BBC rus xizmati koronavirus pandemiyasi bo‘yicha so‘nggi ma'lumotlarni jamladi. 15 aprel kuni butun dunyo bo‘ylab Covid-19’dan zararlanish holatlari 2 millionlik nuqtadan o‘tdi, o‘limlar soni - 131 mingdan oshgan. Shuningdek, yarim milliondan ortiq kishi sog‘aygan.

Zararlanish holatlarining 622 mingdan oshig‘i AQShda qayd etilgan. Bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkich. Dunyoda pandemiyadan zararlanish holatlari yarim millionlik nuqtadan 2 aprel kuniyoq o‘tgandi.

BBC nashrining statistika bo‘limi rahbari Robert Kaff esa virusdan zararlanganlarning haqiqiy soni ko‘proq degan fikrda.

Ikki millionlik raqam nimani anglatadi?

Aslida virus ikki millionlik nuqtadan avvalroq o‘tib bo‘lgan - tasdiqlangan tashxislar asosidagi rasmiy raqamlar - bu haqiqiy zararlanishlarning bir qismi.

Statistikada qayd etilishi uchun bemorga tashxis qo‘yilishi kerak, buning uchun esa u shifokorga murojaat qilishi talab etiladi.

Ko‘plab bemorlarda kasallik alomatlari bo‘lmaydi yoki yengil simptomlar kuzatiladi. Bunday bemorlar esa qoidaga ko‘ra shunchaki o‘z uyida ihotalanadi va uyida qoladi, ular statistikaga kiritilmaydi.

Britaniyadagi statistik ma'lumotlar yaqin vaqtlargacha shifoxonalardagi faqat eng og‘ir ahvoldagi bemorlar bo‘yicha yuritib kelinardi.

Tasdiqlangan holatlar o‘sishi dinamikasi qaysi davlatda epidemiya qay holatda ekanini ko‘rsatishi kerak: virus tarqalishi tezlashayotgani, barqaror qolayotgani yoki pasayayotganini.

Ammo raqamlar haqiqiy ko‘lamni ifodalay olmaydi - na bir alohida davlatda va na butun dunyoda.

Yevrokommissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen chorshanba kuni Yevropada karantin choralarini muvofiqlashgan holda bekor qilish bo‘yicha rejani taqdim etdi. Hujjatda hukumatlar karantin choralarini yumshatishdan oldin hisobga olishi kerak bo‘lgan mezonlar hamda qat'iy karantin choralari bekor qilinganidan keyin amal qilinishi kerak bo‘lgan tamoyillar ifodasini topgan.

Loyihada jumladan quyidagilar o‘rin olgan: karantin rejimidagi o‘zgarishlar to‘g‘risida boshqa a'zo davlatlarni xabardor qilish, karantinni bosqichma-bosqich yengillashtirish, xatar guruhidagi fuqarolar – keksalar va surunkali kasalligi bo‘lganlarni koronavirus yuqtirishdan himoya qilish.