O‘zbekiston | 07:15 / 17.04.2020
36311
11 daqiqa o‘qiladi

Zarar ko‘rib ishlovchi korxonalar bo‘yicha prezident qarori qabul qilinadi

Iqtisodiy nochor, zarar ko‘rib ishlovchi va past rentabelli korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinadi

Foto: Shutterstock

Prezidentning “Iqtisodiy nochor, zarar ko‘rib ishlovchi va past rentabelli korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi markaziy apparati boshqaruv xodimlarining cheklangan sonini ko‘paytirib, 4 nafar qo‘shimcha shtat birligi ajratilgan holda markaziy apparatidagi Bankrotlik masalalari va Davlat ishtirokidagi korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish boshqarmalari negizida Iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy inqirozdan olib chiqish Departamenti tashkil etiladi hamda Agentlikning hududiy boshqarmalari har biriga 1 nafardan jami 14 nafar qo‘shimcha shtat birligi ajratiladi.

Agentlikka davlat ishtirokidagi iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy inqirozdan chiqarish bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatiladi:

iqtisodiy nochor korxonalarga ularni moliyaviy inqirozdan olib chiqish uchun xalqaro va mahalliy ekspertlarni jalb qilishda ko‘maklashish hamda ularning ish haqi xarajatlarini qoplab berish;

to‘lovchanlik qobiliyatini tiklash imkoniyati mavjud bo‘lgan iqtisodiy nochor korxonalarga tijorat banklaridan kredit olishda kafilliklar va kafolatlar hamda ularning foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya berish shaklida moliyaviy yordam ko‘rsatish;

to‘lovchanlik qobiliyatini tiklash imkoniyati mavjud bo‘lgan iqtisodiy nochor korxonalarga ularning kreditorlari bilan qarzdorlik to‘lov muddatini uzaytirish, bo‘lib to‘lash yoki qisman kechish bo‘yicha kelishuv davrida kafilliklar va kafolatlar berish shaklida yordam ko‘rsatish;

to‘lovchanlik qobiliyatini tiklash imkoniyati mavjud bo‘lgan iqtisodiy nochor korxonalarning budjet va budjetdan tashqari maqsadli jamg‘armalardan bo‘lgan qarzdorliklari to‘lov muddatini uzaytirish, penya va jarimalarini hisobdan chiqarish bo‘yicha taklif ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish;

xalqaro moliya institutlari va xorijiy moliya tashkilotlari bilan iqtisodiy nochor korxonalarni qo‘llab-quvvatlash loyihalarini amalga oshirish, ularga texnik va maslahat ko‘magini tashkil etish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish.

Davlat ishtirokidagi iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy inqirozdan chiqarish, ularga kafillik va kompensatsiyalar tarzda davlat ko‘magini berish Agentlik huzuridagi budjetdan tashqari Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligiga, iqtisodiy nochor ahvolga tushib qolgan to‘lovchanlik qobiliyatini tiklash imkoniyatiga ega xususiy tadbirkorlikning barcha shakllarini budjet va budjetdan tashqari maqsadli jamg‘armalardan bo‘lgan qarzdorliklarini to‘lov muddatini uzaytirish, penya va jarimalarini hisobdan chiqarish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish huquqi beriladi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

a) 2020 yil 1 iyundan:

davlat soliq xizmati organlarining arizalari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan bankrotlikning soddalashtirilgan taomillarini o‘tkazishda har bir yakunlangan tugatishga doir ish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan sud boshqaruvchilariga mehnatga haq to‘lash amaliyoti bekor qilinadi;

tadbirkorlik sub'yektiga nisbatan bankrotlikning soddalashtirilgan taomillarini qo‘llashda sudga ariza kiritgan da'vogar tomonidan tugatish, shu jumladan, sud boshqaruvchiga haq to‘lash xarajatlari uchun iqtisodiy sudlarning depozit hisob-varaqlariga oldindan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining besh baravari miqdorida to‘lov amalga oshiriladi. Bunda tugatish, shu jumladan, sud boshqaruvchiga haq to‘lash xarajatlari qarzdorning aktivlari hisobidan qoplangan taqdirda mazkur mablag‘lar arizachi da'vogarga qaytariladi. Bunda sud boshqaruvchisiga har bir yakunlangan ishi uchun haq belgilanadi;

tasdiqlangan maxsus o‘quv dasturiga muvofiq sud boshqaruvchilarini tayyorlash, ularning kasbiy darajasi va malakasini oshirish bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarini tashkil qilish hamda guvohnoma va sertifikat berish kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash bo‘yicha litsenziyaga ega tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi;

uch yildan kam bo‘lmagan uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan “fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritish” ixtisoslashuvi bo‘yicha litsenziyaga ega bo‘lgan advokatlar, shuningdek uch yildan kam bo‘lmagan uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan auditorlar sud boshqaruvchilarini tayyorlash bo‘yicha o‘quv kursini o‘tamasdan sud boshqaruvchilari attestatsiya komissiyasining test imtihonlariga qo‘yish amaliyoti joriy etiladi;

b) 2021 yil 1 yanvardan:

bankrotlikning sud sanatsiyasi va tashqi boshqaruv taomillarini o‘tkazish jarayonida bankrotlik taomili qo‘llanilgan korxonaning joriy soliq to‘lovlarini bankrotlik jarayoni muddati yakunlangandan so‘ng to‘lash amaliyoti joriy etiladi;

bankrotlikning tugatishga doir ish yuritish taomili jarayonida bankrotlik taomili qo‘llanilgan korxona mol-mulkini sotishdan tushgan mablag‘larning qarzdorlikni qoplashga yo‘naltirilgan qismi qo‘shilgan qiymat va daromad solig‘idan ozod etiladi;

v) bankrotlik taomillari qo‘llanilgan korxonalarning mol-mulklarini “Ye-ijro auksion” yagona elektron savdo maydonchasi orqali sotish va bunda bozor munosabatlaridan kelib chiqib kreditorlarning roziligi bilan:

takroriy savdolarda mol-mulk bahosini 30 foizgacha bosqichma-bosqich tushirib borish;

takroriy savdolarda sotilmagan mol-mulklarni kreditorlar yig‘ilishi tomonidan belgilangan boshlang‘ich bahosida ommaviy oferta savdolarida sotishga ruxsat etiladi;

g) tugatishga doir ish yuritish tamomlanganligi to‘g‘risida iqtisodiy sudning ajrimida:

benefitsiar va affillangan shaxslarning birgalikdagi xatti-harakatlari oqibatida bankrotlikni yashirish yoki qasddan bankrotlikka olib kelish alomatlari aniqlangan holatlarda, qoplanmay qolgan qarzdorlik bo‘yicha kreditorlar talablarini subsidiar tartibda mazkur shaxslardan talab qilib olish huquqi berish;

bunday alomatlar aniqlanmagan holatlarda kreditorlarning qoplamay qolgan qarzdorligi qanoatlantirilgan deb topish va qarzni hisobdan chiqarish ko‘rsatiladi;

d) 2022 yil 1 yanvardan quyidagilarni nazarda tutuvchi jismoniy shaxslarning bankrotligi amaliyoti joriy etiladi:

bankrotlik to‘g‘risidagi ish bankrotlik alomatlari mavjud bo‘lgan taqdirda, agar qarzdor jismoniy shaxsga nisbatan jami talablar summasi bazaviy hisoblash miqdorining kamida ikki yuz barobarini tashkil etadigan bo‘lsa, sud tomonidan qo‘zg‘atish;

bankrotlik to‘g‘risidagi ish doirasida qarzdorning oylik daromadlaridan kelib chiqib, qarzdorlikni to‘lov grafigi asosida bo‘lib-bo‘lib to‘lash tartibini joriy etish;

bankrotlik to‘g‘risidagi ish doirasida sud tomonidan moliyaviy sanksiyalar natijasida hosil bo‘lgan qarzdorliklardan ozod etish nazarda tutiladi.

Sud boshqaruvchilari faoliyati samaradorligini oshirish, ularni rag‘batlantirish maqsadida:

a) sud boshqaruvchilariga quyidagi qo‘shimcha huquqlar beriladi:

o‘ziga yuklatilgan vazifa va majburiyatlarni bajarish doirasida davlat xizmatlari, shu jumladan davlat xizmatlari agentligi orqali ko‘rsatiladigan xizmatlardan bepul foydalanish;

oldindan to‘lovlarni amalga oshirmasdan bankrotlik taomillari qo‘llanilgan korxonalarning ko‘chmas mulklariga kadastr hujjatlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;

soliq organlaridan qarzdor korxonaning moliya-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq hisobotlar, tekshirish dalolatnomalari va ishi bilan bog‘liq boshqa materiallardan foydalanish;

b) sud boshqaruvchilarining faoliyati natijadorligiga qarab, bankrotlik taomili qo‘llanilgan korxonaning kreditorlari roziligi bilan sud boshqaruvchilarga quyidagi holatlarda qo‘shimcha haq to‘lash belgilanadi:

agar kreditorlar talablari reestriga kiritilgan kreditorlarning qarzdorligi to‘liq qoplangan bo‘lsa, ushbu qoplangan kreditorlar talablari summasining o‘n foizigacha miqdorida;

agar kreditorlar talablari reestriga kiritilgan kreditorlarning etmish besh foizidan ko‘prog‘i qanoatlantirilgan bo‘lsa, ushbu qoplangan kreditorlar talablari summasining sakkiz foizigacha miqdorida;

agar kreditorlar talablari reestriga kiritilgan kreditorlarning ellik foizidan ko‘prog‘i qanoatlantirilgan bo‘lsa, ushbu qoplangan kreditorlar talablari summasining besh foizigacha miqdorida.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi:

2020 yil 1 iyulga qadar Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi va O‘zbekiston sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasi bilan birgalikda bankrotlik to‘g‘risidagi ishda ishtirok etayotgan shaxslarga zarar yetkazilishi hodisasi uchun sud boshqaruvchisi javobgarligini majburiy sug‘urtalashning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Oliy sud va Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda to‘lovchanlik qobiliyatini tiklash imkoniyati mavjud bo‘lgan iqtisodiy nochor korxonalarga kafilliklar, kafolatlar berish, bank kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya berish, budjet va budjetdan tashqari maqsadli jamg‘armalardan bo‘lgan qarzdorliklari to‘lov muddatini uzaytirish, penya va jarimalarini hisobdan chiqarish tartibini ishlab chiqadi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Davlat soliq qo‘mitasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Adliya vazirligi va Savdo sanoat palatasi bilan birgalikda 2020 yil 1 iyunga qadar:

tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan Davlat budjetiga yoki davlat maqsadli jamg‘armasiga to‘lanadigan majburiy to‘lovlarni to‘lash intizomini kuchaytirish va muddati o‘tgan kreditorlik qarzdorlikka yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha taklif ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

soliq qarzini undirish bo‘yicha ijro hujjatlarida ko‘rsatilgan undiruvni amalga oshirish imkoniyati mavjud bo‘lmagan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarni tugatish tartibini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid