FVV Sirdaryoda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida hisobot berdi
Suv toshqini oqibatida Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlarining jami 32 381 gektar maydonlari talafot ko‘rgan.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida "Sardoba" suv ombori bilan yuz bergan falokat tafsilotlariga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tmoqda.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati rahbari Murod Sodiqovning ma'lum qilishicha, suv toshqini oqibatida Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlarining jami 32 381 gektar maydonlari talafot ko‘rgan.
“Toshqin suvlari ushbu tumanlarning 10ta mahalla fuqarolar yig‘ini, 23ta aholi punkti, hududlardagi 4711ta turar va 277ta noturar joy obektlariga hamda 30 718 gektar ekin maydonlariga zarar yetkazgan.
Yuzaga kelgan favqulodda vaziyatning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha respublika hukumat komissiyasi tuzilib, zarur bo‘lgan barcha choralar amalga oshirilmoqda. Mazkur tadbirlarni muvofiqlashtirish vazifasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi zimmasiga yuklatilgan. Sirdaryo viloyatining suv bosgan hududlarida favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha tadbirlar jadallashtirilmoqda. Hozirgi kunga qadar Favqulodda vaziyatlar, Mudofaa va Ichki ishlar vazirliklari, Milliy gvardiya tomonidan 17 ming nafarga yaqin shaxsiy tarkib, 2500dan ortiq texnika, 300ga yaqin motopompa yordamida toshqin oqibatlarini bartaraf etish ishlari davom etmoqda.
Sardoba tumanining Do‘stlik, Qo‘rg‘ontepa, Yurtdosh aholi punktlarida jami 743 bosh, Oqoltin tumanining Shodlik, Ahillik, Saxovat aholi punktlarida 551 bosh, Mirzaobod tumanining Haqiqat, Mirzacho‘l va Navbahor aholi punktlarida 1330 bosh nobud bo‘lgan hayvonlarning jasadi ko‘mish yo‘li bilan zararsizlantirildi.
Talafot ko‘rgan hududlarda hamda viloyat bo‘yicha 12 485ta turar joylarda, 748ta savdo shoxobchalarida, 304ta ma'muriy binolarda, 31ta bozorda, 540ta ko‘chalarda jami 2 milliondan ortiq kvadrat metr maydonda dezinfeksiya tadbirlari o‘tkazildi. Ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida talafot ko‘rgan tumanlardan 37 nafar ishchi xodimlar va 81ta texnika yordamida 6086 tonna chiqindi va 13 620 tonna toshqin suvlari chiqarib olindi.
Shu bilan birga, Sardoba suv omboridan suv toshishi oqibatida talafot yetgan avtomobil yo‘llari, elektr va gaz tarmoqlarida ta'mirlash-tiklash ishlari olib borilmoqda. A-373 avtomobil yo‘lining 4-13 kilometrida avtomobil yo‘lida to‘planib qolgan suvlarni chiqarish, yo‘lning 7-8 kilometri oralig‘ida shikastlangan qatnov qismini ta'mirlash, 4R-18 avtomobil yo‘lining PK-500 kilometrida yo‘llarni tozalash, 4R-33 avtomobil yo‘lining 29-30 kilometri oralig‘ida tuproq to‘kilib, tekislash ishlari amalga oshirildi.
Mobil kompaniyalar tomonidan tumanlardagi aloqa tarmoqlariga qarashli 14ta baza stansiyalarining faoliyati tiklandi. Toshqindan talafot ko‘rgan jami 2455ta kadastr hujjatlarining nusxalari tayyorlandi”, - dedi Murod Sodiqov.
"Sardoba" suv ombori bilan yuz bergan falokat tafsilotlariga bag‘ishlangan brifingPosted by Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi on Friday, May 8, 2020
Mavzuga oid
10:46 / 15.11.2024
Qoidabuzarlik qilgan FVV avtomobili haydovchisi jarimaga tortildi
19:07 / 12.11.2024
FVV avtomobili vazirlik binosiga kirishda qo‘pol qoidabuzarlik qildi
15:57 / 07.11.2024
Is gazi qanday qilib insonlar o‘limiga sabab bo‘ladi? FVV mas’uli izoh berdi
20:33 / 14.10.2024