15:12 / 05.05.2020
3673

Abdulaziz Komilov Yevropa ittifoqining oliy vakili bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi

YeI oliy vakili JSTga qo‘shilish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan ko‘rilayotgan choralarni qo‘llab quvvatladi.

Abdulaziz Komilov va Jozep Borrel

2020 yil 4 may kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Yevropa ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevropa ittifoqi komissiyasi vitse-prezidenti Jozep Borrel o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi.

TIV xabariga ko‘ra, suhbat chog‘ida siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli sheriklikni faollashtirish va kengaytirishga tomonlar katta ahamiyat berishlari ta'kidlandi.

Mintaqada mushtaraklik va barqaror rivojlanish bo‘yicha «Yevropa ittifoqi - Markaziy Osiyo» vazirlar konferensiyasining jadvali yuzasidan fikr almashildi.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim loyihasi bo‘yicha muzokaralar jarayonining yaqin orada yakunlanishiga va uning oliy darajadagi uchrashuv chog‘ida qabul qilinishiga ishonch bildirdilar. 

YeI oliy vakili JSTga qo‘shilish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan ko‘rilayotgan choralarni qo‘llab quvvatladi.

Muzokarada ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni yanada rivojlantirishga alohida e'tibor qaratildi. Ushbu sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirish, xususan, iqtisodiy va innovatsion rivojlanishdan manfaatdorlik izhor etildi, bu yo‘nalish koronavirus bilan bog‘liq hozirgi sharoitda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Shu o‘rinda, Yevropa ittifoqining oliy vakili ta'kidlaganidek, O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar Yevropa biznesi va investitsiyalarining keng jalb etish uchun imkoniyatlar ochadi.

Jozep Borrel mamlakat rahbariyati tomonidan koronavirus tarqalishini cheklash va pandemiyaning salbiy oqibatlariga qarshi olib borilayotgan milliy va mintaqaviy miqyosdagi choralarni yuqori baholadi.

Muzokaralarda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi, deyiladi xabarda. 

Top