O‘zbekiston | 19:34 / 13.04.2020
28201
3 daqiqa o‘qiladi

Namanganda yana 11 bemor sog‘aydi. Shu vaqtgacha tuzalganlar soni 85 nafarga yetdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Namangan viloyatida koronavirusga chalinganlarning yana 11 nafari to‘liq tuzalgani to‘g‘risida ma'lum qildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Namangan viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida bugun yana koronavirus infeksiyasiga chalingan 11 nafar bemor butunlay sog‘aydi. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas'ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.

Sog‘aygan bemorlarning 3 nafari erkak, 8 nafari ayollardir. Ularning barchasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, infeksiya yuqtirib olgan. Samarali davolash muolajalaridan keyin, so‘nggi tekshiruvlar ularning xastalikni to‘liq yengib o‘tganini ko‘rsatdi.

«Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, ushbu muvaffaqiyatlar zamirida viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi jamoasining bahamjihat bo‘lib, ulkan mas'uliyatni chuqur his etgan holda, koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning shifo topishi uchun astoydil kurashayotgani muhim ahamiyat kasb etayapti. Buning uchun shifoxonada barcha sharoit yaratilgan, dori-darmon, zamonaviy tibbiy texnologiyalar, himoya vositalari bilan ta'minlangan.

Eng muhimi, darddan forig‘ bo‘layotgan insonlar quvonchi koronavirus pandemiyasi bilan kurashayotganlarga kuch-g‘ayrat bag‘ishlamoqda. Bu kabi xushxabarlar esa dunyoni tahlikaga solayotgan koronavirus infeksiyasi bilan samarali kurashish mumkinligi, hatto, g‘olib bo‘lish imkoni borligini ko‘rsatmoqda. Bunda hal qiluvchi zarbani berish, shubhasiz, tibbiyot xodimlarining zimmasida. Qahramon shifokorlarimiz esa ushbu vazifani sharaf bilan bajarishayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Bundan avvalroq Namangan viloyati hokimi Xayrulla Bozorov viloyatda koronavirusdan zararlanish holatlari 65taga yetgani, shu vaqtgacha ulardan 4 nafari tuzalgani, bir kishi vafot etgani, ayni vaqtda ikki bemor og‘ir ahvolda qolayotgani, ular sun'iy nafas oldirish apparatiga ulangani haqida ma'lumot bergandi.

Shu vaqtgacha Namangan shahridan tashqari Toshkent shahri, Xorazm, Namangan, Buxoro, Qashqadaryo, Farg‘ona va Andijon viloyatida ham koronavirus tashxisi qo‘yilgan bemorlar tuzalishni boshlagani qayd etilgandi.

  • 13 aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusdan zararlanish holatlari soni 934taga yetgan. Bugunning o‘zida O‘zbekistonda 19 kishi koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘aydi va shu vaqtgcha tuzalganlar soni 85 nafarga yetdi. 4 bemor olamdan o‘tgan.

Mavzuga oid