Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dunyodagi vaziyat: Ispaniyada koronavirus qurbonlari yana osha boshladi, Merkel ogohlikka chaqirdi
Ispaniyada kunlik o‘lim holatlari soni yana osha boshladi, ammo umuman olganda, mamlakatda epidemiya tarqalishi pasayishi davom etmoqda, Britaniya kasallik avj olishining ko‘tarilish davrini boshdan kechirmoqda, Germaniya YeI davlatlariga mablag‘ bilan yordam berishga tayyorlanmoqda, Finlyandiya bosh vaziri o‘z uyida ihotalangan.
So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Covid-19’dan zararlanish holatlari soni 2,7 milliondan oshgan, 189 mingga yaqin kishi vafot etgan, 740 mingdan ortiq bemor tuzalgan.
BBC koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq so‘nggi yangiliklarni keltirdi.
Ispaniyada so‘nggi bir kunda 440 bemor vafot etib (bir kun oldin kamroq o‘lim qayd etilgandi), qurbonlarning jami soni 22 157taga yetdi. 4 635ta yangi zararlanish holati tasdiqlandi va jami holatlar soni 213 mingdan oshdi.
Umuman olganda, ushbu mamlakatda epidemiya pasaymoqda. Ispaniya may oyi o‘rtalarida karantindan chiqishni mo‘ljallamoqda. Shu haftada 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning uydan chiqishiga qo‘yilgan taqiq bekor qilindi.
Germaniya kansleri Angela Merkel uning mamlakati Yevropa Ittifoqi budjetidagi ulushi hajmini ko‘paytirmoqchi ekanini ma'lum qildi, bu orqali nemislar koronavirus pandemiyasi tufayli og‘ir ahvolga tushgan va uning oqibatlariga qarshi kurashda yordamga muhtoj bo‘lgan davlatlarga yordam ko‘rsatishni niyat qilishgan.
Shu bilan birgalikda Merkel Germaniya «aql bilan yo‘l tutib, ehtiyotkor bo‘lishi kerakligi»ni aytmoqda. U hali inqirozli holat tugamagani, balki hali bu boshlanishi bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. «Biz bu virus bilan hali ko‘p vaqt yashashimizga to‘g‘ri keladi», - degan videoaloqa orqali parlamentda chiqish qilgan Merkel xonim.
U mamlakat Ikkinchi jahon urushi davridan buyon eng og‘ir sinovga duch kelganini qayd etgan. Mamlakat rahbari fuqarolarni karantin choralari yana va yana kiritilishi davom etmasligi uchun ijtimoiy masofa saqlash tartibiga rioya etishga chaqirgan.
Bundan tashqari, Germaniya hukumati o‘z iqtisodiyotiga yordam berish uchun qo‘shimcha 10,8 mlrd yevro mablag‘ ajratadi.
Yordam paketi biznes uchun soliq imtiyozlari, barcha sohalardagi xodimlar uchun ijtimoiy paketlarni, majburan ishsiz qolgan odamlarga oylik maoshining 70-77 foizini to‘lab berishni o‘z ichiga oladi. Farzandlari uydan turib o‘qiydigan oilalarga kompyuterlar xarid qilishda yordam ko‘rsatiladi.
Germaniya Yevropadagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyat eng barqaror bo‘lib turgan davlatdir. Mamlakatda zararlanish holatlari soni 151 mingdan oshgan bo‘lsa-da, o‘lim holatlari soni 5 315tani tashkil qilmoqda. O‘lim holatlari soni kamligi mamlakatda aholi yoppasiga testdan o‘tkazilgani bilan izohlanmoqda.
Mamlakatda karantin choralari bosqichma-bosqich yumshatib borilmoqda, ammo ayrim federal yerlarda do‘konlarga borishda niqob taqib borish majburiyligicha qolmoqda.
Britaniyada epidemiya cho‘qqisi
Buyuk Britaniya Biznes, energetika va sanoat strategiyasi vaziri Alok Sharma hukumat karantin tufayli majburiy ravishda muddatsiz ta'tilga chiqarilgan 2,8 mln kishini ishchilarga yordam rejasiga kiritgani haqida ma'lum qildi.
Rejaga ko‘ra, mamlakat hukumati ularning har biriga oylik ish haqining 80 foizini to‘lab beradi. Bu holatda gap faqat vaqtincha ishsiz qolganlar haqida ketadi, koronavirus tufayli biznesi to‘liq yopilgan yoki ishdan bo‘shatilganlar haqida emas. Bunday toifadagi fuqarolar uchun boshqa yordam sxemasi ishlab chiqilmoqda.
Britaniyada koronavirusdan vafot etganlar soni va yangi zararlanish holatlari soni ko‘payishda davom etmoqda. Mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Mettyu Henkok ayni vaqtda epidemiya ko‘tarilish nuqtasiga yetganini ma'lum qildi, lekin hukumat hozircha karantin choralarini yumshatish haqida o‘ylamayapti.
Britaniyada virusdan zararlanish bilan bog‘liq holatlar soni 138 mingdan oshgan va mamlakatdagi shifoxonalarda 19 mingga yaqin o‘lim qayd etilgan. Bu statistikaga o‘z uyida yoki qariyalar uylarida vafot etganlar kiritilmagan.
Chorshanba kuni mamlakat tashqi ishlar vaziri, ayni vaqtda koronavirusdan sog‘ayganidan keyin tiklanish jarayonida bo‘lgan bosh vazir Boris Jonson o‘rniga vaqtincha hukumatni boshqarib turgan Dominik Raab hukumat yaqin vaqtlar ichida o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga yetishi - bir kunda kamida 100 ming kishi testdan o‘tkazilishini ma'lum qildi.
Yevropada yana nimalar bo‘lmoqda?
YeI yetakchilari videoaloqa orqali koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashga bag‘ishlangan sammit o‘tkazishmoqchi. Ular koronavirusdan nisbatan ko‘p zarar ko‘rgan yevropalik ishchilar, kompaniyalar va mamlakatlarga yordam fondi uchun 540 mlrd yevro ajratishga kelishishi kutilmoqda.
Yevrokengash raisi Sharl Mishel tashkilotga a'zo davlatlar zarur mablag‘larni 1 iyunga qadar o‘tkazib berishi kerakligini aytgan.
Ammo Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyenning ma'lum qilishicha, favqulodda yordam uchun fondga o‘tkaziladigan mablag‘lar hajmini 1 trln yevroga yetkazish kerak bo‘ladi. Shuningdek, Yevropa davlatlari hali bu fond qanday shakllantirilishi bo‘yicha kelishuvga erishishi kerak.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Yevropa Ittifoqi a'zolari uchun yordam koronavirusdan eng ko‘p zarar ko‘rgan davlatlar - Ispaniya va Italiyaga yordam ko‘rsatilganidan keyin taqsimlanishi kerakligi bo‘yicha taklif berdi. Ammo Germaniya, Avstriya, Niderlandiya, Daniya va Shvetsiya bunga qarshi chiqishdi.
Finlyandiya bosh vaziri Sanna Marin qo‘l ostidagi xodimlaridan biri Covid-19 bilan zararlangan odam bilan aloqada bo‘lgani aniqlangach o‘z uyida ihotalandi.
Bosh vazir ofisining rasmiy bayonotida aytilishicha, Marin koronavirusni aniqlash testini topshirgan, natija manfiy bo‘lgan, unda kasallik alomatlari ham yo‘q, ammo mavjud vaziyatdan kelib chiqqan holda ehtiyotkorlik choralarini ko‘rgan.
O‘tgan yilning dekabrida 34 yoshli Sanna Marin jahondagi eng yosh hukumat rahbari bo‘lgan ayol sifatida omma e'tiboriga tushgandi.
Finlyandiyada shu vaqtgacha 4 mingdan ortiq kishida virusdan zararlanish holati aniqlangan va 149 bemor vafot etgan.
Bosniya va Gersegovina - ham bolalarga, ham qariyalarga uydan chiqish taqiqlangan davlatlardan biridir. Ammo mamlakat konstitutsion sudi bu qarorni inson huquqlariga zid deb topdi va mamlakat hukumatiga ushbu taqiqni bekor qilish uchun besh kun muhlat berdi.
Belgiyada so‘nggi bir kunda 230 kishi koronavirus qurboni bo‘ldi, o‘limlarning aksari - qariyalar uylarida qayd etilgan. Shu bilan birgalikda, mamlakatdagi shifoxonalardagi reanimatsiya bo‘limiga joylashtirish zarurati paydo bo‘lgan Covid-19 bemorlari soni keskin qisqargan va ayni vaqtda og‘ir ahvoldagi bemorlar soni mingga ham bormaydi. Mamlakatda epidemiya boshlanganidan buyon 42 797 kishida virus aniqlangan, 6 490 kishi vafot etgan, 9800 kishi sog‘aygan.
Niderlandiyada so‘nggi 24 soatda 123 bemor vafot etdi va jami qurbonlar soni 4 177taga yetdi. Shu bilan birgalikda, mamlakatda yangi zararlanish holatlari kamaymoqda, so‘nggi bir kunda 887 kishida virus aniqlangan, Niderlandiyadagi jami zararlanish holatlari soni - 35 729 holat.
Turkiya mamlakatdagi 31 provinsiyada qat'iy karantin joriy etdi. Faqat oziq-ovqat do‘konlari va dorixonalar faoliyatiga ruxsat berilgan. Mamlakatda koronavirusdan o‘lim topish holatlari soni so‘nggi kunlarda faqat o‘smoqda. Shu vaqtgacha qayd etilgan zararlanish holatlari soni 100 mingdan oshdi, 2 491 kishi olamdan o‘tdi.
Jahondagi vaziyat
Xitoyda fevral oyida Uhandagi vaziyatni yoritganidan keyin g‘oyib bo‘lib qolgan jurnalist Li Tszexua topildi.
O‘tgan ikki oy mobaynida u haqida hech narsa ma'lum emasdi. Uning so‘nggi reportaji YouTube portaliga 26 fevral kuni joylashtirilgan, unga politsiya ushbu jurnalistni ta'qib qilayotgani tasvirlangan kadrlar aks etgandi. O‘zining yangi videosida ma'lum qilishicha, u o‘tgan vaqt mobaynida karantinda bo‘lgan.
Fevral oyi o‘rtalarida epidemiya o‘chog‘i bo‘lgan Uhandagi voqealarni yoritib borgan yana ikki faol yo‘qolib qolgandi. Hozircha ular haqida hech qanday ma'lumot yo‘q.
Xitoylik ikki jurnalist Uhandagi haqiqiy holatni ko‘rsatib berishdi. Ular hozir qayerdaligi noma'lum
So‘nggi haftada yana 4,4 mln amerikalik ishsizlik nafaqasi olish uchun ariza yozgan. Shu tariqa, AQShda ishsizlar armiyasi soni 26 mln kishidan oshdi. Bu mamlakatning yangi tarixida mehnat bozoridagi eng chuqur inqiroz bo‘lmoqda.
Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun hukumat tomonidan ajratilgan 349 mlrd dollarlik yordam paketi ikki haftada sarflab bo‘lindi.
AQSh dunyoda koronavirusdan zararlanish holatlari soni va o‘limlar soni bo‘yicha yetakchilikni davom ettirmoqda - shu vaqtgacha 866 mingdan ortiq kishida virus aniqlangan, bemorlarning 49 mingga yaqini vafot etgan. So‘nggi bir kunda 17,4 mingdan ortiq kishiga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yildi, 1209 bemor olamdan o‘tdi.
Koronavirus va futbol

Bundesliga Yevropada maydonga qaytgan ilk yirik ligaga aylanishi mumkin. Payshanba kuni ikki divizion rahbariyati navbatdagi yig‘ilish vaqtida turnirni 9 maydan davom ettirish istagini bildirdi. Endi bu taklifni Angela Merkel va federal yerlar bosh vazirlari ma'qullashi kerak bo‘ladi. Ular o‘z qarorlarini 30 aprelga qadar bildirishadi.
Belarus premer-ligasi - Yevropada koronavirus tufayli o‘yinlarni to‘xtatmagan yagona ligadir. Bu mamlakatda umuman karantin yoki cheklov choralari joriy etilmadi.
Bu vaqtda UYeFA keyingi mavsum yevrokuboklarini qanday o‘tkazish haqida bosh qotirmoqda. Ichki chempionatlar avgust oyida bo‘lsa ham o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu holda chempionatlardagi jamoalar egallagan o‘rinlariga qarab yevrokuboklarda ishtirok etishi mumkin.
Chempionlar ligasi va Yevropa ligasining joriy mavsumi esa ikki xil variantda davom ettirilishi ko‘rib chiqilmoqda. Turnirning qolgan o‘yinlari ichki chempionatlar bilan parallel ravishda yoki ular tugaganidan keyin avgust oyida o‘tkazilishi mumkin.
Mavzuga oid
18:37 / 21.09.2025
COVID-19 pandemiyasi boshlanishini yoritgan xitoylik jurnalist 4 yilga qamaldi
15:47 / 06.08.2025
AQSh Sog‘liqni saqlash vazirligi mRNK-vaksinalari uchun mablag‘ni qaytarib oldi
21:02 / 24.07.2025
Olimlar COVID-19 pandemiyasi odamlarning miyasini qaritganini aniqladi
17:18 / 05.07.2025