11:09 / 14.04.2020
122937

Koronavirus: Amerika orzusi dahshatli tushga aylandi

Ilk bosqichdagi beparvolik va bepisandlik, testlar yetishmovchiligi, mamlakat bo‘ylab muvofiqlashtirilgan kurash tizimi mavjud emasligi kabi holatlar alaloqibat AQShda Covid-19 portlashiga sabab bo‘ldi. Ayni damda mamlakatda virus bilan kasallanganlar soni qariyb 587 mingdan oshiqni tashkil qilmoqda. Vafot etganlar soni esa 24 mingga yaqinlashib qoldi.

Foto: Reuters

«Biz dahshatli zamon tomon ketib bormoqdamiz»

Ma'lumki, prezident Donald Tramp Covid-19’ning halokatli xavfini o‘z vaqtida anglab yeta olmadi. Hatto u dastlab koronavirusning yangi turi demokratlar tomonidan o‘zi va uning ma'muriyatiga zarar yetkazish uchun ishlatilgan «yolg‘on» ekanini ta'kidladi. Vaqt o‘tishi bilan epidemiyaning qanchalik xavfli ekani ma'lum bo‘lgach, Tramp avvalgi befarqligini xaspo‘shlash uchun o‘tkir tilni ishga soldi. U hatto virusga qarshi kurashni urushga qiyoslar ekan, o‘zini mana shu urush davrining prezidenti, deb atadi. Endilikda epidemiyaga qarshi kuchliroq choralar ko‘rila boshlangan bo‘lsa-da, aslida, mamlakat juda kech qoldi. Shu asno Tramp prezidentlik faoliyati davomida yaratmoqchi bo‘lgan «dunyodagi eng qudratli va gullab-yashnagan mamlakat» imijiga jiddiy putur yetdi.

Ayni paytda yaxshi ssenariy haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Faqat yomon yoki o‘ta yomon ehtimollargina mavjud. Oq uy tibbiyot ekspertlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, hatto uyda qolish buyrug‘iga amal qilingan taqdirda ham virus tufayli 100 mingdan 240 minggacha amerikalik vafot etishi mumkin.

«O‘lim juda ko‘p bo‘ladi, dedi Tramp jurnalistlarga bergan bayonotida. Biz dahshatli zamon tomon ketib bormoqdamiz. Ehtimol, bunday o‘lim ko‘rsatkichlarini ilgari hech ko‘rmagandirmiz. Ehtimol, buni Birinchi yoki Ikkinchi jahon urushidagi raqamlar bilan taqqoslashimiz mumkindir». Agar Birinchi jahon urushida 320 ming, Ikkinchi jahon urushida 1 million 76 ming amerikalik halok bo‘lgani hisobga olinsa, mazkur bayonot qanchalik dahshatli ekani oydinlashadi.

Sog‘liqni saqlash tizimi qulamoqda

Nyu-Yorkka suzuvchi gospitalga aylantirilgan kema kirib kelmoqda / Reuters

Donald Tramp tvitterda AQShning koronavirus epidemiyasini «nazorat qilayotgani»ni yozganidan so‘ng bir oy o‘tgach, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Amerika epidemiya markaziga aylanishi mumkinligini aytdi. Uzoq vaqt davomida surunkali muammolarga duch kelgan Amerika sog‘liqni saqlash tizimi g‘aflatda qolib, tayyorgarlik ko‘rishga ulgurmagani ham bunda katta rol o‘ynadi.

Epidemiya tarqalganidan keyin hech qancha vaqt o‘tib ulgurmay, AQSh kasalxonalarida tibbiy vositalar yetishmovchiligi yuzaga keldi. Shifokor va hamshiralar internet orqali bu masalada yordam so‘rab murojaat qila boshlashdi. To‘qimachilik korxonalaridan esa kasalxona ishchilari uchun tibbiy niqob tikish so‘raldi. Ammo vaziyat shu qadar yomon tus oldiki, bir anesteziologning muolaja paytida boshiga yelim paket kiyib olgani keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Keyinchalik esa hatto chiqindi paketlaridan himoya vositasi sifatida foydalanayotgan shifokorlar tasviri ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi.

Birlamchi himoya vositalari masalasida mana shunday muammolarga duch kelinayotgan bir paytda respirator (nafas olish moslamasi) yetishmovchiligi dard ustiga chipqon bo‘ldi. Markaziy hukumat shtatlarning buyurtmalarini bajara olmadi. Masalan, epidemiya o‘chog‘i bo‘lgan Nyu-Yorkka atigi 400ta respirator jo‘natildi. Shahar gubernatori Endryu Kuomo esa bu ish ko‘zbo‘yamachilikdan boshqa narsa emasligini ta'kidlab, shtatda 30 mingta respiratorga ehtiyoj borligini ma'lum qildi.

Har bir shtat o‘z muammosini o‘zi hal qilishga urinar ekan, Amerika sog‘liqni saqlash tizimi parokandalikka yuz tutdi. Epidemiyaga qarshi kurashni muvofiqlashtirish hali bir yoqda tursin, shtatlar va shaharlar muhim tibbiy jihozlar maslasida «yoqa bo‘g‘isha boshlashdi».

Endi esa ayting, mana shunday bir vaziyatda AQSh milliy sog‘liqni saqlash tizimi haqida qanday gap bo‘lishi mumkin?

Pul jondan azizmi?

Shuni ham alohida ta'kidlash lozimki, bugungi kunda taxminan 30 million amerikalik tibbiy sug‘urtaga ega emas. Iqtisodiy bo‘hron va ishsizlik ko‘rsatkichlari jadal sur'atlar bilan o‘sib borayotganini hisobga olsak, bu raqam kelgusida yanada ortishi aniq. Qolaversa, ko‘plab AQSh fuqarolarining sug‘urtasi yetarli darajada qamrovli emas. Zotan, ushbu toifadagi amerikaliklar ham, sug‘urtalanmaganlar ham mobodo Covid-19 tufayli jonlantirish bo‘limida qolgudek bo‘lsalar, katta miqdordagi to‘lovlar ularni qarshi olishi aniq. Masalan, Florida shtatida sug‘urtasiz bir bemordan Covid-19 muolajasi uchun qariyb 35 ming dollar mablag‘ so‘ralishini hisobga olsak, xastalarga Xudoning o‘zi to‘zim bersin, deyishdan boshqa iloj qolmaydi.

Hisobotlarda aytilishicha, davolanish summasi shaxsiy tibbiy sug‘urtasi bo‘lganlar uchun 38 ming dollargacha, sug‘urtasizlarga esa 73 ming dollargacha bo‘lishi mumkin.

Iqtisodiyot tubi ko‘rinmas girdob tomon oqib bormoqda

Nyu-Yorkda vafot etganlar Hart orolidagi birodarlik qabristoniga dafn etilmoqda / Reuters

So‘nggi 113 oy davomida AQShda ish bilan band bo‘lganlarning umumiy soni muttasil o‘sib borayotgan edi. Ammo ushbu yuksalish trendi mart oyida 700 mingdan ortiq kishining ishidan ayrilishi natijasida barham topdi. Yaqinda ishg‘ol qilingan 3,5 foizlik tarixiy natijadan so‘ng ishsizlik darajasi tez sur'atlar bilan o‘sa boshladi.

Milliy restoran assotsiatsiyasi hisob-kitoblariga ko‘ra, epidemiya natijasida birgina restoran sanoatining o‘zida 5 milliondan 7 milliongacha ishchi ishdan bo‘shatilishi kutilmoqda. Ushbu tarmoq so‘nggi uch oy davomida 225 milliard dollar yo‘qotishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. So‘nggi ikki hafta ichida 17 milliondan ortiq amerikalik ishsizlik nafaqasini olish uchun murojaat qilgani ham vaziyat og‘irligidan darak bermoqda.

Ayni vaqtda iqtisodiyotdagi tijoriy faoliyat pasayishi natijasida AQShda ishlab chiqarish qisqarmoqda. Milliy ishlab chiqaruvchilar uyushmasining yangi tadqiqotiga ko‘ra, virus tarqalishi tufayli kompaniyalarning 80 foizi moliyaviy zarba olishi kutilmoqda.

Garchi prezident Tramp iloji boricha tezroq iqtisodiy faoliyatni normallashtirish to‘g‘risida bayonotlar bergan bo‘lsa-da, ko‘plab ekspertlarning fikricha, bunga yaqin orada erishish mumkin emas. Qolaversa, virus qachon jilovlanishi aniq bo‘lmagani uchun vaziyat kutilganidan ham yomonlashishi mumkinligi aytilmoqda. Epidemiyaning global retsessiyaga sabab bo‘lishi tusmol qilinyapti.

Ba'zi mutaxassislarning fikricha, retsessiya jarayoni allaqachon boshlandi. Restoran sohasi butkul to‘xtab qoldi. Havo yo‘llari, avtomobil sanoati, mehmonxonalar, sport zallari va kruiz liniyalari kabi sohalar ham jar yoqasida. Birjalar esa ba'zan savdo-sotiqni butunlay to‘xtatadigan, ulkan yo‘qotishlar va qo‘rqinchli kunlik tebranishlar kuzatiladigan joyga aylanib qoldi. Neft narxi ham tushib ketdi. Mamlakat bo‘ylab ishdan bo‘shatish holatlari ko‘kka sapchigan to‘lqin tusini olmoqda. Endilikda odamlar kamroq ishlab chiqarib, kamroq sarflab, kamroq iste'mol qilishga urinmoqda. Ta'bir joiz bo‘lsa, hozir ko‘plab davlatlar qatori AQSh iqtisodiyoti ham tubi ko‘rinmas girdob tomon bormoqda.

Epidemiyaning siyosiy ta'siri his qilinmoqda

Shubhasiz, prezident Tramp Covid-19 epidemiyasining salbiy siyosiy ta'sirini ham his qilmoqda. U 2020 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan prezident saylovlari oldidan duch kelgan ushbu kutilmagan to‘siqni yengib o‘tishi lozim. Ochig‘i, uning yuqumli kasalliklarga qarshi kurash borasida hozirgi kunga qadar olib borgan faoliyati u qadar porloq bo‘lmadi. Dastlabki bosqichda virus tahdidini to‘g‘ri baholay olmagani va kelajak uchun zararni taxmin qilishi jiddiy tanqidlarga sabab bo‘lyapti. Zotan, Tramp ma'muriyati virusga qarshi global kurashda liderlik qilish uyoqda tursin, hatto mamlakat ichidagi vaziyatni nazorat ostiga ola bilishda ham bir qadar ishonchsizlik uyg‘otmoqda.

Ushbu epidemiya yuqori qutbli o‘zaro ayblovlar va og‘ir haqoratlar bilan kechadigan prezident saylovlari jarayoniga ham jiddiy ta'sir ko‘rsatdi, albatta. Masalan, avvaliga Demokratlar partiyasining Ohayo va Viskonsin shtatlaridagi dastlabki saylovlari qoldirildi. Keyinchalik esa Demokratlar partiyasi delegatlari tomonidan partiyaning 2020 yilgi saylovlarda prezident va vitse-prezidentlikka nomzodini aniqlaydigan Demokratik Milliy Kongress avgust oyiga qoldirilgani ma'lum qilindi. Bundan tashqari, demokratlarning eng kuchli nomzodi Jo Bayden va prezident Donald Tramp munozaralarga tanaffus berib, Covid-19 epidemiyasi haqida telefonda fikr almashdi. Shunday qilib, epidemiyaga qarshi kurashda partiyaviy kelishuv eshiklari ochildi. Ammo AQSh ustiga balo kabi yopirilgan epidemiyadan xalos bo‘lish uchun bundan-da ko‘proq narsa talab qilinadi. Zotan, ayni paytda AQSh iqtisodiyoti, siyosati va sog‘liqni saqlash tizimining surunkali muammolarini zudlik bilan hal qilish lozim. Allaqachon dahshatli tushga aylangan «Amerika orzusi»ning ro‘yobini ko‘rish uchun esa albatta vaqt kerak.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top