O‘zbekiston | 09:37 / 24.04.2020
1937
5 daqiqa o‘qiladi

Deputatlar Hisob palatasining 2019 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini tasdiqladi

Budjet mablag‘lari hisobidan 1,1 trln. so‘mlik noqonuniy va samarasiz xarajatlar hamda bir qator uslubiy xato va kamchiliklar aniqlanib, 150 mlrd. so‘mning joyida bartaraf etilishi ta'minlangan, 532 mlrd. so‘mlik xarajatlarni optimallashtirish bo‘yicha takliflar kiritilgan

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

2020 yil 23 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda xalq vakillari Hisob palatasining 2019 yilgi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini ko‘rib chiqdilar.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, majlisda Hisob palatasi raisining o‘rinbosari B. Turobov hisobot bilan so‘zga chiqdi.

Hisob palatasi tomonidan 2019 yilda jami 344 ta, shundan 188 tasi hududlarga chiqqan holda, qolgan 156 tasi esa, masofaviy tarzda nazorat tadbirlari va tahlillar o‘tkazilib, ushbu nazorat tadbirlarida Hisob palatasiga bevosita yuklatilgan 10 ta yo‘nalishdagi vazifalar bilan birgalikda bir qator alohida va qo‘shimcha topshiriqlar bo‘yicha ishlar olib borilgan. Davlat budjetiga qo‘shimcha 2,7 trln. so‘mlik daromad manbalari aniqlanib, 2019 yilda belgilangan qo‘shimcha daromad manbalari hududlar bo‘yicha to‘liq ta'minlanishida amaliy yordamlar ko‘rsatilgan.

Budjet mablag‘lari hisobidan 1,1 trln. so‘mlik noqonuniy va samarasiz xarajatlar hamda bir qator uslubiy xato va kamchiliklar aniqlanib, 150 mlrd. so‘mning joyida bartaraf etilishi ta'minlangan, 532 mlrd. so‘mlik xarajatlarni optimallashtirish bo‘yicha takliflar kiritilgan.

Bundan tashqari, prezident qarorlari va hujjatlaridagi 35 mingga yaqin topshiriqlar hamda oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan 4 mingdan ortiq 130,0 mlrd. dollarlik kelishuvlar ijrosi yuzasidan nazorat olib borilgan.

2019 yilda vazirlik va idoralarning prezident topshiriqlari ijrosi yuzasidan Hisob palatasiga kiritgan 47 591 ta ma'lumot va hisobotlari ko‘rib chiqilgan. Oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan kelishuvlar va strategik korxonalar ishtirokidagi investitsiya loyihalari, pul-kredit siyosati, import va mahalliylashtirish masalalari yuzasidan o‘rganish va tahlillar o‘tkazilib, ularning natijalari bo‘yicha davlat rahbari, prezident administratsiyasi, Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi va boshqa mutasaddi tashkilotlarga kiritib borilgan.

Shuningdek, Hisob palatasi tomonidan hududlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub'yektlari ko‘chmas mulklarining buzilishi natijasida yetkazilgan zararni qoplash uchun respublikadan ajratilgan 235,6 mlrd. so‘m mablag‘larni maqsadli yo‘naltirilishi hamda tadbirkorlarga tegishli miqdorda mulk va yer maydonlari ajratilishida amaliy yordam ko‘rsatilgan.

Davlat buyurtmasiga muvofiq, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish prognoz ko‘rsatkichlarining ijrosi bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganish natijalarini Oliy Majlis palatalariga kiritib borish, joriy yilda Andijon viloyatida o‘tkazilgani kabi, deputatlar bilan hamkorlikda soha bo‘yicha nazorat tadbirlarini davom ettirishga kelishib olindi.

Koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyatning Hisob palatasi faoliyatiga ta'siri to‘g‘risidagi savollarga, joylarga chiqqan holda o‘tkaziladigan nazorat tadbirlari vaqtinchalik to‘xtatilganligi, tadbirlar mavjud axborot almashinuvi tizimlaridan foydalangan holda, masofaviy tahlillar asosida amalga oshirilayotganligi ma'lum qilindi. Bunday holatda Hisob palatasining 2020 yilgi Ish dasturi qayta ko‘rib chiqilishi, Oliy Majlis palatalari va prezident topshiriqlari asosidagi nazorat tadbirlari birinchi navbatda o‘tkazilishi bildirildi.

Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining kelgusidagi ish faoliyatiga oid taklif va tavsiyalar ham berildi. Xususan, budjet intizomini buzgan, budjet mablag‘larini maqsadsiz va samarasiz ishlatgan budjet mablag‘lari oluvchilarning mas'uliyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqishni, budjet tizimi budjetlariga mablag‘lar va boshqa budjetdan tashqari jamg‘armalarga mablag‘lar tushumining to‘liqligini o‘rganish va nazorat qilishda aniqlangan zaxira va qo‘shimcha manbalar bo‘yicha hisobotlarni alohida yuritish, davlat dasturlari va yirik loyihalar bo‘yicha Davlat auditlarni o‘tkazishda strategik yondashuvni joriy qilish va bu borada maxsus metodologiyani ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish hamda audit tekshiruvlarida xarajatlarning qonuniyligi va belgilangan maqsadlarga muvofiqligini aniqlash bilan bir qatorda xarajatlardan olingan va kutilayotgan samaradorlik ko‘rsatkichlarini tahlil qilib borish tavsiya etildi.

Qonunchilik palatasi Hisob palatasining 2019 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni tasdiqladi va tegishli qaror qabul qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid