Jahon | 22:30 / 05.05.2020
29172
2 daqiqa o‘qiladi

Putin Kim Chen Inni medal bilan taqdirladi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘z farmoni bilan Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inni Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 75 yilligiga atalgan yubiley medal bilan taqdirladi.

Foto: CNN

Bu haqda Rossiyaning Shimoliy Koreyadagi elchixonasi Facebook’dagi sahifasida ma'lum qildi.

Ta'kidlanishicha, Kim Chen In “1941-1945 yillardagi Ulug‘ Vatan urushidagi G‘alabaning 75 yilligi” medali bilan Shimoliy Koreya hududida halok bo‘lgan va dafn etilgan sobiq ittifoq fuqarolarining xotirasini abadiylashtirishga qo‘shgan hissasi va sobiq ittifoq jangchilari ko‘milgan joylar va ularga o‘rnatilgan yodgorliklar muhofazasida ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlik uchun taqdirlangan.

Rossiya elchixonasi

Ta'kidlanishicha, medalni Rossiyaning Shimoliy Koreyadagi elchisi Aleksandr Matsegora Shimoliy Koreya tashqi ishlar vaziri Li Son Gvonga topshirgan.

Kim Chen Inning Rossiyaga ilk tashrifi 2019 yil aprelida bo‘lib o‘tgandi. Tashrif vaqtida Vladimir Putin Kim Chen In bilan Vladivostokda uchrashgan. O‘shanda ikki yetakchi matbuot uchun yopiq rejimda 2 soatdan ko‘proq suhbatlashgan. 

Oxirgi kunlarda Kim Chen In omma oldida ko‘rinmay qo‘ygandan keyin uning sog‘lig‘i yomonlashgani va hattoki vafot etgan bo‘lishi mumkinligi haqida mish-mishlar paydo bo‘lgandi. Biroq 1 may kuni uning Sunchxon shahrida o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi zavod ochilishida ishtirok etgani suratlari paydo bo‘lgan. Suratlarda u sog‘lom va quvnoq ko‘rinishda bo‘lgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid