O‘zbekiston | 10:25 / 16.04.2020
3671
4 daqiqa o‘qiladi

TATUda masofaviy o‘qitish shakli joriy etiladi

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida tajriba tariqasida bosqichma-bosqich masofaviy o‘qitish shakli joriy etiladi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining “2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida tajriba tariqasida bosqichma-bosqich masofaviy o‘qitish shaklini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, prezidentning “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasini “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” 2020 yil 3 martdagi PF–5953-son farmoniga muvofiq quyidagilar:

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida tajriba tariqasida bosqichma-bosqich masofaviy o‘qitish shakli joriy etilishi;

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi 2020 yil 1 avgustga qadar masofaviy o‘qitish shaklini amalga oshirish tartibini belgilash, dasturiy-apparat kompleksini yaratish, tegishli oliy ta'lim muassasalarining o‘quv jarayoniga masofaviy o‘qitish platformasini joriy etish va o‘rnatilgan tartibda zarur bo‘lgan uskunalar bilan jihozlashni ta'minlash belgilangan.

Bunda, belgilab qo‘yilishicha, tajriba tariqasida bosqichma-bosqich masofaviy o‘qitish shakli 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti filiallarida ham joriy etiladi.

Universitet va uning filiallari huzurida masofaviy o‘qitish jarayonlarini tashkil etishga mas'ul bo‘lgan, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Masofaviy ta'lim markazlari tashkil etiladi.

Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilanadi:

to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;

xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida bajarilayotgan loyihalar mablag‘lari;

xalqaro moliya institutlarining grantlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Quyidagilar ta'limning masofaviy shaklini joriy etish orqali Universitet va uning filiallarini rivojlantirishning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

masofaviy ta'lim texnologiyalaridan foydalangan holda tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha masofaviy o‘qitishni tashkillashtirish orqali bakalavrlarni tayyorlash;

yoshlarning yashash joyi yoki ish joyida eng qulay shaklda ta'lim olishlari uchun xizmatlarni taqdim etish orqali oliy ta'lim bilan qamrovini kengaytirish;

masofaviy ta'lim xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida talabalar faolligini yanada oshirish;

masofaviy ta'lim berish uchun yagona axborot-ta'lim muhitini shakllantirish va uni doimiy rivojlantirib borish;

masofadan ta'lim uchun zamonaviy multimedia texnologiyalari (audio, video va grafik) orqali elektron ta'lim resurslarini yaratilishini tashkil etish;

masofaviy ta'lim uchun ishlab chiqilgan elektron ta'lim resurslarining sifatini ekspertizadan o‘tkazish va masofaviy o‘qitish jarayoniga joriy etish;

masofaviy ta'lim texnologiyalarini o‘qitishning barcha shakllariga joriy etish imkoniyatlarini yaratish;

elektron va masofaviy ta'lim sohasida xalqaro hamkorlikda ishtirok etish.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar hamda boshqa tashkilotlarning tegishli kadrlarga bo‘lgan real ehtiyojidan kelib chiqib, 2020/2021 o‘quv yili va keyingi yillar uchun talabalarni qabul qilish kvotalari hamda to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymati miqdorlarini belgilaydi.

Mavzuga oid