Jahon | 16:40 / 29.04.2020
3756
1 daqiqa o‘qiladi

Keniyada jahondagi eng yirik qochqinlar lageri koronavirus sababli izolyatsiya qilindi

Taqiq 217,5 ming qochqin yashaydigan Dadaab majmuasi va 196 mingdan ortiq qochqin yashaydigan Kakuma majmuasiga taalluqli.

Foto: AP Photo / Brian Inganga

Keniya ichki ishlar vaziri Fred Matiang koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sababli mamlakatda joylashgan jahondagi eng yirik qochqinlar lagerlari majmuasiga kirish-chiqishni taqiqladi.

BMTning qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi ma'lumot berishicha, taqiq 217,5 ming qochqin yashaydigan Dadaab majmuasi va 196 mingdan ortiq qochqin yashaydigan Kakuma majmuasiga taalluqli.

Avvalroq Keniya prezidenti Uxuru Keniata koronavirus tarqalishi sababli mamlakatda uch haftaga komendantlik soati joriy etgan, Keniyadagi to‘rtta hududga kirish-chiqishni taqiqlagandi. 13 martda mamlakatda koronavirusga chalinish bilan bog‘liq ilk holat qayd etilganidan keyin Keniya hukumati har qanday ommaviy tadbir o‘tkazilishini taqiqlagan.

Keniya sog‘liqni saqlash vazirligining ma'lumot berishicha, mamlakatda 374 kishi koronavirus yuqtirgan, 14 kishi vafot etgan, 124 kishi sog‘aygan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid