CNN: Kim Chen In jarrohlik stoliga yotdi, uning sog‘lig‘i yomonlashgan bo‘lishi mumkin
KXDR rahbari Kim Chen Inning sog‘lig‘i jarrohlik amaliyotidan keyin keskin yomonlashdi, uning ahvoli og‘ir, deb xabar beradi CNN.
Kim 15 aprel kuni bobosi Kim Ir Senning tug‘ilgan kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etmadi. U so‘nggi marta 11 aprel kuni hukumat yig‘ilishida ko‘rinish bergan edi.
Shimoliy Koreya haqidagi yangiliklarga ixtisoslashgan va Janubiy Koreyada faoliyat yuritadigan Daily NK internet gazetasi xabariga ko‘ra, Kim 12 aprel kuni jarrohlik stoliga yotgan. Uning sog‘lig‘ida «haddan ortiq ko‘p chekish, semizlik va toliqish» bilan bog‘liq muammolar borligi tufayli, yurak qon-tomir tizimi operatsiya qilingan. Ayni paytda u Xyansan viloyatidagi hukumat shifoxonasida davolanmoqda.
CNN nashrining janubiy koreyalik manbasi mamlakat hukumatining Kimning sog‘lig‘i haqidagi ma'lumotlardan xabardor ekanini, ammo Daily NK nashrida chop etilgan xabarni tekshirish imkoniyati yo‘qligini ta'kidlamoqda. Hukumat vakili Kimning ortiqcha vazn va kashandalik bilan bog‘liq muammosidan xabardor ekanini tan olgan, biroq, jarrohlik amaliyoti haqida qo‘shimcha ma'lumot kutayotganini aytgan. Janubiy Koreyaning Birlashish vazirligi va Mudofaa vazirligi bu xabarlarga izoh berishdan bosh tortgan.
Hozirgi vaqtda vaziyat o‘ta mavhum bo‘lib qolmoqda. Shimoliy Koreya haqida ma'lumot yig‘ish hatto AQSh razvedkasi uchun ham eng murakkab va qiyin vazifalardan biri hisoblanadi.
KXDR o‘z rahbari bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday ma'lumotni qattiq nazorat qiladi. Rasmiy matbuotda Kimning jarrohlik stoliga yotgani haqidagi xabarlarning yo‘qligi esa uning sog‘lig‘i haqida turli mish-mishlarni keltirib chiqaryapti.
So‘nggi marta Kim TV orqali 11 aprel kuni ko‘rinish berdi. 15 aprel kuni esa Shimoliy Koreyadagi eng muhim bayram – mamlakat asoschisi Kim Ir Senning tug‘ilgan kuniga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etmadi. Ekspertlar fikriga ko‘ra, bu hech narsani anglatmasligi mumkin, ammo avvallari KXDR rahbarlari muhim bayramlarda ishtirok etmagan paytlarda jiddiy voqealar yuz bergan.
Misol uchun, 2008 yilda Shimoliy Koreyaning 60 yilligiga bag‘ishlangan harbiy paradda Kim Chen Ir ishtirok etmagandi. Keyinchalik uning insultga chalingani ma'lum bo‘ldi. Kim Chen Ir bu zarbadan to‘liq tiklana olmadi va 2011 yilda vafot etdi.
2014 yilda Kim Chen In 1 oydan ortiq muddat davomida jamoatchilikka ko‘rinish bermadi. Natijada, uning sog‘lig‘i yomonlashgani haqidagi mish-mishlar tarqaldi. Keyinchalik u qo‘lida kichik hassa bilan qaytdi. Janubiy Koreya razvedkasi esa Kimning to‘pig‘idagi o‘sma jarrohlik yo‘li bilan olib tashlanganini e'lon qildi.
Mavzuga oid
22:13 / 31.10.2024
Ukraina Kim Chen Inni hibsga olish orderi bo‘yicha XJSga murojaat qiladi
21:26 / 29.10.2024
KXDR rahbari Kim Chen Inning xavfsizligi kuchaytirildi – OAV
23:22 / 17.10.2024
Shimoliy Koreyada chuchxe kalendari bekor qilindi
21:47 / 06.10.2024