O‘zbekiston | 23:00 / 11.04.2020
16222
10 daqiqa o‘qiladi

O‘ziga xos davr: nega bu inqiroz boshqa hech bir narsaga o‘xshamaydi?

Iqtisodiyotdagi joriy inqiroz hayotimizdagi birinchisi bo‘lmasa-da, u mutlaqo avvalgilariga o‘xshamaydi. Nega? Chunki amalda ilk bor biznes to‘liq to‘xtab qoldi: kompaniyalarda, mamlakatda, deyarli butun dunyoda.

Foto: Rossiya chakana savdo haftaligi

Inventive Retail Group prezidenti Tixon Smikov Harvard Business Review’dagi maqolasida, o‘z tajribasidan kelib chiqqan holda, shu haqda so‘z yuritadi.

– Bizning kompaniyamiz chakana savdo bilan shug‘ullanadi. Biz sotadigan mahsulotlar yirik xalqaro korporatsiyalar tomonidan ishlab chiqariladi. Do‘konlarimiz Rossiyaning aksariyat yirik shaharlaridagi eng yaxshi savdo markazlarida joylashgan.

Voqealar biz uchun shiddatli rivojlandi. Faoliyatimizning to‘xtatilishi avvaldan tushunarli edi, lekin Xitoydan yangiliklarni kuzata turib, biz so‘nggi soniyalargacha xitoycha ssenariy Rossiyani chetlab o‘tadi, degan irratsional umidda edik.

Yangiliklardan tashqari, mahsulotlarini Xitoy hududida ishlab chiqarmaydigan kompaniyalarning yetkazib berishida uzilishlar vujudga kelishi inqirozning darakchisi bo‘ldi. Chunki har qanday texnologik mahsulotning yetkazib berish zanjiri allaqachon global darajaga ko‘tarilgan.

O‘z-o‘zidan «ishlanmaydigan hafta»dan ikki hafta avval biz o‘zimiz uchun o‘sha paytda o‘zimizga stressli tuyulgan bir necha ssenariylarni tayyorlab qo‘ygan edik. Eng yomoni – chakana savdoni ikki oyga yopib, biznesning bir qismini elektron tijoratga o‘tkazish, keyinchalik normal hayotga tezgina qaytish edi.

Hozir, aprelning boshida tushunarli bo‘ldiki, biz aynan shu yo‘nalishda harakatlanmoqdamiz, lekin hammasi o‘ylaganimizdan-da yomonroq bo‘lishi mumkin: Xitoy va Janubiy Koreyada vaziyat qanday rivojlanayotganini ko‘rib, tezda o‘zimizni tiklab olishimizga ishonch yo‘qligini tushunib turibmiz.

Qiyin tanlov

Bugungi vaziyatning kompaniyamiz uchun eng murakkab jihati – asosiy hamkorlar oldidagi majburiyatlarni bajarishning texnik imkoniyati yo‘qligi bo‘ldi.

Tushum keskin kamaygan sharoitda oldingi darajada xarajat qilish imkonsiz: tovar qoldiqlari keragidan ortiqcha, ijaraga olingan maydonlarda savdo bo‘lmayapti, personalning katta qismi ishlamayapti, marketing va kommunikatsiyalar uchun shartnomalar ma'nosini yo‘qotgan.

Bundan tashqari, banklar va davlat oldida qarzlar bor. Ularni restrukturizatsiya qilish og‘ir yoki imkonsiz. Ushbu vaziyatda to‘lovlarning ustuvorligi haqida savol paydo bo‘lishi muqarrar, u huquqiy risklar va qabul qilinayotgan qarorlarning etik jihati o‘rtasida muvozanat topish bilan yechiladi.

Bizning tanlovimiz quyidagicha.

Biz davlatga soliq, banklarga foiz to‘lashga majburmiz, ish o‘rinlari va bu vaziyatda xodimlarimizga mumkin bo‘lgan maksimal daromadni saqlab qolishni muhim deb bilamiz, biznesi ma'lum bir darajada kompaniyamizga bog‘liq bo‘lgan hamkorlarimiz oldida mas'uliyatni his qilamiz. Shu bilan birga, yirik tovar yetkazib beruvchilar va ijaraga beruvchilar oldidagi majburiyatlarimizni restrukturizatsiya qilishga majburmiz, ularning qo‘llovidan umid qilmoqdamiz. Chunki hammamiz bir xil vaziyatda qoldik. Boshqa kompaniyalarda o‘zgacha tanlov bo‘lishi mumkin, lekin nimanidir tanlashga baribir to‘g‘ri keladi.

Bugungi vaziyatning ikkinchi o‘ta muhim jihati – kompaniya xodimlari bilan munosabatlar. Odamlar sarosimada, qo‘rquvga tushib qolishgan. Men kompaniyaning barcha qarorlarini maksimal shaffof qilib, inqirozga qarshi ko‘rilayotgan choralarning barchasi, shuningdek kompaniyaning moliyaviy barqarorligi haqida xodimlarga axborot berib borish kerak, deb o‘ylayman.

Taassufki, kompaniya daromadlarining ham, uning xodimlari soni ham qisqarishi muqarrar. Shuning sababli xodimlar bu borada qabul qilinayotgan qarorlar asosli va adolatli ekanini ko‘rishlari biz uchun muhim.

Masofadan turib ishlashga o‘tilganini alohida ta'kidlashim kerak. Bu borada kompaniyamiz ilg‘orlar safida emas edi: uydan turib ishlash rag‘batlantirilmas edi; masofadan turib majlislar o‘tkazilmagan, qarorlar asosan yuzma-yuz o‘tirib qabul qilinar edi.

Bir hafta ichida masofadan ishlashni o‘rganishga majbur bo‘ldik. Yaxshiyamki bu dam olish kunlari e'lon qilinishidan avval yuz berdi, shuning uchun ofisda xodimlarning yo‘qligiga texnik jihatdan tayyor edik.

Masofadan turib ishlash jamoadagi aloqani uzmagani quvonarli edi. Jamoa ishga anchadan buyon bu qadar diqqat bilan yondashmagan, jamoa a'zolari ishga mehr bilan o‘zini jalb qilmagan edi. Lekin men avvalgidek, masofadan turib ishlash mehnatni tashkil qilishning eng samarali usuli deb hisoblamayman, chunki u odatdagidan ko‘ra ko‘proq tashkilotchilik va ma'murchilik, turli masalalarni qo‘yish va nazorat qilish bo‘yicha sa'y-harakatlarni talab qiladi.

Bu borada normal hayotga qanchalik ertaroq qaytsak, shunchalik yaxshi.

Tezlashish fursati

Jahonning ko‘plab kompaniyalari singari, bizning kompaniyamizda ham hozirgi davr trendlarning tezlashish fursatiga aylanganini his qilib turibmiz. Shunisi diqqatga sazovorki, bu trendlarda hech qanday yangi narsa yo‘q.

Elektron tijorat uzoq yillardan buyon o‘sib kelmoqda edi – sanoqli kunlar ichida u to‘rt barobarga o‘sdi.

Masofadan turib ishlash yanada keng tarqala boshladi – bir kun ichidayoq butun ofis uzoqdan turib ishlay boshladi.

Mijozlar bilan ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar orqali aloqa qilishning yangi kanallari rivoj topdi – bu kanallarning muhimligi sanoqli soatlar ichida ko‘p martaga o‘sdi.

Ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin, lekin shunisi muhimki, so‘nggi ikki hafta ichida hammamiz yopirilib, bir necha yil avval qilishimiz lozim bo‘lgan narsalarni qildik.

Endi nima bo‘ladi?

Garchi psixologik jihatdan bu qiyin bo‘lsa ham, bugun mamlakatdagi karantin sharoitida sarflanayotgan resurslarni cheklab, karantindan so‘ng cheklov choralari bekor qilingach, biznesni qayta ishga tushirish bo‘yicha tadbirlarni rejalashtirish bilan shug‘ullanish muhim.

