Inventive Retail Group prezidenti Tixon Smikov Harvard Business Review’dagi maqolasida, o‘z tajribasidan kelib chiqqan holda, shu haqda so‘z yuritadi.

– Bizning kompaniyamiz chakana savdo bilan shug‘ullanadi. Biz sotadigan mahsulotlar yirik xalqaro korporatsiyalar tomonidan ishlab chiqariladi. Do‘konlarimiz Rossiyaning aksariyat yirik shaharlaridagi eng yaxshi savdo markazlarida joylashgan.

Voqealar biz uchun shiddatli rivojlandi. Faoliyatimizning to‘xtatilishi avvaldan tushunarli edi, lekin Xitoydan yangiliklarni kuzata turib, biz so‘nggi soniyalargacha xitoycha ssenariy Rossiyani chetlab o‘tadi, degan irratsional umidda edik.

Yangiliklardan tashqari, mahsulotlarini Xitoy hududida ishlab chiqarmaydigan kompaniyalarning yetkazib berishida uzilishlar vujudga kelishi inqirozning darakchisi bo‘ldi. Chunki har qanday texnologik mahsulotning yetkazib berish zanjiri allaqachon global darajaga ko‘tarilgan.

O‘z-o‘zidan «ishlanmaydigan hafta»dan ikki hafta avval biz o‘zimiz uchun o‘sha paytda o‘zimizga stressli tuyulgan bir necha ssenariylarni tayyorlab qo‘ygan edik. Eng yomoni – chakana savdoni ikki oyga yopib, biznesning bir qismini elektron tijoratga o‘tkazish, keyinchalik normal hayotga tezgina qaytish edi.

Hozir, aprelning boshida tushunarli bo‘ldiki, biz aynan shu yo‘nalishda harakatlanmoqdamiz, lekin hammasi o‘ylaganimizdan-da yomonroq bo‘lishi mumkin: Xitoy va Janubiy Koreyada vaziyat qanday rivojlanayotganini ko‘rib, tezda o‘zimizni tiklab olishimizga ishonch yo‘qligini tushunib turibmiz.

Qiyin tanlov

Bugungi vaziyatning kompaniyamiz uchun eng murakkab jihati – asosiy hamkorlar oldidagi majburiyatlarni bajarishning texnik imkoniyati yo‘qligi bo‘ldi.

Tushum keskin kamaygan sharoitda oldingi darajada xarajat qilish imkonsiz: tovar qoldiqlari keragidan ortiqcha, ijaraga olingan maydonlarda savdo bo‘lmayapti, personalning katta qismi ishlamayapti, marketing va kommunikatsiyalar uchun shartnomalar ma'nosini yo‘qotgan.

Bundan tashqari, banklar va davlat oldida qarzlar bor. Ularni restrukturizatsiya qilish og‘ir yoki imkonsiz. Ushbu vaziyatda to‘lovlarning ustuvorligi haqida savol paydo bo‘lishi muqarrar, u huquqiy risklar va qabul qilinayotgan qarorlarning etik jihati o‘rtasida muvozanat topish bilan yechiladi.