O‘zbekiston | 21:50 / 29.04.2020
12544
2 daqiqa o‘qiladi

Karantin sababli faoliyati to‘xtagan 10 mingga yaqin korxonaning ishini qayta tiklash bo‘yicha qaror qabul qilindi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 aprel, chorshanba kuni, pandemiya davrida aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta'minlash va narx-navo barqarorligini saqlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

Prezident 20 apreldagi yig‘ilishda virusdan xoli tuman va shaharlarda karantin qoidalariga qat'iy amal qilgan holda korxonalar faoliyatini tiklash bo‘yicha topshiriq berilganini ta'kidlab o‘tdi.

«Bunda, yana bir bor takrorlayman, shoshilmasdan, puxta o‘ylab, karantin qoidalariga to‘liq amal qiladigan korxonalar ishini tiklash lozim», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu borada Namangan viloyatida faoliyatini to‘xtatgan yoki past quvvatda ishlayotgan 10 mingdan ziyod korxonadan 2854 tasining ishini tiklash bo‘yicha qaror qabul qilingan. Yana 851 tasining ishlashiga ruxsat berish masalasi o‘rganilmoqda.

Xorazm viloyatida 3350 ta ishlamayotgan korxonadan 448 tasining faoliyati tiklanadi, 409 tasi bo‘yicha o‘rganish o‘tkazilmoqda.

Jizzax viloyatida ish quvvatini pasaytirgan 6 mingdan ziyod korxonadan 534 tasining faoliyatini tiklash bo‘yicha qaror qabul qilingan, 332 tasiga ruxsat berish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Toshkent viloyatida ish hajmi keskin pasayib ketgan 14 mingta korxonadan 5399 tasining faoliyatini tiklash bo‘yicha qaror qabul qilingan, 2833 tasi bo‘yicha o‘rganish davom etmoqda.

«Bugun hokimlar va sektor rahbarlari o‘z hisobotida korxonalar faoliyatini tiklash bo‘yicha ishlarni qanday tashkil etgani va ularda karantin qoidalari to‘liq bajarilishini shaxsan kafolatlashi to‘g‘risida axborot berishi kerak», degan prezident.

Mavzuga oid