O‘zbekiston aholisining yarmidan ko‘pi qishloqlarda yashaydi. Shu bilan birga, o‘zbek qishlog‘i deyarli har tomonlama o‘z holiga tashlab qo‘yilgan, o‘tgan asrning 90-yillaridayoq o‘z-o‘ziga havola etilgan ijtimoiy qatlamdir. Shundan buyon qishloq hayot uchun qo‘lidan kelgancha kurashib kelyapti. Aynan qishloqdan ketgan millionlab mehnat migratsiyasi — buning isboti.

Qishloqning unutilgani, ya'ni tadqiqotlardan, ijtimoiy-iqtisodiy monitoringdan chetda qolgani, buning oqibatida uning ochiq va yashirin muammolar maskaniga aylangani aynan hozirgi holatda — davomli karantin sharoitida kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin. Zero, qishloq muammolari ko‘lamini... deyarli hech kim bilmaydi.  

Yuzaga kelgan holat go‘yo barmog‘ini bigiz qilib bizga buyuk ijtimoiy-iqtisodiy nomutanosibligimizni — 4 million gektar atrofida ishlov beriladigan yerlarimiz bo‘la turib, ko‘p millionlik qishloq ishsizligiga, buning oqibati o‘laroq ko‘p millionlik mehnat migratsiyasiga duchor bo‘lib turganimizni aytib turibdi (darvoqe, mehnat migrantlari endilikda uylariga qaytishdi, qishloqdagi ishsizlar armiyasi safini kengaytirib).

Agarda shahar bu — ko‘plab aholi, idoralar, muassasalar, tashkilotlar jamlanmasi bo‘lsa, qishloq unday joy emas. Boz ustiga, shahar odamlarining huquqiy ongi birmuncha shakllangan, qishloqda esa unday emas. Shaharlik qo‘qqisdan favqulodda qiyin ahvolda qolsa ko‘chaga chiqib yordam so‘rab xitob qilsa ham (bu hozirda aql bovar qilmaydigan holat bo‘lib ko‘rinsa-da, favqulodda holatda bunaqa manzarani tasavvur etish qiyin emas) unga mahalliy idoralar va jamoatchilikning e'tibori tushadi. Qishloqda esa bu kabi holatda xitobingizni hech bir yuqori idora eshitmaydi.

Mamlakatning uzoq tumanlariga yana bir narsa xos — markazdan uzoqlik sababli mansabdorlar o‘z majburiyatlariga nisbatan sovuqqondir. Shuning uchun, masalan, shu tobda qishloq aholisiga yordam tarzida markazdan ajratilayotgan mablag‘larni talon-toroj qilish yuqori ehtimol bilan ko‘plab marta sodir bo‘ladi. Va bu yomon niyatda emas, balki shunchaki odat bo‘lib qolgani sababidan yuz beradi.

Holat nihoyatda ekstremal tus olmasidan avval, uni yaxlit anglamoq lozim — karantin cheklovlari yana biroz davom etsa qishloq oilalari iqtisodiy inqirozga yuz tutadi: chet eldan pul jo‘natmalar barham topdi, zaxiralar tugaydi, shaharliklardan farqli o‘laroq, qishloq odamlarining aksari korxona va tashkilotlarda ishlamaydi — oylik maoshi olishmaydi. Qishloq ahlining daromadi aksar kunlik urinishlar, kommunikatsiyalar, bozor kon'yunkturasiga bog‘langan.