Jahon | 07:03 / 20.04.2020
9329
2 daqiqa o‘qiladi

Kanadada tish shifokori sodir etgan otishma oqibatida 10dan ko‘proq odam halok bo‘ldi 

Kanadaning Yangi Shotlandiya provinsiyasida 51 yoshli erkak sodir etgan otishma oqibatida 13 kishi, jumladan bir politsiyachi halok bo‘ldi.

Foto: Reuters

Bu haqda CBC telekanali xabar berdi.

19 aprelga o‘tar kechasi erkak provinsiyadagi Portapik shaharchasida hamda boshqa bir qator aholi punktlarida odamlarni o‘qqa tutgan. Gumonlanuvchi tuni bilan izlangan va uni ushlash bo‘yicha davom etgan 12 soatlik amaliyotdan keyin voqea joyidan 90 km uzoqlikdagi AYoQShlardan biri yonida bartaraf etilgan.

Aniqlanishicha, jinoyatchi shu provinsiyaning Dartmut shahrida yashagan 51 yoshli Gabriel Vortman ismli erkak bo‘lgan. U jinoyatni sodir etish vaqtida politsiya kiyimiga o‘xshash kiyimda bo‘lgan.

Jinoyatchi voqea joyidan Kanada qirollik otliq politsiyasi RCMP’ga qarashli “Shevrole Treker” mashinasida qochgan hamda u haqida AYoQShlardan biri xodimlari politsiyaga xabar bermagunga qadar 90 km yo‘l bosib o‘tishga ulgurgan. Jinoyatchi politsiyachilarga taslim bo‘lishdan bosh tortib, ular bilan otishmaga kirishgan va javob o‘t ochish bilan o‘ldirilgan.

Otishma vaqtida politsiyada 23 yil xizmat qilgan ayol politsiyachi Xaydi Stivenson halok bo‘lgan. Yana bir politsiyachi jarohat olgan. 

Ta'kidlanishicha, jinoyatchi stomatologik klinika egasi bo‘lgan va tish protezlari o‘rnatish bo‘yicha mutaxassis hisoblangan. Shifokor bo‘lib ishlagan erkakni asosan keksa yoshlilar yashaydigan osoyishta shaharchaga kelib jinoyatni sodir etishga nima undagani hozircha noma'lumligicha qolmoqda. Yangi Shotlandiya ma'muriyati deyarli jinoyatlar sodir etilmaydigan shaharchadagi otishmani “provinsiya tarixidagi eng ma'nosiz zo‘ravonliklardan biri” deb atagan.

O‘z navbatida Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo voqeaga bag‘ishlangan brifingda politsiyaga minnatdorlik bildirgan va jabrlanuvchilarga hamdardlik bildirgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid