Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tomorqadan oqilona foydalanmaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi rejalashtirilmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bir qator deputatlar tomonidan tomorqa yer egalarining tomorqalardan oqilona foydalanmaganligi uchun javobgarlikni kuchaytirishga oid qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Bu haqda Kun.uz’ga quyi palata axborot xizmati rahbari Hojiakbar To‘laganov xabar berdi.
“Bugungi global sharoit, ya'ni koronavirus pandemiyasi xalq xo‘jaligining barcha tarmoqlarini izchil rivojlantirish ishlarini yana bir qayta, jiddiy ko‘rib chiqishni taqozo etyapti. Hozirgi voqelik oziq-ovqat xavfsizligi har jihatdan muhimligini ko‘rsatmoqda.
Deputatlarning fikricha, koronavirus pandemiyasi iqtisodiyotga salbiy ta'sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Shu sababli, xalqimizni yetarli oziq-ovqat bilan ta'minlash bugungi kunda muhim vazifa. Albatta, ushbu jarayonda fermer, dehqon xo‘jaliklari bilan bir qatorda, tomorqa yer egalarining ham alohida o‘rni bor. Aholi o‘ziga ajratilgan yerdan unumli foydalanishi, ko‘proq hosil olishga harakat qilishi kerak.
Xalq vakillarining ta'kidlashicha, ishlab chiqilayotgan qonun loyihasi aholining mas'uliyatini oshirishga qaratilgan bo‘lib, unda alohida modda bilan ma'muriy javobgarlik o‘rnatish ko‘zda tutilmoqda”, deya Hojiakbar To‘laganovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Loyihada tomorqa yer uchastkasidan asossiz ravishda oqilona foydalanmaslik jarima solishga sabab bo‘lishi, xuddi shunday huquqbuzarlik ma'muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa unda ham jarima solishga sabab bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.
“Siyosiy partiyalarning parlament quyi palatasidagi fraksiyalari ushbu qonun loyihasiga qanday munosabat bildiradi, hozircha noma'lum. Albatta, buni vaqt ko‘rsatadi”, deydi Hojiakbar To‘laganov.
Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 8 aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tomorqachilikni rivojlantirish oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbai ekanini ta'kidlagan, “bunday davrda tomorqani qarovsiz tashlab qo‘yish xiyonat deb baholanishi kerak” deb aytgan edi.
Davlat rahbari barcha fermer, klaster, dehqonlar karantin qoidalariga amal qilgan holda o‘z dalasida, aholi esa tomorqasida bahorgi ekish ishlarini davom ettirishi kerakligini ta'kidlab, tomorqasiga ekin ekmagan fuqarolar yer solig‘ini oshirilgan stavkada to‘lashini ma'lum qilgandi.
Mavzuga oid
19:32 / 15.05.2026
“Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi
15:26 / 18.02.2026
Davlat bayrog‘ini namoyish etishda yagona talablar joriy etiladi
16:19 / 16.02.2026
Iste’molchilar shartnomalarida noqulay shartlar cheklanadi
12:27 / 16.02.2026