O‘zbekiston | 08:23 / 25.04.2020
4250
3 daqiqa o‘qiladi

Mahkuma ayollarning o‘z farzandlari bilan uchrashishining alohida tartibi belgilanadi

Voyaga yetmagan mahkumlarning ota-onasi va ularni o‘rnini bosuvchi shaxslar bilan uchrashishga bo‘lgan huquqiga nisbatan cheklovlarni bekor qilish, mahkuma ayollarning o‘z farzandlari bilan uchrashishining alohida tartibini belgilash hamda mahkumlarning uchrashuvlari va telefon orqali so‘zlashuvlari sonini ko‘paytirish va uchrashuvlarni almashtirish tizimini tashkil etish nazarda tutilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan navbatdagi majlisida deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta'minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi.

Deputatlarning fikricha, avvalo, mahkumlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, jazoni ijro etish tizimida shaxsni axloqan tuzatish va jamiyatga ijtimoiy moslashuvini ta'minlashda huquqiy mexanizmlarni yanada takomillashtirish maqsadida Jinoyat-ijroiya kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish zaruratini yuzaga keltirdi. Voyaga yetmagan mahkumlarning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bilan uchrashishga bo‘lgan huquqiga nisbatan cheklovlarni bekor qilish yo‘li bilan ularni qayta tarbiyalash zarurati paydo bo‘layotgani ham ayrim sabablardan biri.

Shu maqsadda ushbu hujjatda Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, jazoni ijro etish tizimida shaxsni axloqan tuzatish va jamiyatga ijtimoiy moslashuvini ta'minlashni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Onlayn muhokamalarda ushbu loyiha bilan mahkumlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirishga oid nazarda tutilayotgan yangiliklar munozaralarga sabab bo‘ldi. Qayd etilganidek, bu o‘zgartishlar, ayniqsa, tintuv jarayonida jismoniy kuch va maxsus vositalarni asossiz ravishda qo‘llanilishiga yo‘l qo‘ymaslik, mahkumlarning shaxsiy xavfsizligini ta'minlashga xizmat qiladi. Ya'ni inson manfaatlarini ta'minlash kafolatlanadi.

Mahkumlarni rag‘batlantirishning adolatli mezonlarini ishlab chiqish ham muhim masala. Shu asosda rag‘batlantirish choralarini qo‘llash, voyaga yetmagan mahkumlarning ota-onasi va ularni o‘rnini bosuvchi shaxslar bilan uchrashishga bo‘lgan huquqiga nisbatan cheklovlarni bekor qilish, mahkuma ayollarning o‘z farzandlari bilan uchrashishining alohida tartibini belgilash hamda mahkumlarning uchrashuvlari va telefon orqali so‘zlashuvlari sonini ko‘paytirish va uchrashuvlarni almashtirish tizimini tashkil etish nazarda tutilmoqda.

Qizg‘in muhokamalardan so‘ng, ushbu qonun qabul qilindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid