Airbus havoda yonilg‘i quyish bo‘yicha birinchi to‘liq avtomatlashtirilgan jarayonni amalga oshirdi
Yevropa aviakonserni havoda yonilg‘i quyish tizimining muvaffaqiyatli sinovlari to‘g‘risida xabar berdi. Avtomatik yonilg‘i quyish uskunasi bilan jihozlangan tanker 45 soat davomida parvoz qildi va Portugaliya harbiy-havo kuchlarining F-16 qiruvchi samolyotiga yonilg‘i quyish bo‘yicha 120ta imitatsiya harakatini amalga oshirdi
A3R avtomatlashtirilgan yonilg‘i quyish tizimi Airbus A330 MRTT yonilg‘i quyishga mo‘ljallangan harbiy samolyotiga o‘rnatish uchun ishlab chiqilgan. Bu yil o‘tkazilgan test havoda yonilg‘i quyish jarayonining barcha jihatlarini qamrab oldi. Keyingi bosqich - texnologiyani sertifikatlash - kelgusi yilning boshiga rejalashtirilgan, deb yozadi New Atlas.
Airbus A330 MRTT yonilg‘i quyish samolyoti Portugaliya harbiy-havo kuchlari tomonidan taqdim etilgan F-16 ko‘p funksiyali yengil qiruvchi samolyot bilan 120ta o‘zaro ulanish harakatini amalga oshirdi. Bu operatsiya uchun jami 45 soat vaqt sarflandi.
Airbus vakillarining so‘zlariga ko‘ra, A3R tizimi barcha yonilg‘i quyish jarayonini uddalashga qodir. Operator faqat dasturni ishga tushirishi va yonilg‘i to‘ldirish uskunasi qabul qiluvchidan bir necha santimetr masofada to‘xtab, to‘g‘ri burchak va xavfsiz masofani egallashini kuzatishi kerak. Shundan so‘ng, teleskopik uskuna ulanadi, yonilg‘i uzatiladi, uziladi va xavfsiz masofaga uzoqlashadi. Yonilg‘i quyilayotgan samolyotlarga hech qanday qo‘shimcha jihozlar kerak emas.
Yil boshida, ko‘rgazmalar va konferensiyalar bekor qilingunga qadar, Airbus Singapur aviasalonida «uchuvchi qanot» ko‘rinishida ikki metrlik samolyot prototipini namoyish etdi. Jurnalistlarning ta'kidlashicha, Maverik ko‘proq «Yulduzlar jangi»dagi qurilmalarga o‘xshaydi, ammo kompaniya fuqarolik aviatsiyasining kelajagi xuddi shunday ko‘rinishga ega bo‘lishini istisno qilmayapti.
Mavzuga oid
13:29 / 19.10.2024
Boeing’dan va Airbus’gacha: Dunyoning eng yirik aviasozlik kompaniyalari
16:10 / 22.07.2024
Tadbirkorning 3,9 mlrd so‘mlik yonilg‘isini qo‘lga kiritgan MChJ aniqlandi
20:39 / 15.06.2024
Boeing va Airbus samolyotlarida soxta sertifikatlangan qismlar ishlatilgan – OAV
11:26 / 25.04.2024