Hammasi eski holiga qaytishi mumkinmi?
Hamma hozir o‘z yurtida hayot iziga qaytishini va yana imkon qadar tezroq ishga, o‘qishga borishni xohlamoqda.
Ammo karantin bekor qilinganidan keyin ham, virus o‘zi tashuvchi ekanini bilmagan odamlar orqali boshqalarga yuqaveradi.
Biz bitta faktni tan olishimiz kerak: eski hayot tarziga qaytish o‘ta sekin va yoqimsiz bo‘lishi mumkin. Ehtimol, buning uchun ko‘p vaqt va katta sabr talab etilar.
Vaksinaga ega bo‘lmagunimizcha to‘liq erkin bo‘lmasligimiz aniq. Xo‘sh, shunday ekan, biz bu sharoitda qanday qilib xavfsiz harakatlanishimiz mumkin?
Jorjiya shtati universitetining Gerardo Kovel boshchiligidagi epidemiologlari fikricha, insonlar o‘zlarining ijtimoiy munosabatlarini koronavirus tarqalmasdan oldingi vaziyatga qaraganda 65 foizga qisqartirishlari zarur.
Mazkur universitet epidemiologlari shunday yo‘l tutilsa, virus har safar bitta kamroq odamga yuqishiga ishonishadi. Ularning hisoblashicha, ijtimoiy munosabatlarni qisqartirish – virus yuqishi ko‘rsatkichining pasayishiga, holatni nazoratda ushlab turishga yordam beradi.
Bunga erishish uchun jamiyatda umumqabul qilingan normalar ham o‘zgarishi, odamlar boshqalar bilan muloqot cheklanishiga va himoya vositalaridan foydalanishga ko‘nikishlari zarur. Ya'ni odamlar nafaqat o‘z atrofidagi oilasi, do‘stlari, hamkasblari uchun, balki butun jamiyat oldida mas'uliyatli ekanini ham sezishi kerak.
Qanday qilib?
Masalan, agar ish sharoitimiz imkon bersa, odamlar bilan aloqalarimizni uchdan ikki qismga qisqartirishimiz zarur. Bu qisqartirish uyda bajarish mumkin bo‘lgan vazifalarni ofisga bormasdan qilishni nazarda tutadi. Ayrimlarimiz esa uyda masofadan ishlashni davom ettirish orqali bundan-da ko‘proq ijtimoiy munosabatlarni qisqartirishga erishishimiz mumkin.
Bundan tashqari, ko‘chaga chiqqanda niqob taqish, masofani saqlash, jamoat transporti yoki do‘konlarga kirganda qo‘lqop taqish va qo‘lni tez-tez yuvish kabilarga e'tiborli bo‘lishimiz kerak. Odamlar bilan doimiy muloqotda bo‘ladigan kasb egalari, misol uchun, hisobchilar himoya kiyimlarida bo‘lishi, shamollash alomatlari bor xodimlarning ishga chiqishi cheklanishi zarur.
Shuningdek, bundan buyog‘iga avtobus, metro, poyezd yoki samolyotlarda tiqilinch yuzaga kelishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar yangi avtobus, poyezd yoki samolyot sotib olish uchun davlatdan subsidiya ajratishni so‘rashi, shu orqali bitta jamoat transportidagi yo‘lovchilar sonini kamaytirishga erishishi zarur bo‘ladi.










