O‘zbekiston | 14:21 / 07.05.2020
17606
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda sartaroshxona va taksilar faoliyati tiklangani haqidagi xabar rad etildi

Andijon hokimligi viloyatda yo‘lovchi tashishga ruxsat berilgani, go‘zallik saloni hamda mehmonxonalar faoliyati tiklangani haqidagi xabarni rad etdi.

4 may kuni Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati viloyat hokimi o‘tkazilgan yig‘ilish davomida bir qancha sohalar faoliyat yuritishiga ruxsat bergani haqida ma'lumot tarqatgan edi.

Mazkur xabarga asoslangan holda Kun.uz saytida ham Andijonda yo‘lovchi tashishga ruxsat berilib, go‘zallik saloni hamda mehmonxonalar faoliyati tiklangani haqida xabar berildi.

5 may kuni esa viloyat hokimligi matbuot xizmati 4 may kuni berilgan ma'lumotga rasmiy munosabat bildirdi.

«Andijon viloyati hokimligi tomonidan maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari - sartaroshxonalar, mehmonxonalar va taksilar faoliyatini tiklash jarayonlariga bosqichma-bosqich tayyorgarlik ko‘rish nazarda tutilgani hamda Respublika bo‘ylab maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, sartaroshxonalar, mehmonxonalar va taksilar faoliyatini to‘liq yo‘lga qo‘yish Respublika maxsus komissiyasi qaroriga asosan amalga oshirilishini ma'lum qilamiz», deyiladi xabarda.

Ma'lumki, «qizil» toifadagi hududlarda yuqorida ko‘rsatilgan sohalarning faoliyati man qilingan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, viloyat hududida so‘nggi marta 2 may kuni koronavirusdan zararlanish holati qayd etilgan.

Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, so‘nggi 14 kun ichida koronavirus infeksiyasiga chalingan shaxslar aniqlangan hududlar – «qizil» toifadagi hududga kiradi. Andijon viloyatida ham «qizil» toifaga muvofiq cheklovlar saqlanib qoladi.

Ayni paytda Andijondan tashqari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Toshkent, Buxoro va Sirdaryo viloyatlari «qizil» toifadagi hududlar hisoblanadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid