Jahon | 01:12 / 20.04.2020
9025
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya bosh vaziri koronavirus bo‘yicha bir nechta muhim yig‘ilishni o‘tkazib yuborishda ayblandi

Britaniya bosh vaziri Boris Jonson mamlakatga epidemiya hali kelmagan vaqtda koronavirus bo‘yicha o‘tkazilgan bir nechta muhim yig‘ilishni o‘tkazib yuborishda ayblandi.

Bunga javoban Britaniya hukumati a'zosi Maykl Gouv Jonsonning yonini olgan.

“Bosh vazir koronavirus xavfiga javobimiz uchun muhim bo‘lgan uchrashuvlarni o‘tkazib yuborganini taxmin qilish kulgilidir”, deb aytgan Gouv Sky News telekanaliga.

Sunday Times nashrining xabar berishicha, Jonson Britaniyadagi epidemiologik vaziyat masalasi bo‘yicha 5 ta yig‘ilishni o‘tkazib yuborgan. Nashrning ta'kidlashicha, koronavirus epidemiyasi mamlakat uchun xavfli ekani haqida yanvarda paydo bo‘lgan va keyinroq fevralda bir necha marta takrorlangan ogohlantirishlar “Brekzit” masalasiga “sho‘ng‘ib ketgan” Jonson tomonidan eshitilmagan va boy berilgan vaqt ehtimol minglab britaniyaliklarning hayotiga zomin bo‘lgan.

“Haqiqat shundaki, hukumat darajasida turli uchrashuvlar bo‘lgan. Ularning ba'zilarida sog‘liqni saqlash vaziri, boshqalarida boshqa vazirlar raislik qilgan. Biroq bosh vazir eng muhim qarorlarni qabul qilgan”, deb aytmoqda Gouv.

Keyinroq u Jonson haqiqatan ham 5ta yig‘ilishda bo‘lmaganini, biroq bu g‘ayritabiiy narsa emasligini aytgan. 

Sunday Times esa Britaniya hukumati yanvar-mart oylarida koronavirusning mamlakatga ta'sirini kamaytirish uchun imkoniyatni qo‘ldan chiqarganini ta'kidlamoqda. Nashrning eslatib o‘tishicha, hukumat himoya kiyimlari va niqoblari taqchilligi hamda virusni aniqlovchi testlar yetarlicha tezmasligi uchun tanqid qilingan.

Jonsonning o‘zi ham mart oxirida koronavirusga chalinib, uyda o‘zini izolyatsiya qilgan. Biroq u kasallik alomatlari zo‘raygach, 6 aprelga o‘tar kechasi shifoxonaga joylashtirilgan. Jonson koronavirusdan sog‘aygach, 12 aprelda shifoxonadan chiqarilgan.

Ayni vaqtda Britaniyada koronavirusga chalinganlar soni 120 mingdan oshdi, undan vafot etganlar soni bir kun ichida 596 nafarga ko‘payib, 16 mingdan ko‘proqni tashkil qilmoqda. 

Mavzuga oid