Toshkentda koronavirusga qarshi kurashayotgan tibbiyot xodimlarining navbatdagi guruhi almashdi
Toshkent shahridagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklari instituti klinikasida o‘tgan ikki hafta mobaynida koronavirusga chalingan bemorlarni davolash bilan shug‘ullangan 67 nafar xodim reabilitatsiyaga yuborildi va ularning o‘rnida tibbiyot xodimlarining navbatdagi guruhi ish boshladi.
«Tibbiyot xodimlari dunyo bo‘ylab koronavirus pandemiyasiga qarshi mardonavor kurashayotganliklariga barchamiz guvoh bo‘lib turibmiz. Yurtimizda ham koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish borasida tezkor va qat'iy choralar ko‘rilmoqda. Ushbu jarayonda, ayniqsa, tibbiyot xodimlarining fidoyiligi tahsinga loyiq.
Hozirgi murakkab vaziyatda qahramonlarcha faoliyat yuritayotgan soha fidoyilari safida Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklari instituti klinikasida jamoasi ham bor. Bugun ushbu klinikaning matonat va jonuyarlik bilan ish olib borgan 67 nafar xodimi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov boshchiligida mas'ullar tomonidan alohida ehtirom bilan reabilitatsiyaga kuzatildi. Endilikda ular o‘rnida navbatdagi fidoyi tibbiyot xodimlari faoliyat boshlashadi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ular faoliyatiga yuqori baho berilib, o‘z hayoti va sog‘ligini garovga qo‘yib, pandemiya bilan kurashayotgan shifokorlar, hamshiralar, sanitar xodimlarga butun O‘zbekiston xalqi nomidan cheksiz minnatdorlik bildirganlari ham bejiz emas.
Ushbu klinika jamoasining xalqaro standartlar asosida davo muolajalarini olib borganliklari uchun ham kuni kecha 10 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar butunlay sog‘ayishga erishdi. Ayni paytda mazkur shifoxonada davolanayotgan yuzdan ziyod bemorlarni darddan forig‘ etish yo‘lida tibbiyot xodimlari jasorat va fidoyilik namunasini ko‘rsatib mehnat qilishmoqda. Bu esa tez kunlarda yana ko‘plab bemorlarimizning butunlay tuzalib ketishlariga zamin yaratishi shubhasiz.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov birdamlikda bor mahorati va tajribasini ishga solgan holda mehnat qilishgan tibbiyot xodimlariga chuqur ehtirom ko‘rsatgan holda, ular o‘rnida faoliyat boshlagan shifokorlarga muvaffaqiyat tiladi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.
Mavzuga oid
18:53 / 30.07.2024
Maktab o‘quvchilari va bog‘cha tarbiyalanuvchilarining to‘rtdan bir qismida turli kasalliklar aniqlandi
11:28 / 22.07.2024
Nikohlanuvchilar qanday tibbiy ko‘riklardan o‘tishi kerak?
17:25 / 20.07.2024
Dunyo bo‘ylab vabo tarqalish xavfi juda yuqori baholanmoqda
19:59 / 09.07.2024