqat yo‘lida hech qanday jazodan, qiynoqdan qo‘rqmayman. Agar otmoqchi bo‘lsalar, ko‘kragimni kerib turaman...», — degan edi u.

1938 yilning 4 oktyabrida yuzlab o‘zbek ziyolilari qotil tuzum tomonidan otib o‘ldirilgan. Tarixchilar bu kunni o‘zbek tarixidagi eng qora kunlardan biri deb hisoblaydilar. Shu kuni SSSR oliy sudi harbiy kollegiyasi 12 kun ichida 507 nafar o‘zbek ziyolilarini otuvga hukm qilgan va hukm ijro etilgan.

4 oktabr kuni Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat kabi el ardog‘idagi shoir va yozuvchilar, G‘ozi Olim Yunusov, Qayum Ramazon, Otajon Hoshimov, Majid Qodirov, Ziyo Saidov kabi adabiyotshunos olimlar, birinchi o‘zbek kinorejissyori va fotografi Xudoybergan Devonov otuvga hukm qilindi. Ular hukm chiqarilgan kuniyoq, 1938 yilning 4 oktyabrida, shoshilinch qatl etildi.

Odatda, tanlab amalga oshirilgan qotilliklar genotsid deyilmaydi, har qanday o‘zbek bundan qutulib qolishi mumkin bo‘lgandek tasavvur uyg‘otadi. Lekin unday emas — agar tanlov nohaq, adolatsiz va begunoh insonlar o‘rtasida ekan, bu — genotsiddir!

Ikkinchi jahon urushidan keyin nemis ziyolilari qanday tarbiyalangani haqida eshitgan edim.

O‘sha urushga hech qanday aloqasi bo‘lmagan bir o‘qituvchi, o‘ziga o‘xshaganlardan tashkil topgan guruh bilan majburiy mehnatga yuboriladi. Ish — fashistlar tomonidan ko‘mib yuborilgan yoki bomba tagida qolgan jasadlarni kavlab olish va qabrga qo‘yish.

Haligi nemis o‘qituvchisini kuyib ketgan go‘dak jasadini bir muddat qo‘lida ushlab turishga majbur qilisharkan. Shu orqali u, garchi fashizmni quvvatlamagan bo‘lsa-da, o‘zining befarqligi Germaniya tepasiga kimlarning kelishiga sabab bo‘lganini his qilib, o‘zini boshqa millatlar oldida aybdor sanar ekan. Xuddi mana shu tuyg‘u ularni dunyoning eng rivojlangan jamiyatlardan biriga aylantirdi.

Afsuski, Stalinni bundan kam bo‘lmagan jinoyatlari uchun hech kim jazolay olmadi. Befarq bo‘lish tugul, o‘sha otib o‘ldirilgan ziyolilarni sotib berganlar, qatl qilganlar qahramon bo‘lishdi, medallar olishdi, yaxshi yashashdi.

Biz hanuz 1938 yil va undan keyingi voqealar dahshatini his qilmadik. Haligacha, Stalinni oqlaydigan, uning yaxshi ishlari ham bo‘lganini sanaydiganlar oramizda bor.

Menimcha, Qodiriylarning o‘limini to‘liq anglab yetmagunimizcha, bu bilan biz nimalarni yo‘qotganimizni tushunib yetmagunimizcha, ularning g‘oyasini hayotga tatbiq qilish, yo‘lini davom ettirishni o‘zimizga vazifa qilmaguncha, yakdil jamiyatga aylanmaymiz. Mustaqillikka tom ma'nodagi tahdidlardan qutulmaymiz.

Qahramon Aslanov.

Mavzuga oid