Bugunga kelib koronavirus va inqiroz so‘zlari allaqachon yonma-yon kelmoqda — koronavirus inqirozi. Endilikda insoniyat virus bilan birga iqtisodiy qiyinchiliklarga qarshi kurashishiga ham to‘g‘ri kelmoqda. Va asta-sekinlik bilan karantin choralarini yengillatayotgan davlatlar soni oshib bormoqda. Garchi, kasallikning ikkinchi to‘lqini yuzaga kelish ehtimoli bo‘lsa ham.

Cheklovlarni qisqartirayotgan mamlakatlarning barchasida ehtiyotkorlik saqlanib qolishi aytilayotgan bo‘lsa-da mutaxassislar bu holatga qo‘polroq ibora o‘ylab topishdi: «yo iqtisod, yoki tibbiyot».

Dunyodagi eng boy davlatlardan biri, shu bilan birga hozirga kelib koronavirusdan eng ko‘p zararlanish holati kuzatilgan AQShda ham mazkur ikkilanish yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Tramp ma'muriyati aholining bir qismi asta-sekin normal hayotga qaytishga tayyorligini aytmoqda, deb yozadi The Guardian.

Biroq ayrim shtatlar rahbarlari shusiz ham sinov vositalari yetishmasligini aytib, bunga qarshi chiqmoqda. Tramp esa aholining ishga chiqishi tarafdori. U «normal hayot» tarafdorlarini himoya qilarkan, «bu odamlar mamlakatimizni yaxshi ko‘radi. Ular yana ishga qaytishni istaydi», deb javob bergan.

Umuman olganda, cheklovlar nafaqat iqtisodiy, shu bilan birga ijtimoiy, madaniy va diniy hayotga ham jiddiy ta'sir qildi. Bu holat endi 1930 yillardagi buyuk inqirozdan beri kuzatilmagani aytilmoqda.

O‘z navbatida Xalqaro valuta jamg‘armasi dunyo iqtisodiyoti bu yil 3 foizga pasayishi kutilayotganini ma'lum qilarkan, 10 millionlab odamlarning ishsiz qolganiga e'tibor qaratgan.

Qator mamlakatlar cheklovlarni yengillatib, iqtisodiy faoliyatni qayta tiklashga harakatni boshladi. Boshqacha aytganda, vaziyat shundayki, ko‘plab mamlakatlar virus tarqalishi tugashini kutmoqchi emas. Deyarli barcha davlat buni bosqichma bosqich amalga oshirmoqchi.

Pandemiyaning ilk o‘chog‘i Xitoy allaqachon turizm va boshqa bir qator sohalardagi cheklovlarni olib tashladi. Niqob va haroratni o‘lchash esa hozircha majburiy. Qizig‘i, cheklovlar olib tashlangan bo‘lsa-da, mijozlar oqimi orqaga qaytishga shoshilmayapti. Aftidan, insoniyat ehtiyotkorlikka o‘rgandi.

Hindistonda ham ba'zi ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi tarmog‘iga nisbatan cheklovlar olib tashlandi. Faqat bitta shart bilan — ish beruvchilar gigiyena standartlarini ta'minlab qo‘yishlari kerak.