Jahon | 20:26 / 21.04.2020
24850
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyadagi koronavirus tarqalgan mehnat muhojirlari yotoqxonasi egasi hibsga olindi

Rossiyaning Leningrad viloyati, Novosergiyevka qishlog‘idagi noqonuniy yotoqxonada mehnat muhojirlarining ommaviy tarzda koronavirus yuqtirib olishi holati 40 yoshli tadbirkor Artyom B. uchun jinoyat ishi bilan yakunlandi

Foto : KUN.UZ KUNDALIGI /arxiv

Ishbilarmon binoni 4 yil davomida hech kim ijaraga olmagani va kommunal to‘lovlar tufayli qarzga botib ketgan. Shundan so‘ng, uni mehnat muhojirlari uchun mo‘ljallangan yotoqxonaga aylantirishga qaror qilgan. Ammo buning uchun hech qayerdan ruxsat olmagan.

11 aprel kuni Rospotrebnadzor, Tergov qo‘mitasi va politsiya hamkorligida yotoqxonada reyd o‘tkazildi. Tekshiruv davomida sanitar shifokorlar 123 nafar mehnat muhojirida koronavirus borligini aniqlashdi. Ularning orasida o‘zbekistonliklar ham bo‘lishi mumkin. Shundan so‘ng, bemorlar uchun yotoqxona hududida 88 o‘ringa mo‘ljallangan palatkali gospital tashkil qilindi. 

Hozirgi vaqtda yotoqxona egasi Artyom B. hibsga olingan. Yaqin orada unga ayblov e'lon qilinishi kutilmoqda. Hozircha uni Jinoyat kodeksining qaysi moddalari bilan javobgarlikka tortish masalasi hal bo‘lmagan. 

Mehnat muhojirlarining bir qismi «Mega-Dibenko» savdo markazini ta'mirlashda ishlagan. Kompaniya vakillari buni tasdiqlab, bino ichi dezinfeksiya qilinganini ta'kidlashmoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, mehnat muhojirlari savdo markazi xodimlari va mijozlari bilan yaqin aloqada bo‘lmagan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid