O‘zbekiston | 12:15 / 08.05.2020
10325
4 daqiqa o‘qiladi

Pensiya oluvchilarga bank kartasini yetkazib berishdagi kechikishlarga izoh berildi

Pensiya va nafaqa oluvchilarga bank kartalarini yetkazib berishda kechikishlar kuzatilmoqda. Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi va AT Xalq banki qo‘shma murojaat bilan chiqdi.

Bildirilishicha, O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishi oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi va Koronavirusning tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini muvofiqlashtirish va xavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha maxsus shtabining qo‘shma yig‘ilishi bayoniga asosan, mamlakatda epidemiologik holat barqarorlashgunga qadar may oyidan pensiya va nafaqalarni to‘liqligicha bank kartalariga o‘tkazish orqali amalga oshirish chorasini ko‘rish bo‘yicha qaror qabul qilingan. Mazkur qarordagi ushbu vazifalar Pensiya jamg‘armasi va AT Xalq banki zimmasiga yuklatilgan.

Joriy yilning may oyidan boshlab Toshkent shahri, Nukus shahri hamda viloyatlar markazlarida istiqomat qiluvchi pensiya va nafaqa oluvchilarga AT Xalq banki tomonidan bank kartalari to‘liq ochildi. Pensiya jamg‘armasi tomonidan pensiya va nafaqalar uchun 1,4 trln. so‘m miqdoridagi mablag‘lar to‘liq moliyalashtirib berilgani aytiladi.

“Bir vaqtning o‘zida 480 mingdan ortiq pensiya va nafaqalarni bank kartalariga yuklanishi AT Xalq bankining elektron axborot tizimida yuqori darajada yuklama keltirishiga sabab bo‘ldi. Ya'ni, Pensiya jamg‘armasi tomonidan har bir pensiya va nafaqa oluvchi to‘g‘risida yuborilgan fayllar Xalq banki serverlari bazasidagi fuqarolarga ochilgan karta ma'lumotlari bilan avtomatik tarzda solishtirilib, tasdiqlangandan so‘nggina pensiya va nafaqa mablag‘lari tegishli bank kartalariga o‘tkazildi.

Qolaversa, 2020 yil may oyining dastlabki kunlari dam olish kunlariga to‘g‘ri kelganligi bois pensiya pullari 4 may sanasidan boshlab bank kartalariga yuklanishi boshlandi”, - deyiladi qo‘shma murojaatda.

Pensiya va nafaqa oluvchi barcha fuqarolarga bank kartalari fuqarolarning yashash manzillariga AT Xalq bankining sayyor kassalari tomonidan oldingi pensiya tarqatish grafigi bo‘yicha yetkazib berilishi bildirilgan.

Mazkur bank kartalaridan fuqarolarning xohishiga ko‘ra sterillangan mablag‘lar naqdlashtirib beriladi.

Bunda bugungi kunga qadar fuqarolarga yetkazib berilgan bank kartalaridan ham mazkur grafikda belgilangan sanalarda naqdlashtirish imkoniyati bo‘ladi.

Pensionerlarning bank kartalaridan mablag‘larni naqdlashtirish uchun hech qanday haq olinmaydi.

Qayd etilishicha, bank kartalarini fuqarolarning yashash manzillariga yetkazilishi holati o‘rganilganda, ba'zi tuman bo‘limlarida, pensiya va nafaqa oluvchilarga bank kartalarini tarqatishda fuqarolarning bir joyga to‘planish holatlari kuzatilmoqda.

“Muhimi shuki, bank kartalari har bir pensioner va nafaqa oluvchining xonadoniga yetkazib berilishi ta'minlanadi.

Hurmatli pensiya va nafaqa oluvchilar! Pensiya jamg‘armasi va AT “Xalq banki” yuqorida keltirilgan vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr so‘raydi”, - deyiladi ma'lumotda.

Pensiya to‘lovlarini yetkazish bilan bog‘liq savollaringiz bo‘lsa, AT Xalq bankining 1106 hamda Pensiya jamg‘armasining 1140 “ishonch telefoni” orqali murojaat qilish mumkinligi ta'kidlangan.

Mavzuga oid