Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Karantinda mashinalarni jarima maydonida ushlab turish qayta ko‘riladi». Akmal Burxonov munosabat bildirdi
«Yuksalish» umummilliy harakati raisi Akmal Burxonov Kun.uz'ga bergan intervyusida pandemiya davrida o‘rnatilgan tartibni buzgani uchun jarimaga tortilgan haydovchilar bo‘yicha munosabat bildirdi.
Uning aytishicha, jarimaga tortilgan haydovchining mashinasi maxsus maydonchaga amaldagi qoidalar bilan qo‘yilishi va uzoq muddat saqlanishiga «Adolat» SDP fraksiya a'zolari qarshi bo‘lgan. Deputatlar holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligidan tushuntirish so‘ragan.
– Pandemiya davrida turli kutilmagan vaziyatlar, holatlarga ham duch kelyapmiz. Qonunchilik bilan turli tushunarsiz holatlar yuz bermoqda. Gap yana ichki ishlar xodimlariga borib taqaladi. Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 54-moddasini qo‘llagan holda, mashinalarni jarima maydonchasiga olib borish yoki mahalla boshida uchastka nozirlari ham haydovchi hujjatlarini tekshirishga harakat qilishi... Vakolat doirasiga kirmaydigan turli amallarni bajarishiga qanday munosabat bildirasiz?
– To‘g‘ri. Bu qonunda yo‘q.
– Ko‘pchilikda O‘zbekistonda karantin e'lon qilingandan keyin shu paytgacha amal qilgan qonunlar bekor qilindimi, degan savol tug‘ilyapti.
– Bizda «Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik to‘g‘risida» qonun bor. Qonunda ko‘rsatilganki, shunaqa davrda prezident tomonidan maxsus idora tuzilishi mumkin va maxsus idora mulkchilik shaklidan qat'iy nazar barcha uchun majburiy qarorlar qabul qilish vakolatiga ega. Lekin men hozir qonun ishlamasligining tarafini olish maqsadida gapirayotganim yo‘q. Maqsad – koronavirusga qarshi kurashish, uning O‘zbekistonga ta'sirini minimallashtirish. Buning uchun hukumat maxsus komissiyasi tomonidan bir qator qarorlar qabul qilindi.
Bu yerda faqatgina qonunga zid degan narsani ilgari surish noto‘g‘ri. Avtomashinani jarima maydonchasiga qo‘yish emas, balki harakatlanishga ham cheklov qo‘yildi. Erkin harakatlanish konstitutsiyada ham, qonunchilikda ham belgilab qo‘yilgan. Lekin qonunchilikka ko‘ra, hozirgi vaziyatda hukumat komissiyasi qaror qabul qilish huquqiga ega. Buni har bir fuqaro to‘g‘ri tushunishi kerak. To‘g‘ri, parlamentda ham qonunga o‘zgartirish kiritamiz, ya'ni karantin qoidalarini buzganlik uchun avtomashinani jarima maydoniga kiritish masalasini ko‘tarish haqida gap bo‘ldi. Agar biz bu o‘zgartirishni kiritib qo‘yadigan bo‘lsak, karantin tugagandan keyin ham ertaga bir qishloqda, biron restoranda kimdir kasallansa, shundan foydalanib, avtomashinalarni yoppasiga jarima maydonlariga tiqish bo‘lishi mumkin. Shuning uchun biz bundan cheklandik, ya'ni bu bir martalik, favqulodda vaziyat paytida qo‘llanilyapti.
Lekin parlament a'zolari, ayniqsa, «Adolat» SDP vakillari bu masalani ko‘tarishmoqchi. Parlament so‘rovini ham tayyorlamoqchimiz. Mantiqan olib qaraganda, fuqarolar hozir stikersiz avtomashinada yurish huquqiga ega emas. Unga biz to‘xtagan joyida qaytib ket, deya olmaymiz. Chunki o‘sha joyda to‘xtatgandan keyin avtomashinasi bilan yura olmaydi. Lekin ikkinchi tomoni bor. Uni jarima maydonchasiga olib kirgandan so‘ng karantin tugaguncha olib chiqa olmaydi va jarima maydonchasiga kunlik to‘lov qilishga majbur bo‘lyapti. Hozir biz buni ham ko‘tarmoqchimiz. Mayli, favqulodda vaziyatda bu choraning ko‘rilishi to‘g‘ridir, lekin hech bo‘lmaganda o‘sha jarima maydonchasiga olib kirishni bepul qilish masalasi yoki boshqa yo‘llarini ham muhokama qilishni rejalashtirganmiz.
Suhbatni Youtube orqali to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.
Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi
Mavzuga oid
08:17 / 03.06.2026
Dunyoning eng gavjum temiryo‘l vokzallari reytingi e’lon qilindi
20:49 / 29.05.2026
Rossiya O‘zbekistonning 10 ta korxonasiga sabzavot va mevalarni olib kirishni taqiqladi
20:22 / 26.05.2026
«Toshkent – Samarqand» tezyurar avtomagistralida intellektual transport tizimi joriy etiladi
08:45 / 20.05.2026