Jamiyat | 12:31 / 23.04.2020
13452
2 daqiqa o‘qiladi

PPX mashinasidagi tug‘ruq shifokorlar tomonidan amalga oshirilgan. IIBB xabarida mubolag‘a qilingani ma'lum bo‘ldi

Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati tomonidan 22 aprel kuni «PPX mashinasida chaqaloq dunyoga kelgani» haqidagi xabarda «ko‘pirtirib» yuborilgani, PPX mashinasidagi tug‘ruq shifokorlar tomonidan amalga oshirilgani ma'lum bo‘ldi.

9-tug‘ruq kompleksi akusheri (doya) Feruza Izzatullayevna Kasimova tahririyat bilan bog‘lanib, Kun.uz saytidagi PPX mashinasida chaqaloq dunyoga kelgani haqidagi xabar yuzasidan o‘z e'tirozlarini bildirdi.

Doya F.Kasimova PPX xodimlarining to‘lg‘oq tutib turgan ayolni ko‘rib qolib, o‘z mashinalarida shifoxonaga olib kelishgani tahsinga sazovorligini e'tirof etadi. Shu bilan birgalikda, Toshkent shahar IIBB rasmiy sayti orqali tarqatilgan xabardagi quyidagi ma'lumot haqiqatga mos kelmasligini bildiradi: «Shu onda safdor S.Muradov va B.Toshpulatov malaka oshirish darslarida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish soatlari qo‘shilgani uchun shukur qildilar. Tez orada PPX mashinasida yangi inson dunyoga keldi. Yosh ona va go‘dak shifokorlarga topshirildi».

U ushbu gap haqiqatga mos kelmasligi, pirovardida bu o‘quvchida tug‘ruq IIB xodimlari tomonidan qabul qilingan, degan noto‘g‘ri taassurot uyg‘onishiga sabab bo‘lganini aytmoqda.

Uning ta'kidlashicha, aslida voqea IIB xabarida ta'kidlanganidek bo‘lmagan. Tug‘ruq jarayoni PPXning xizmat avtomashinasining ichida amalga oshirilgan bo‘lsa-da, 9-tug‘ruq kompleksi hovlisida, qabul bo‘limi eshigi oldida, sanitariya-tibbiy normalarga rioya qilingan holda, malakali shifokorlar (doya) guruhi tomonidan amalga oshirilgan. Dunyoga kelgan chaqaloq va uning onasi zudlik bilan belgilangan tartibda tug‘ruqdan keyingi muolajalar bo‘limiga yetkazilgan. Tug‘ruq vaqtida PPX xodimlari xizmat mashinasidan uzoqda, shifoxona darvozasi oldida bo‘lishgan va ular tug‘ruq jarayoniga aralashishmagan.

Mavzuga oid