Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
FVV: Shaxsiy tarkibning Qozog‘istonda ofat oqibatlarini bartaraf etish ishlari taxminan 10 kun davom etadi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati rahbari Murod Sodiqov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Sardoba suv ombori o‘pirilishining qo‘shni Qozog‘istondagi oqibatlarini bartaraf etish ishlari to‘g‘risida ma'lumot berdi.
– Qozog‘iston respublikasi Turkiston viloyati Maqtaral rayoniga Favqulodda vaziyatlar vaziri, prezident maslahatchisi Tursinxon Xudoybergenov boshchiligida 320 kishidan iborat shaxsiy tarkib va 300 dan ortiq maxsus texnika jo‘natildi.
Transchegaraviy xarakterdagi bu favqulodda holatni bartaraf qilish ishlari Qozog‘iston respublikasining tegishli vazirlik va tashkilotlari bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda.
Dastlabki vazifa aholi punktlaridagi suvni qochirish ishlari bo‘lib, xodimlarimiz tomonidan sutkasiga bir necha 10 ming tonnalab suv tortib chiqarilyapti. Aholi punktlaridagi suv qochirilganidan so‘ng keyingi bosqich – nobud bo‘lgan jonivorlarni ko‘mish va hududni to‘liq dezinfeksiyalash amalga oshiriladi.
Shaxsiy tarkibning qo‘shni davlatda xizmat olib borish muddati taxminan 10 kun davom etadi. Aniq muddat bu transchegaraviy favqulodda holat oqibatlarini bartaraf qilish ishlari tugashi bilan bog‘liq, – dedi M. Sodiqov.