Jahon | 21:59 / 23.04.2020
98395
13 daqiqa o‘qiladi

Tojikistondagi vaziyat. Koronavirus yo‘q, muammolar ko‘p

Tojikiston koronavirusdan zararlanish holati qayd etilmagan sanoqli davlatlardan biri bo‘lib qolmoqda. Virus rasman aniqlanmagan bo‘lsa-da, Tojikiston ham dunyoda hukm surayotgan iqtisodiy inqirozdan qiynalmoqda.

Foto: KUN.UZ

Oziq-ovqat muammosi

Tojikiston hududining 93 foizini tog‘lar tashkil qiladi. Mamlakatda ekin ekiladigan maydon juda kam. Irrigatsiya inshootlari bo‘lmagani uchun uning bir qismi bog‘dorchilik bilan band. Shu sabab mamlakat o‘z ehtiyoji uchun yetarli darajada kundalik zarur qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtira olmaydi. Oziq-ovqatning katta qismi boshqa mamlakatlardan import qilinadi.

Tojikistonning eksport-import ko‘rsatkichlarida juda katta farqni ko‘rish mumkin. 2018 yilda mamlakatning umumiy tovar aylanmasi 4,223 milliard dollarni tashkil etgan. Undan eksport ko‘rsatkichi 1,074 milliard dollar, import esa 3,150 milliard dollar bo‘lgan. 2019 yilda umumiy tovar aylanmasi 4,523 milliard dollar, shundan eksport 1,174 milliard, import 3,349 milliard dollarni tashkil etgan. Ko‘rib turganingizdek, import va eksport orasidagi farq uchga bir nisbatda va bu yaxshi emas. Mamlakat importining salmoqli qismini oziq-ovqat mahsulotlari, g‘alla, un va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tashkil etgan.

Tojikiston Respublikasi prezidenti huzuridagi statistika agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida Tojikiston eksporti o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 16 foizga kamaygan. Import esa 15,5 foizga ko‘p bo‘lgan.

Aprelda yoqqan qor mevali daraxtlar va qishloq xo‘jaligi ekinlariga jiddiy zarar yetkazdi

9-10 aprel kunlarida Shimoliy Muz okeanidan Rossiya orqali kirib kelgan sovuq havo oqimi Tojikiston uchun kutilmagan noxush holatni keltirib chiqardi. Aprel oyi uchun xos bo‘lmagan tarzda yoqqan qor va sovuq ob-havo Tojikistonda jiddiy salbiy asorat qoldirdi. Mamlakatdagi mevali bog‘lardagi daraxtlarning aksariyatiga sovuq ta'sir qilgan.

Tojikiston Markaziy Osiyo janubida joylashganiga qaramasdan, mamlakatning aksar qismi baland tog‘lardan iborat bo‘lgani uchun bu yerda havo harorati to‘rt faslda ham biroz salqinroq bo‘ladi. Shu sababli 9-10 apreldagi kutilmagan qor va sovuq ob-havo mamlakatning barcha hududlariga ta'sir qildi.

Xatlon viloyatidagi bir qator tumanlarda gullab turgan yoki meva tukkan daraxtlarning barchasini sovuq urgan.

«Fermerlar yeriga ancha mablag‘ sarflagandi. Hammasi puliga kuydi, ekinlarni sovuq urib ketdi. Endi yana yerni yangitdan ag‘darib, ekinlarni takroran ekish kerak. Kredit olib ishlatayotgan fermerlar qayta ekishga pulni qayerdan izlaydi, bilmadim», deydi Xatlon viloyati Vosey tumanidagi «Guliston» mahallasi raisi.

Tumanning qishloq xo‘jaligi bo‘yicha bosh mutaxassisi Iskandar Rahimovning so‘zlariga ko‘ra, mevali daraxtlarning aksariyatini sovuq urgan.

Tursunzoda va Shahrinav tumanlarida odamlar yerga pomidor, kartoshka ekib bo‘lgandi, ammo ularni ham sovuq urdi.

Xatlon viloyati rahbari Qurbon Hakimzoda ham sovuq viloyat qishloq xo‘jaligi ekinlariga va mevali bog‘larga jiddiy zarar yetkazganini aytgan.

Hukumat hisob-kitoblariga ko‘ra, 9-10 aprel kunlari hukm surgan sovuq havo tufayli mamlakatdagi har bir fermer o‘rtacha 35-40 ming somonidan mablag‘ yo‘qotadi. Yo‘qotishlar, yerni ekin ekishga tayyorlash, ko‘chat sotib olish, yollanma ishchilarga haq to‘lash kabi ishlarni sovuqdan avval va keyin ikki martadan bajarish hisobidan, shuningdek, vaqt kechikib ketishi tufayli mo‘ljaldagi hosilni ololmaslik, mevali bog‘lardagi hosildan ayrilish hisobidan bo‘ladi.

Tojikiston prezidenti hukumatga ikki yillik oziq-ovqat sotib olish ko‘rsatmasini berdi

Mart oyida Tojikiston hukumati mamlakatda yetarlicha oziq-ovqat zaxirasi borligi haqida bayonotlar berayotgan edi. YeOII tomonidan birlamchi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportiga cheklov o‘rnatilgach, bunday bayonot berish to‘xtadi va hukumat aholini oziq-ovqat bilan ta'minlashda muammolar yuz berishi mumkinligi haqida gapira boshladi.

Jumladan, mamlakat prezidenti Imomali Rahmon 16 aprel kuni respublika hukumatining favqulodda yig‘ilishini o‘tkazgan va unda koronavirus pandemiyasi va uning Tojikistonga yetkazadigan salbiy oqibatlari muhokama qilingan.

Yig‘ilishda Imomali Rahmon tarafidan mutasaddilarga mamlakatda koronavirus tarqalishining oldini olish, moliyaviy inqirozning mamlakat iqtisodiyotiga ta'sirini kamaytirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, mamlakatda har bir oila uchun ikki yillik oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish, sanitariya-gigiyena choralarini ko‘rishni buyurgan.

Prezident matbuot xizmati bergan ma'lumotlarga ko‘ra, Imomali Rahmon qishloq va suv xo‘jaligi vazirligiga hamda viloyatlar rahbarlariga kundalik ehtiyoj uchun zarur bo‘ladigan ekinlar, jumladan, kartoshka, donli ekinlar hamda makkajo‘xori ekishni ko‘paytirish topshirig‘ini bergan. Ammo masalaning boshqa tomoni bor: Tojikistonda ekin yetishtiriladigan yer kam bo‘lgani uchun xorijdan import qilmasdan oziq-ovqat xavfsizligiga erishib bo‘lmaydi.

Shuning uchun yig‘ilishda Imomali Rahmon hukumatga zarur oziq-ovqat tovarlarini Tojikistonga olib kirish masalasini yechish bo‘yicha manfaatdor davlatlar rahbarlari bilan tezkor ravishda samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish vazifasini topshirgan.

Ammo bugun xorijdan kundalik zarur oziq-ovqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Tojikistongan olib kirish oson bo‘lmaydi. Sababi, Tojikistonning asosiy savdo hamkori bo‘lgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlari 1 apreldan boshlab bug‘doy, un, javdar, guruch, grechka kabi mahsulotlarni eksport qilishga cheklov qo‘ydi.

YeOIIga a'zo mamlakatlarning bu cheklovidan eng ko‘p Tojikiston jabr chekishi taxmin qilinmoqda. Bu ittifoqning ikkita yirik a'zosi Rossiya va Qozog‘iston ushbu mamlakatning asosiy savdo sherigi hisoblanadi. Tojikiston neft va suyultirgan gaz, bug‘doy, un va un mahsulotlarining asosiy qismini Rossiya va Qozog‘istondan xarid qilgan.

Oziq-ovqat narxi oshmoqda

Tojikistonda oziq-ovqat, ayniqsa un narxi o‘tgan yil kuzida Qozog‘istonda bug‘doy va un narxi ko‘tarilganidan so‘ng keskin oshgan edi. O‘shanda O‘zbekiston ham bug‘doy va un narxini birjada erkin qo‘yib yuborgan edi. Joriy yil boshida narx yana oshdi.

Mart oyi boshida koronavirus vahimasi ortidan aholining oziq-ovqat sotib olish uchun yoppasiga do‘kon va bozorlarga yopirilishi  narxlarning yana oshishiga sabab bo‘lgan edi. O‘shandan keyin bugungacha bu Tojikistonda oziq-ovqat narxi oshib kelmoqda.

Valuta qadrsizlanishi

Mart oyidan boshlab Rossiya va Qozog‘istonda rubl hamda tengening dollarga nisbatan qadrsizlanishi Tojikistonga ham ta'sir qildi va milliy valuta - somoniy AQSh dollariga nisbatan keskin qadrsizlana boshladi. Mamlakat iste'mol bozorining asosiy qismini import mahsulotlari tashkil etgani bois dollar oshgandan so‘ng turli mahsulotlar, shu jumladan oziq-ovqatlar narxi ham sezilarli darajada oshgan.

Tojikistonda so‘nggi bir oy ichida milliy valuta qadri AQSh dollariga nisbatan 5,3 foizga pastladi va bu jarayon hanuz davom etmoqda.

Tojikiston milliy banki 17 aprel kuni 1 dollarni 10,24 somoniy qilib belgilagan. Mart oyi o‘rtalarida dollar kursi 9,70 somoniy bo‘lgan va oy oxirigacha u 10,2 somoniygacha ko‘tarilgan edi.

Shuningdek, mart oyining o‘rtalaridan boshlab Rossiya rublining ham narxi oshdi, 1 rubl 0,128 somoniydan 0.136 somoniygacha ko‘tarildi.

Tojikistonda bugun valuta taqchilligi ro‘y bermoqda. Shu sababli, mamlakat banklarida mart oyin o‘rtalaridan beri bir qator xorijiy valutalar, shu jumladan dollar va rubl sotilmayapti. O‘shangacha ham naqd xorijiy valutalarni ba'zi banklar cheklangan miqdorda sotayotgan edi.

Banklar bu holatni valuta taqchilligi bilan izohlashadi.

«Bizda hozir sotuvda valuta yo‘q. Faqat mijozlar olib kelib sotgan valutalarni sotuvga chiqaryapmiz, xolos. Ammo narxlar oshganidan so‘ng bizga mijozlar sotish uchun valuta olib kelmay qo‘ydi. Shu sababli, bizda ham sotish uchun valuta yo‘q», deydi banklardan birining xodimi.

Tojikiston Milliy banki valuta taqchilligi, unga bo‘lgan ichki talab oshgani, tashqi savdo balansi pasayishi tufayli valuta tushumi keskin kamayishi bilan izohlaydi.

Hozirgi vaqtda Tojikiston Milliy banki ichki bozorda valuta kursini keskin oshib ketmasligi uchun qandaydir choralar qo‘llayotgan bo‘lishi tabiiy, ammo valutalar kursi oshib ketmasligini to‘xtatib qolish oson bo‘lmaydi. Mamlakatga kirib keladigan valutaning asosiy qismi Rossiyada ishlab yurgan mehnat muhojirlari tomonidan yuborilar edi. Rossiyada hozir karantin choralari joriy qilingan va aksariyat mehnat muhojirlari ishsiz qolgan. Shu tufayli, Tojikistonga jo‘natilayotgan valuta miqdori keskin kamaydi. Bunday sharoitda Rossiyada karantin choralari qancha uzoq davom etsa, Tojikistonga uning ta'siri shuncha ko‘p bo‘laveradi.

Donor davlatlar Tojikistonga insonparvarlik yordamlarini qariyb besh baravar kamaytirdi

Tojikiston ancha yildan beri xalqaro donor davlatlardan muntazam insonparvarlik yordami olib keladi. Joriy yilda ana shu yordam miqdori ham keskin kamaygan.

Jumladan, joriy yilning birinchi choragida donor davlatlar Tojikistonga insonparvarlik yordami miqdorini qariyb besh baravar kamaytirdi.

Tojikiston prezidenti huzuridagi statistika agentligi bergan ma'lumotga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida xalqaro donor davlatlar Tojikistonga 4 million 85 ming dollar miqdorida insonparvarlik yordami ko‘rsatgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,5 baravar kam. O‘tgan yilning yanvar-mart oylarida donor mamlakatlar Tojikistonga 18,5 million dollardan ortiq yordam ko‘rsatgan edi.

O‘tgan yil eng katta insonparvarlik yordami ko‘rsatgan davlatlar:

Xitoy (34,3 foiz);

Rossiya (21,1 foiz);

Hindiston (8,7 foiz)

Qozog‘iston (5,7 foiz);

AQSh (5 foiz);

Germaniya (4,5 foiz).

Joriy yil yanvar-mart oylarida Tojikistonga eng katta yordam ko‘rsatgan asosiy donorlar:

Rossiya (15,6 foiz);

Shveytsariya (14,5 foiz);

Yaponiya (4 foiz);

Xitoy (3,7 foiz).

Prezident huzuridagi statistika agentligi bu yil donor mamlakatlar tomonidan insonparvarlik yordami ko‘rsatish nega keskin kamayganiga izoh bermagan.

Koronavirus aniqlanmadi, ammo bu Tojikistonni inqirozdan saqlab qola olmaydi

Tojikiston bugun dunyodagi rasman koronavirus aniqlanmagan sanoqli davlatlardan biri bo‘lib qolmoqda. Mamlakatga xorijdan kelganlar karantinga olingan. Ammo hozircha ular orasida xavfli virus aniqlanganlar yo‘q.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga qaramasdan, hukumat mamlakatda karantin cheklov choralari joriy etmayapti, barcha muassasalar odatiy rejimda ishlashda davom etmoqda, oliy ta'lim muassasalari va maktablar ham ochiq. Futbol bo‘yicha mamlakat chempionati davom etmoqda. Hatto bu yil bahorgi armiyaga chaqiruv ham bekor qilinmadi.

Siyosatshunos va tadqiqotchi Pavriz Mullajanovning hisoblashicha, Rossiyadan pul o‘tkazmalari qisqargach, Tojikiston hukumati kichik va o‘rta biznesga tayana boshladi. Hukumat aynan shunday korxonalardan soliq tushumlari to‘xtamasligi uchun karantin e'lon qilishni ortga surmoqda.

Ekspertlar Tojikiston o‘z chegaralarini mahkam yopib, koronavirusni o‘z hududiga kiritmagan bo‘lsa ham, mamlakat global inqirozdan chetda qololmaydi, deb hisoblashmoqda.

Tojikiston pandemiyaga qadar ham MDH hududidagi iqtisodiy jihatdan quyi o‘rindagi davlat edi. Jahon banki tahlillariga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyoti jahonda yuz berayotgan iqtisodiy inqirozlar tufayli tashqi ta'sirlar qarshisida ojiz qoladi.

Bugun ko‘plab tahlilchilar Tojikistonda epidemiya tarqaladigan bo‘lsa, mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi uni bartaraf etishga ojiz deb hisoblamoqda. Shuningdek, mamlakatda koronavirus aniqlanadigan bo‘lsa, uning ortidan aholi o‘rtasida vahima kelib chiqib, oziq-ovqat taqchilligi yuz berishi ehtimoli katta. Balki, shu uchun ham hozircha Tojikistonda koronavirus bilan kasallanish holati chiqmayotgandir. Har holda rasman shunday...

Mavzuga oid