O‘zbekiston | 20:54 / 17.04.2020
11339
3 daqiqa o‘qiladi

181 ming tonna kartoshka zaxiralangan, xorijdan yana 130 ming tonna olib kelindi – Saidkamol Xo‘jayev

Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Saidkamol Xo‘jayevga ko‘ra, O‘zbekistonda kartoshka tanqisligi vujudga kelmaydi. U 2019-2020 yillar qish-bahor mavsumi uchun 181 ming tonna kartoshka zaxiralangani, 2020 yil yanvar-mart oylarida xorijdan 130 ming tonna kartoshka olib kelinganini ma'lum qildi.

“Respublikamizda kartoshka taqchilligi asosan mart-aprel oylariga to‘g‘ri keladi va oylik ehtiyoj 45-50 ming tonnani tashkil qiladi. Bu davrda ichki iste'mol asosan zaxira va chet eldan import qilish hisobiga qondiriladi. 2019-2020 yillar qish-bahor mavsumi uchun 181 ming tonna kartoshka zaxiralangan. Shuningdek, 2020 yil yanvar-mart oylarida xorijdan 130 ming tonna kartoshka olib kelindi. Mart oyining o‘zida kartoshka iste'moli 60 ming tonnadan oshdi. Aprel oyida ham ehtiyojning bir qismi import hisobidan qoplanadi.

Mart oyi oxirgi o‘n kunligidan boshlab respublikamizning janubiy viloyatlaridan ichki bozorlarimizga ertaki kartoshka mahsulotlari chiqarila boshlandi, jumladan aprel oyida 65 ming tonnaga yaqin, may oyida esa 85 ming tonna kartoshka yetishtiriladi.

Shuningdek, kartoshkachilikni rivojlantirish, hududlarni ixtisoslashtirish, sohani qo‘llab-quvvatlash tizimlarini yaratish maqsadida maxsus qaror loyihasi ishlab chiqildi hamda ushbu qaror loyihasi tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilmoqda.

2020 yilda respublika bo‘yicha asosiy va g‘alladan bo‘shaydigan takroriy hamda tomorqa xo‘jaliklarida jami 130 ming gektar maydonda 2,9 mln tonnaga yaqin kartoshka ishlab chiqarish prognoz ko‘rsatkichlari belgilab olindi. Yil davomida ichki iste'molni to‘liq qoplashga yetadi”, deya Saidkamol Xo‘jayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazir o‘rinbosari Yevrosiyo iqtisodiy kengashi hay'ati tomonidan Markaziy Osiyo mintaqasi aholisining oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash maqsadida kartoshka, guruch, grechka va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari eksportiga cheklovlar qo‘yilgani sababli O‘zbekistonda 2020 yil yakunigacha va keyingi yil pishiqchilik mavsumigacha aholining asosiy oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan talab va ehtiyojlarini ta'minlash choralari ko‘rilayotganini ta'kidladi.

“Davlatimiz rahbari raisligida 14 aprel kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2 baravarga oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

BMTning JSST, FAO tashkilotlari tomonidan belgilangan iste'mol me'yorlari asosida respublikada kundalik iste'mol uchun zarur bo‘lgan 21 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, shundan 9 turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan kartoshka, piyoz, sabzi, mevalar, uzum, poliz, dukkaklilar, guruch, bug‘doy mahsulotlari (un, non, makaron) ishlab chiqarish va talabni qondirishdagi bugungi holati o‘rganib chiqildi”, dedi u.

Mavzuga oid