Talab dinamikasining tiklanishini oldindan aytish juda qiyin, biroq operatsion faoliyatni qaytadan ishga tushirish bo‘yicha qadamlarni rejalashtirish juda muhim, deb o‘ylayman. Bizning birinchi maqsadimiz – inqirozdan keyingi talab hajmlarini anglash va barcha majburiyatlarni tartibga solish bo‘ladi.

Chakana biznesdagi vaziyatni belgilab beradigan inqiroz oqibatlariga to‘xtaladigan bo‘lsam, asosiy kutilmalar sifatida quyidagilarni ajratib ko‘rsatgan bo‘lar edim.

Koronavirus epidepiyasi tufayli kelib chiqqan iqtisodiy larzalar miqyosi ancha shafqatsiz bo‘ladi, desam original gap aytmagan bo‘laman, albatta. Misli ko‘rilmagan ishsizlik va daromadlarning pasayishi sodir bo‘lishi aniq, ularni davlatning qo‘llab-quvvatlashisiz yengish qiyin.

Iste'molchilik odatlari ham o‘zgarishga yuz tutadi

Birinchidan, insonlar uzoq vaqt bir-birlari bilan aloqa qilishdan cho‘chib turishadi va buning oqibatida offlayn do‘konlardagi tashrif pasayadi. Ikkinchidan, insonlarning katta qismi ilk marta internet-xaridlardan foydalanib ko‘rishdi, onlayn savdo inqirozdan oldingi darajaga qaytib tushmaydi. Bu vaziyat qa'rida ayrim imkoniyatlar yashirin ekaniga ham ishonaman, chunki katta miqdordagi pul massasi iste'molchilik faolligining pasayishi, safarlarning to‘xtagani, restoranlarning yopilganligi va h.k. tufayli iqtisod qilinadi.

Ishlab chiqarish va logistika zanjirlariga zarar yetadi. Davlatlar o‘rtasida tovarlarning harakatlanishi borasida joriy etilgan cheklovlar darhol olib tashlanmaydi. Materiallar va tarkibiy qismlarning ko‘plab kichik ishlab chiqaruvchilari kasod bo‘ladi, demak, mahsulot taqchilligi har qanday, hattoki mutlaqo kutilmagan sohada ham paydo bo‘lishi mumkin. Tezkor muammolar yuz bermaganida ham, bizneslar o‘z xaridlarining manbasini ko‘proq diversifikatsiyalash tomon qayta ko‘rib chiqadi.

Lekin meni bugungi holatdan kelib chiqayotgan ishonch muammosi ko‘proq tashvishlantirayapti. Aminmanki, aynan u jahon iqtisodiyotiga eng katta ziyon yetkazadi. Bizneslar bir-biriga va davlatga ishonmay qo‘yadi. Fuqarolarning ham davlatga va bizneslarga ishonchi o‘ladi. Risklar qayta baholab chiqiladi. Kreditlash qisqaradi. Kechagina oddiygina hisoblangan bitimlar ko‘proq amaliy kafolatlar talab qila boshlaydi.

Bu o‘zaro ishonchsizlik spiralini cheklashning eng yaxshi yo‘li – hozirdanoq o‘z kontragentlariga nisbatan ochiqlik va mas'uliyat bilan munosabatda bo‘lishdir.

Nima bo‘lganda ham, hayot o‘z o‘zani bo‘yicha ketmoqda, har qanday inqiroz ertami-kechmi baribir yakun topadi. Men mutaqo aminmanki, biz barchamiz majburiy izolyatsiyani sharaf bilan o‘tab chiqamiz, o‘z oilamiz bilan ko‘proq vaqt o‘tkazish imkoniyatidan quvvatlanib, sodir bo‘layotgan voqealardan saboq olamiz.

 

Mavzuga oid