Jahon | 08:38 / 01.05.2020
25542
5 daqiqa o‘qiladi

Rivojlangan davlatlarda tibbiy yordamga murojaatlar kamayib ketdi. Bu shifokorlarni xavotirga solmoqda

Ko‘plab rivojlangan davlatlarda odamlar koronavirus yuqtirib olishdan qo‘rqib, asosli sabablar bo‘lsa-da tibbiy yordamga murojaat qilishga shoshilishmayapti. Shuningdek, pandemiya davrida telemeditsina, masofadan turib davolash amaliyoti ommalashib bormoqda.

Foto: AFP/Getty Images

Ekspertlarning fikricha, koronavirus qo‘rquvi ba'zi boshqa bemorlarning tez tibbiy yordam xizmatidan foydalanmasdan uyda qolishlariga sabab bo‘lmoqda. Bu bilan ular o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yayotgan bo‘lishlari mumkin, deyiladi Jahon iqtisodiy forumi saytidagi maqolada.

Britaniya yurak kasalliklari tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, mamlakatdagi kasalxonalarga yurak xuruji bilan murojaat qiluvchi bemorlar ko‘rsatkichi mart boshidan beri teng yarmiga kamaygan: mart oyida boshida kuniga o‘rtacha 300 kishi ehtimoliy yurak xuruji simptomlari bilan tez yordamga murojaat qilgan bo‘lsa, mart oyi oxirida bu raqam 150 nafarga tushib qolgan.

Tashkilot yurak-qon tomir kasalliklari – zudlik bilan yordam ko‘rsatishni talab qiladigan kasallik sirasiga kirishini aytib, vaqtida shifokorga murojaat qilmaslik o‘lim xavfini oshirishidan ogohlantirgan.

Buyuk Britaniya Jamoat salomatligi shoshilinch yordam kuzatuv tizimi ham tez tibbiy yordam chaqiriqlari kamayganini ma'lum qilgan.

Tez tibbiy yordam so‘rab murojaat qiladigan bemorlar soni mart oyida avvalgi oyga solishtirganda uchdan birga, ya'ni 8 mingga kamaygan. Qayd etilishicha, murojaatlar kamayishi muayyan bir turdagi kasalliklar bilan bog‘liq emas. Bir vaqtning o‘zida ko‘plab turdagi xastaliklar, shu jumladan, yurak kasalliklari, astma va o‘tkir oshqozon-ichak yetishmovchiligi bezovta qiladigan bemorlar kamaygan.

Boshqa davlatlarda ham, masalan, Shimoliy Irlandiya, Ispaniya va AQShda ham yurak kasalliklari bemorlari soni va bu bo‘yicha murojaatlar keskin kamaygan.

Jumladan, AQShda ham yurak xuruji bo‘yicha tezkor murojaatlar hozirda kamida 50 foizga pasaygan. Bu haqda AQSh kardiologlari onlayn jamiyati ma'lum qilgan.

Bu mavzuga Yyel universitetining tibbiyot professori Harlan Krumholz o‘zining The New York Times nashrida e'lon qilingan  maqolasida kengroq urg‘u beradi.

«Normal vaqtlarda shifoxonamiz, odatda, kasallar bilan to‘lib ketardi. Ular ko‘chma divanlarda umumiy palatalarda joy bo‘shashini kutib yo‘laklarda ham turib qolishardi. Bundan oldin divanlar bo‘sh qolganini ko‘rmaganman», - deydi doktor.

Professor Krumholz ko‘targan mavzudan keyin tvitterda uning hamkasblari ham o‘z xavotirlarini oshkor qila boshlaydi: yurak kasalliklaridan tashqari, o‘tkir appenditsit va o‘t pufagi kasalliklari bilan murojaat qiluvchilar ham kamaygan.

Ko‘pgina davlatlarda pandemiya tibbiy xizmatga bo‘lgan talabni o‘zgartirib yubordi. COVID-19dan xavfsirab shifoxona yordamidan foydalanish istagida bo‘lgan bemorlar soni kamaygan bir paytda telemeditsinadan foydalanuvchilar oshib bormoqda. Ya'ni bemorlar masofadan turib davolanmoqda.

Bundan tashqari, ayrim tibbiy xizmatlar to‘xtatib qo‘yilgan. Masalan, Buyuk Britaniyada saraton kasalliklari uchun skrining va test xizmatlari vaqtincha to‘xtatildi. Buyuk Britaniya saraton kasalliklari tadqiqot markazi ma'lumotlariga ko‘ra, hozir taxminan 200 ming ichak, ko‘krak va bachadon bo‘yni saratoni uchun tekshiruvlar kechiktirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Buyuk Britaniyada karantin cheklovlari hali qat'iy tartibda davom etayotgan bo‘lsa-da, Yevropaning boshqa davlatlari – Fransiya, Italiya va Ispaniya biznesning ma'lum qismiga qayta ochilishga ruxsat berdi.

Shveytsariyada ham Federal kengash iqtisodning ma'lum qismlariga ish o‘rinlariga qaytishga ruxsat bergan. Bu yerda hozir shifoxonalar bemorlarga shoshilinch bo‘lmagan xizmatlarni ham ko‘rsatishi va ularni davolash uchun olib qolishlari mumkin. Lekin ijtimoiy masofa saqlash tamoyili dolzarbligicha qolmoqda.

Mavzuga oid