Zakot nima va u nima uchun farz qilingan?

Ramazon oyi kirib kelishi bilan zakot masalasi ham qimirlab qoladi. Ramazon – zakot oyi degan tushuncha bor. Zakot dinimizning besh asosiy ruknining uchinchisi hisoblanadi; Qur'onda, Hadisi sharifda va ulamolarning ijmosi bilan sobit bo‘lgan. Alloh Qur'onning 27 o‘rnida zakotni namozga barobar zikr qilgan. «Namoz o‘qing, namozni ado qiling va zakotni bering». Bundan ko‘rinadiki, namoz ibodati musulmon odamning hayotida qanchalik muhim bo‘lsa, zakot amali ham undan kam bo‘lmagan ahamiyatdagi amal hisoblanadi.

«Zakot» so‘zi lug‘atda 2 xil ma'noni bildiradi: poklash va o‘sish. Mana shu kalimalarni zakotga nisbatan ishlatadigan bo‘lsak, o‘rinli ma'no kelib chiqaveradi, ya'ni agar birinchi ma'noni qo‘llaydigan bo‘lsak, demak zakotda qanday poklanish bor deyilsa, zakot bergan odamning moli poklanadi. Haromdan, shubhadan yoki birovning haqidan xoli bo‘ldi, degani.

Ikkinchisi, o‘sish ma'nosi esa, albatta, zakot bergan odamning moliga Alloh baraka beradi, o‘stiradi. Bu – Alloh taoloning va'dasi, shariatning ko‘rsatmasi.

Uning joriy bo‘lish sababiga kelsak, Alloh dunyoni hikmat bilan, imtihon uchun yaratgan. Insonlarga ba'zan berib, ba'zan olib sinaydi. Aslida, olib sinalganda ham insonlar olinganini bildirishligi odob emas, chunki inson o‘zidagi bor imkoniyatini, quvvatini Alloh taolo o‘zida mujassam qilgan ne'matini ham his qila bilishi kerak. Odob har bir haqdan ustun turadi. Xalqimiz ilmdan ko‘ra odob ustun turadi, deydi. Shuning uchun Rasulimiz sollallohu alayhi va sallam: «Men odob-axloqni mukammal etishlik uchungina Payg‘ambar qilib yuborildim», - deya marhamat qilganlar.

To‘g‘ri, kambag‘alligini bildirishi yoki yo‘qligini bildirishi uning haqqidir, lekin odob yuzasidan hammaga ham bildirmay, maxfiyroq tutishi albatta o‘rinli bo‘ladi. Endi, mana shu ehtiyojmand insonlarning haqiga rioya qilish – zakotdagi asosiy ko‘zlangan hikmatdir.

Zakot bilan uzviy bog‘liq nisob tushunchasi nimani anglatadi?

Zakot turli mollardan beriladi. Masalan, chorva mollaridan yoki umumiy hisoblangan mulk hisobidan beriladi. Mulk hisoblangan mollarning nisobi bor, chorva hayvonlariniki ham.

Nisob – o‘lchov, oxirgi chegara deganidir. Agar mana shu chegaradan insonni moli-davlati o‘tsa, albatta, o‘sha odam boy hisoblanadi va ma'lum bir sharti bor.