Jahon | 22:26 / 26.04.2020
14350
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada koronavirusga chalinganlar va uning qurbonlari soni tobora kamaymoqda

Yaponiyada koronavirusga chalinganlar soni 26 aprelda 210 nafarni tashkil qildi. Bu esa avvalgi ikki kundagi ko‘rsatkichlardan ancha kamroqdir.

Foto: Getty Images

24 aprelda 430 ta va 25 aprelda 368 ta kasallanish holati qayd etilgan. Bundan Yaponiya sog‘liqni saqlash, mehnat va farovonlik vazirligi ma'lumotlari darak bermoqda.  

Mamlakatda koronavirusga chalinganlar umumiy soni 14 mingga yetgan. Shu bilan birga 26 aprelda o‘limlar soni ham kamaygani qayd etilgan – 12 kishi. 24 aprelda bu ko‘rsatkich 17 nafarni, 25 aprelda esa 15 nafarni tashkil qilgan. Koronavirusdan vafot etganlar umumiy soni 385 nafarni tashkil qilmoqda. 

Bu orada poytaxt Tokioda oxirgi 13 kun ichida ilk bor 100 tadan kamroq yangi kasallanish holati qayd etilgan. 26 aprelda 72 ta yangi kasallanish holati qayd etilgan. Bir kun avval bu ko‘rsatkich 103 tani, bir hafta avval 107 tani tashkil qilgan. 

8 apreldan Yaponiyaning Tokio va bir qator prefekturalarida favqulodda vaziyat rejimi amal qila boshlagan. 16 apreldan esa ushbu rejim butun mamlakat bo‘ylab joriy qilingan.  

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid