Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yer uchastkalarini olib qo‘yish tartibini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi
Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi hamda Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda
Oliy Majlis Senatiga Qonunchilik palatasi tomonidan 2020 yil 7 aprel kuni qabul qilingan “Yer uchastkalarini noqonuniy olib qo‘yganlik uchun javobgarlik kuchaytirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqish uchun kelib tushdi.
Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Botir Matmuratovning yozishicha, Qonun dastlabki tarzda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasida tomonidan o‘rganilib, hududlar manfaatlari hisobga olingan holda qo‘mita a'zolari va ekspertlar ishtirokida onlayn tarzda muhokama qilinmoqda.
So‘nggi ikki yil davomida yer uchastkalarini olib qo‘yishda qonunchilikda belgilangan tartibga rioya etmaslik holatlari ko‘plab uchramoqda. Adliya vazirligidan olingan ma'lumotga ko‘ra, 2019 yilning may-iyun oylarida mazkur masalada 2 586 ta murojaat kelib tushgan va ularni ko‘rib chiqishda ko‘pincha mulkdorlar huquqlari buzilganligi aniqlangan.
Yangi Qonun shu kabi holatlarning oldini olishda huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Unga binoan, Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi hamda Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Masalan, Jinoyat kodeksi “Yer uchastkalarini olib qo‘yish tartibini buzish” uchun javobgarlik belgilangan besh qismdan iborat 173-1-modda bilan to‘ldirildi.
Ushbu moddaning birinchi qismiga ko‘ra, yer uchastkalarini olib qo‘yish tartibini buzish, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan ikki yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy ishlar yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazo belgilash nazarda tutilyapti.
Moddaning ikkinchi qismida javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlar ko‘rsatilgan. Moddaning uchinchi qismida shunday harakatlar ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan bo‘lsa, aybdor uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish va to‘rtinchi qismiga muvofiq xuddi shunday harakatlar ko‘pchilik uchun xavfli bo‘lgan usulda yoki juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan bo‘lsa, besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi yer uchastkalarini olib qo‘yish uchun javobgarlik ko‘rsatilgan 61-3 modda bilan to‘ldirildi. Uning birinchi qismida yer uchastkalarini olib qo‘yish tartibini buzganlik uchun, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solinishi nazarda tutilgan. Ikkinchi qismida esa shunday huquqbuzarliklar olib qo‘yilayotgan yer uchastkasidagi bino, boshqa imorat, inshoot yoki dov-daraxtlarni yoxud ularning qismlarini, zararning o‘rni mazkur mol-mulkning bozor qiymati bo‘yicha oldindan va to‘liq qoplamagan holda buzib tashlanishi oqibatida ko‘p bo‘lmagan miqdorda zarar yetishiga olib kelsa, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima solinadi.
Bildirilishicha, ayni chog‘da Qonunni Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisi muhokamasiga olib chiqish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
08:30 / 02.06.2026
Suv fondi yerlarini ijaraga berishning yangi tartibi joriy etildi
19:05 / 26.04.2026
Soliq va tadbirkorlik sohasidagi qonunbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirildi
08:53 / 22.04.2026
MChJ faoliyatiga oid yangi tahrirdagi qonun kuchga kiradi
09:19 / 08.04.2026