O‘zbekiston | 09:18 / 20.04.2020
3847
8 daqiqa o‘qiladi

Tibbiyot xodimlari kasbiy malakasini rivojlantirish markazi tashkil etiladi

Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi faoliyati tashkil etiladi

Vazirlar Mahkamasining “Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, quyidagilar:

Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti negizida Tibbiyot xodimlarini kasbiy malakasini rivojlantirish markazi etib qayta tashkil etilgan;

Toshkent shahridagi 1-son Respublika klinik shifoxonasi negizida Markazning ko‘p tarmoqli klinikasi tuzilgan;

Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan va Sirdaryo viloyatlari hududiy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarining negizida Markazning filiallari yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan holda tashkil etiladi.

Quyidagilar Markaz faoliyatining tibbiy-sanitariya kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirishning muhim yo‘nalishlari deb hisoblanadi:

sog‘liqni saqlash sohasi rahbar hamda tibbiy-sanitariya kadrlari kasb darajasini muntazam oshirish asosida ularning qonunchilik normalari, nazariya, ilmiy va amaliy tadqiqotlar, texnologik taraqqiyot va o‘qitilayotgan fanlar bo‘yicha innovatsiyalar, shuningdek o‘quv jarayonini tashkil etishning zamonaviy uslublari sohasidagi so‘nggi yutuqlarni chuqur o‘rganish;

yuqori samarali zamonaviy ta'lim va innovatsiya texnologiyalari, ilg‘or xorijiy tajribani keng joriy etgan holda, tibbiy-sanitariya kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha malaka talablari, o‘quv rejalari, dastur va uslublarini tubdan yangilash;

tibbiyot va farmatsevtika kadrlarining global Internet tarmog‘i, multimedia tizimlari va masofadan o‘qitish usullaridan foydalangan holda, zamonaviy innovatsion pedagogika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallashi, telemeditsina va ularni o‘quv jarayoniga faol tatbiq etishi;

rahbar hamda tibbiy-sanitariya kadrlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashda 5 ta Markaz filialining faoliyatini muvofiqlashtirish, ularga uslubiy yordam ko‘rsatish, monitoring nazoratini tashkil etish;

klinik ordinaturada mutaxassisliklar bo‘yicha vrachlarni qayta tayyorlashni tashkil etish;

jahonning yetakchi ilmiy-ta'lim va tibbiyot muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatish, o‘quv jarayoniga xalqaro ta'lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalar, ta'limning kredit-modul tizimiga asoslangan o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy materiallarini keng joriy etish, malaka oshirish kurslariga xorijiy hamkor ta'lim va tibbiyot muassasalaridan yuqori malakali professor-o‘qituvchi va olimlar, tajribali mutaxassislarni faol jalb qilish;

hududiy filiallari tinglovchilarining xalqaro ilmiy ma'lumotlar bazasidan keng foydalanishlari uchun zarur sharoitlarni yaratish;

hududiy filiallarini xorijiy nashrlar, zamonaviy o‘quv, o‘quv-metodik va ilmiy adabiyotlar bilan muntazam ta'minlab borish, shuningdek, kurslarning o‘quv-uslubiy ta'minotini doimiy yangilab borish chora-tadbirlarini ishlab chiqish;

sog‘liqni saqlashning dolzarb yo‘nalishlari, tibbiyot amaliyotidagi mavjud muammolarning yechimiga qaratilgan fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish, sog‘liqni saqlash sohasida fan, ta'lim va amaliyot integratsiyasini ta'minlash, yuqori malakali ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash.

Belgilanishicha:

Sog‘liqni saqlash vazirligi Markaz faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;

Markaz yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan, tegishlicha tibbiyot kadrlarini uzluksiz kasbiy ta'lim tizimida malakasini oshirish va qayta tayyorlash bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshiruvchi davlat ta'lim muassasasi hisoblanadi;

Markaz Klinikasi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan kadrlarini uzluksiz kasbiy ta'lim tizimida malakasini oshirish va qayta tayyorlash bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshiruvchi davlat tibbiyot muassasasi hisoblanadi;

Klinika Markaz muassisi hisoblanadi hamda uning faoliyati Markaz tomonidan muvofiqlashtiriladi;

Markaz Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining, Klinika 1-son Respublika klinik shifoxonasining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

Markaz va Klinikasi O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga, bank hisobvaraqlariga, shu jumladan, xorijiy valutadagi bank hisob varaqlariga ega bo‘ladi;

Markaz direktorining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari bir vaqtning o‘zida Klinika bosh shifokori hisoblanadi;

Markaz filiallarining shtat va jihozlar uchun xarajatlari Markaz balansiga: binolar, xonalar, mebel uchun va xo‘jalik-maishiy xarajatlari esa hududiy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarining balansiga tegishli bo‘ladi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq Markaz direktori Markazning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan quyidagilarni amalga oshirish huquqiga ega:

Markazning o‘quv, moddiy-texnik bazasini takomillashtirishga va xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi;

ta'lim jarayonini samarali tashkil etish, o‘quv va davolash ishlariga zamonaviy usullarni tatbiq etish, o‘quv xonalarini jihozlash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;

shartnomalar asosda o‘quv va qo‘shimcha pullik xizmatlarni ko‘rsatish, Markaz xodimlarni rag‘batlantirish, Markaz bo‘limlarga qo‘shimcha shtat lavozimlar va alohida bo‘limlarni tashkil etish;

Klinikada yuqori texnologiyali tashxis qo‘yish va davolash usullarini joriy etish hamda qo‘shimcha mablag‘lar tushirish maqsadida shartnomalar asosda tibbiy va qo‘shimcha pullik xizmatlarni ko‘rsatish, Klinikaning xodimlarni rag‘batlantirish, qo‘shimcha shtat lavozimlar va bo‘linmalarini tashkil etish.

Markaz Klinikasining faoliyat yo‘nalishlari:

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan tashxis qo‘yish (diagnostika) va davolash standartlariga rioya qilgan holda imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga order berish, ularni shifoxonaga joylashtirish va Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga davolash qiymatini to‘lash, shuningdek, aholiga pullik asosda yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish;

shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bemorlarni shifoxonaga joylashtirish;

aholiga o‘rnatilgan tartibda birlamchi tibbiy-sanitariya va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni ambulator sharoitida ko‘rsatish;

respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari daromadlarini shakllantirishning asosiy manbalari va ular faoliyatini moliyalashtirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan qoidalar asosida tashkil etish.

Quyidagilar Markaz filiallarining asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanadi:

qayta tayyorlash va malaka oshirishning tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha doimiy faoliyat ko‘rsatadigan qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tashkil etadi;

mutaxassisliklar doirasida sifat jihatidan yuqori tashkiliy va kasbiy darajada mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun zarur o‘quv, uslubiy va moddiy-texnika bazasini tashkil etadi;

masofadan o‘qitish usullari asosida tibbiy- sanitariya kadrlari uchun tashkil etiladigan qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining tegishli o‘quv-metodik resurslarini ishlab chiqadi;

qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun tibbiyot oliy ta'lim muassasalarining yetakchi professor-o‘qituvchilarini, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, ilmiy-tekshirish institutlari yuqori malakali kadrlarini va xorijiy mutaxassislarni mashg‘ulotlar o‘tkazishga keng jalb etishni ta'minlaydi;

qayta tayyorlash va malaka oshirish bo‘yicha zarur axborot-ma'lumotlar bazasini shakllantiradi, qayta tayyorlash jarayoniga zamonaviy innovatsion pedagogik, multimedia va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini ishlab chiqishni va ularni joriy etishni tashkil etadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid